O‘zbekiston GM global platformasidagi deyarli barcha avtomobillarni o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘ldi 

10:09 11 May 2018 Iqtisodiyot
754 0

Asakadagi “GM Uzbekistan” avtomobil zavodi ishlab chiqarish jarayonlariga sifatni integratsiya qilingaligini belgilab beruvchi BIQ-III (Built-In Quality) sertifikatini qo‘lga kiritdi. 

Bu so‘nggi uch yil davomida avtozavodda texnologik uskunalarni tubdan yangilash va modernizatsiyalash, boshqaruvga yangi tizim va instrumentlarni joriy qilish, xodimlarni GM kompaniyasining Janubiy Koreya, Xitoy, Tailand, Hindistonda joylashgan zavodlarida malakasini oshirish bo‘yicha olib borilgan keng qamrovli tadbirlar natijasidir. 

“GM Uzbekistan” AJ Jamoatchilik bilan ishlash xizmatidan ma’lum qilishicha, tekshiruv “General Motors” korporatsiyasining Janubiy Koreya, Xitoy, AQSh va Hindistondagi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilib, sertifikat “General Motors International” tashkilotining auditi natijasiga binoan topshirildi. 

Aytish joizki, ushbu sertifikatni qo‘lga kiritish uchun korxona faoliyati 44 ta ko‘rsatkich bo‘yicha talablarga to‘la javob berish shart. O‘rganishlar Asakadagi avtomobil zavodi ushbu standartlarga 100 foiz mos ekanligini ko‘rsatdi (minimal daraja — 95,5 foiz).

Tabiiy savol tug‘iladi: bu 8 mingdan ortiq kishi mehnat qilayotgan zavod jamoasiga nima beradi? 

Sertifikat topshirish marosimida ishtirok etgan “GM International” kompaniyasi vitse-prezidenti Fil Kinlining izohlashicha, ishlab chiqarish jarayoniga sifat darajalarini belgilab beruvchi uchinchi darajaning berilishi korxonaga GM global platformasidagi deyarli barcha avtomobillarni o‘zlashtirish imkonini beradi. Zero, zavodga joriy etilgan GMS global ishlab chiqarish tizimi xavfsizlik va sifatning yuqori standartlari yagonaligini ta’minlash, ishlab chiqarishga eng so‘nggi texnologiyalarni tatbiq qilishda qo‘l keladi.

Said RAHMONOV.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?