Oʻzbekiston gilosi ilk bor Tumanli Albion rastalarida paydo boʻldi

15:42 27 May 2019 Jamiyat
369 0

Oʻtgan hafta, toʻgʻrirogʻi 25-may kuni London rastalari, jumladan, shahardagi mashhur Gʻarbiy xalqaro bozori(Western International Market)ga Namangan viloyatidan sarxil giloslar yetkazib berildi. Bu Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya savdo aloqalari tarixida ilk voqeadir, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Dunyoning turli mamlakatlaridan sarxil meva-sabzavot mahsulotlarini sotishga ixtisoslashtirilgan “Western International Market” Londondagi eng yirik ulgurji bozorlardan hisoblanadi.

Serquyosh diyorimizda yetishtirilgan gilosning ilk partiyasini oʻz yurtiga import qilgan Tumanli Albiondagi “AKS Services Group” kompaniyasi bosh direktori Vais Kais mazkur kunni tarixiy deb atadi.

“Bugun — tarixiy kun. Oʻzbek gilosining ilk partiyasi britan bozoriga olib kelindi. Oʻzbekiston — betakror mamlakat va biz bir necha oy oldin oʻzbek meva-sabzavot mahsulotlarini Buyuk Britaniya bozorlariga yetkazib berishni boshlashga qaror qilgan edik”, - dedi u.

Angliyalik tadbirkor Oʻzbekistonning koʻplab hududlari, jumladan, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani va Namangan viloyatiga tashrif buyurganini ham taʼkidlab oʻtdi.

Uning soʻzlariga koʻra, kompaniya Britaniyada import uchun qoʻyiladigan barcha talablar, jumladan, sertifikatlash va standartlash tartib-taomillari, sanitar va fitosanitar nazoratidan oʻtgan. Vais Kais sinov natijasiga koʻra oʻzbek gilosi aʼlo darajadagi taʼm sifatiga ega ekanligi yana bir bor oʻz tasdigʻini topganini taʼkidlar ekan, mahsulot kalibrovka(oʻlcham), saralash va qadoqlash boʻyicha ham barcha meʼyorlarga toʻgʻri kelganini bildirgan.

“Birinchi yetkazib kelish sinov uchun edi va endi bizda kelajak uchun katta maqsadlar paydo boʻldi. Oʻzbekistondan meva-sabzavot mahsulotlari hajmi hamda turini koʻpaytirishni moʻljallayapmiz, - dedi V.Kais”.

AKS Services Group texnik direktori Karim Merchand ham oʻtkazilgan barcha laboratoriya testlarida oʻzbek gilosi sifati tasdiqlaganiga urgʻu berdi.

Kompaniya vakillari yaqin vaqt ichida Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridan piyoz, bodring, anor, hurmo, quruq mevalar kabi mavsumiy neʼmatlarni ham import qilishni rejashtirmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?