Oʻzbekiston harbiylari arqon tortishda tengsiz ekanini isbotladi

10:21 16 Sentyabr 2019 Jamiyat
225 0

“Markaz – 2019” strategik qoʻmondonlik-shtab oʻquvi doirasida oʻquv-amaliy mashqlarni bajarish maqsadida harbiy xizmatchilarimiz Rossiya mudofaa vazirligidan jangovar va harbiy texnika hamda oʻq otish qurollarini vaqtinchalik qabul qilib oldi. Vaqtinchalik foydalanishga olingan qurol-aslaha va texnikalarga kunlik texnik xizmat koʻrsatib kelinyapti. Barcha texnikalarga Oʻzbekiston bayrogʻi oʻrnatildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Harbiy xizmatchilarimiz taktik harakatlarni amalga oshirish, sinov mashgʻulotlarida ishtirok etish bilan bir qatorda oʻzlarining jismoniy tayyorgarligini ham oshirib bormoqda. Erta tongdan olib borilayotgan jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlari hamyurtlarimizni oʻtkazilishi rejalashtirilgan harbiy mashgʻulotlarga har tomonlama toblamoqda.

Taʼkidlash kerakki, “Donguz” poligoni joylashgan hudud yurtimiz iqlimiga ancha yaqin ekan. Vaqt mezoni ham bir xil. Shu bois bu yerda boʻlib turgan harbiylarimiz hech qanday noqulayliklarga duch kelmayapti.

Harbiy xizmatchilarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, xorij mamlakat armiyalari bilan oʻzaro doʻstlik aloqalarini mustahkamlash uchun oʻquv mashgʻulotlari doirasida bir qator sport turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazildi.

Mini-futbol boʻyicha oʻtkazilgan musobaqada hamyurtlarimiz mezbonlardan keyin ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Tosh koʻtarishda toʻrtinchi pogʻonani band etgan yurtdoshlarimiz, arqon tortishda peshqadam boʻldi. Finalda musobaqaning eng kuchli jamoasi deya eʼtirof etilgan rossiyalik harbiylar bilan duch kelgan vakillarimiz kuchli iroda va gʻalabaga boʻlgan qatʼiy ishonch tufayli qoʻli baland keldi.

Shuningdek, “Donguz” poligonida Oʻzbekiston madaniyati kuni bayrami nishonlandi. Oʻquvlarda ishtirok etayotgan harbiy xizmatchilar tomonidan tashkil etilgan milliy ashula va raqslardan iborat konsert dasturi yigʻilganlarni davraga chorladi. Dala oshxonasi ham shu kuni oʻzining haqiqiy qudratini namoyon etdi. Oʻchoqchda pishgan milliy taomimiz – osh hammaning tilida boʻldi. “Oʻzbeklardek oshni hech kim pishira olmaydida aslida”, – deyishdi ishtirokchilar.

Bugun, 15-sentyabr kuni “Markaz – 2019” oʻquv mashgʻulotining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. Unda ishtirok etayotgan harbiy kontingentlar hamda harbiy texnikalar marsh bilan oʻtishadi.

Eslatib oʻtamiz, “Markaz – 2019” oʻquv mashgʻuloti doirasida Rossiyada boʻlib oʻtadigan amaliy harakatlar bilan bir vaqtda Namangan viloyatida joylashgan “Gʻurumsaroy” poligonida Oʻzbekiston va Tojikiston harbiy boʻlinmalari tomonidan shartli ravishda janubiy sarhadlarga suqulib kirgan terrorchi guruhlarga qarshi hamkorlikdagi oʻquv mashgʻuloti ham oʻtkaziladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?