O’zbekiston — Gruziya: Hamkorlikning yangi ufqlari

12:08 12 Mart 2018 Siyosat
370 0

O’zbekiston va Gruziya xalqlari o’rtasida azaldan do’stlik hamda o’zaro hurmat qaror topgan. Ularning o’xshash jihatlari ham ko’p. Odamlari mehnatsevar, tarixi buyuk, zamini go’zal va betakror. Purviqor tog’laru so’lim tabiat, shifobaxsh suvlaru unumdor tuproqlar, chin ma’noda, ikki xalqqa tuhfa etilgan in’omdir.
Yurtimizning vohadan vodiygacha uzangan tog’lariyu to’rt fasl mujassam tabiati qanchalik mashhur bo’lsa, Gruziyaning so’lim manzaralaridan tortib, Borjomi vodiysining shifobaxsh suvlari ham shunchalik dongdordir.
Taniqli yozuvchi Chingiz Aytmatov o’zbek xalqini o’z xalqidek e’zozlab, yuksaklarga ko’targan bo’lsa, asarlarida chin vatanparvarlik hamda mardlikni tarannum qilish uchun gruzin millati vakillarini qahramon etib tanlagani bejiz emas, albatta.
Bugun o’zbek va gruzin xalqlari o’rtasida ham iqtisodiy, ham madaniy aloqalar tobora rivojlanib, taraqqiy topib bormoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yilda o’zining AQShga tashrifi doirasida Gruziya Bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili bilan uchrashib, o’zaro hamkorlik yuzasidan muloqot o’tkazgani fikrimiz dalilidir.
Ma’lumki, Gruziya O’zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni xorijiy mamlakatlarning bozorlariga olib chiqish uchun muhim tranzit davlat hisoblanadi. Shu bois O’zbekiston Gruziyaga avtomobillar, to’qimachilik hamda elektr texnikasi jihozlari eksport qilish bilan birga, Gruziya yo’llari orqali jahon bozoriga chiqishdan manfaatdor.
Joriy yilning 22-23 fevral kunlari O’zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi mutasaddilaridan iborat ishchi guruhi Tbilisida bir qator vazirliklar, idora va kompaniyalar vakillari bilan uchrashdi. Tashrif mobaynida temir yo’l sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqaro transport koridorlaridan samarali foydalanish hamda ikki davlat temir yo’llari orqali tranzit yuklarini tashish hajmini ko’paytirish bo’yicha kelishuvlarga erishildi. Ushbu muzokaralarning eng muhim natijalaridan biri sifatida Gruziya tomonidan barcha turdagi o’zbek mahsulotlarining tashib o’tilishi uchun 50 foiz chegirma taqdim etilganini ta’kidlash o’rinli.
Zaminimizda etishtirilayotgan limon ko’chati 1932 yilda aynan Gruziya mamlakatidan olib kelingani va tajribali bog’bonlarimiz tomonidan iqlimimizga moslashtirilgani ham bugun ko’pchilikka ayon bo’lsa kerak. Shu bilan birga, Samarqand viloyatining bir nechta hududida Gruziya noklari, Gretsiya olxo’ri hamda shaftolisi, Hindistonning danaksiz anorigacha payvandlash usulida ko’paytirilayotgani ham ayni haqiqat.
Shu o’rinda yana bir gap. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan sohibkor, Davlat mukofoti sohibi, faxriy akademik Rizamat ota Musamuhamedov o’zining hayoti va faoliyati davomida uzumning o’nlab navlarini yaratdi, tokni yashartirish usulini joriy qildi. O’zbekistonning deyarli barcha hududi hamda qo’shni davlatlarning bir qator tumanlarida, hatto Gruziya va Armanistonda ham minglab gektar erlarda namunaviy tokzor hamda bog’lar yaratishga bosh bo’lgani har qanday kishida faxr hissini uyg’otadi. O’zbek bog’bonining uzum etishtirish usullari bugungi kunda ham o’nlab xorijiy mamlakatlarda e’tirof etilib, amaliyotga kiritilmoqda.
Ikki davlat o’rtasidagi hamkorlik nafaqat qishloq xo’jaligi, balki adabiyot va san’at yo’nalishida ham muhim o’rin tutadi, desak, to’g’ri bo’ladi. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi hamda Korneliy Kekelidze nomidagi Gruziya Milliy qo’lyozmalar markazi o’rtasida o’zaro hamkorlik memorandumining imzolanishi kutubxona va fond ishini yanada takomillashtirish, tajriba almashish, milliy merosni o’rganishga xizmat qiladi. E’tiborli jihati, bu uchrashuvda O’zbekiston Milliy kutubxonasiga ulug’ mutafakkir Alisher Navoiyning Gruziya Milliy qo’lyozmalar markazida saqlanayotgan qo’lyozmalaridan fotonusxalar taqdim etildi.
O’zbekistonda har yili Gruziya madaniyati kunlari o’tkazilib, unda ushbu millatning kino, tasviriy san’at hamda boshqa ko’plab sohalardagi yangiliklari yurtdoshlarimizga havola qilib kelinadi.
O’zbek adabiyoti kabi gruzin adabiyoti ham boy va qadimiy tarixga ega. Gruzin yozuvchilaridan I. Chavchavadze, G. Mdivani, S. Chikovani, I. Abashidze hamda boshqa ijodkorlarning poetik va dramatik asarlari M. Shayxzoda, Uyg’un, Mirtemir, R. Bobojon tarjimalarida o’zbek kitobxonlari qalbiga yo’l topdi. Gruziyada ham Oybek, Abdulla Qahhor, Sharof Rashidovning povest hamda romanlari, o’afur o’ulom, Uyg’un, Zulfiya, Mirtemir, Asqad Muxtor, Mirmuhsin, Hamid o’ulom kabi shoiru adiblarning poetik asarlari tarjima qilinib, nashr ettirilgani quvonarli holdir.
Umuman, ikki xalqning ham buyuk tarixini, millatlar o’rtasidagi samimiy munosabatlarni bog’lab turadigan uzviy rishtalar borki, ular yillar davomida rivojlanib, shakllanib boraveradi.
Orif NIG’MATOV,
«O’zbekiston — Gruziya» do’stlik jamiyati a’zosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?