O‘zbekiston Germaniyaga 300 tonna muzqaymoq yetkazib beradi

12:18 14 Iyun 2018 Iqtisodiyot
369 0

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimiz va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy masalalarni muhokama qilish maqsadida Bryusselga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida delegatsiyamiz “O‘zbekiston - YEI” hamkorlik qo‘mitasining 15-majlisi, O‘zbekiston va YEI o‘rtasidagi iqtisodiyot, savdo va investitsiya bo‘yicha yordamchi qo‘mitaning 13-majlisida ishtiroki etdi, Belgiya va Niderlandiya ishbilarmonlik doiralari vakillari bilan uchrashdi. Bu haqida vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Majlislarda keng ko‘lamdagi hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilar ekan, O‘zbekiston tomoni yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalar, inson huquqlarini himoya qilish va qulay investitsiyaviy hamda biznes muhiti yaratish sohasida ro‘y berayotgan yangilanishlar haqida ham batafsil ma’lumot berdi.

Xususan,“O‘zbekiston - YEI” hamkorlik qo‘mitasining 15-majlisini Jamishd Xo‘jayev bilan birga Yevropa tashqi faoliyat xizmatlarining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori o‘rinbosari Lyuk Devin olib bordi.

“Biz O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan liberallashuv va demokratlashuv jarayonlarini olqishlaymiz, - dedi Lyuk Devin. – O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda tarixiy palla boshlandi. YEI O‘zbekistonda ro‘y berayotgan va butun Markaziy Osiyoni jadal o‘zgarishiga olib kelayotgan jadal yangilanishlarni katta qiziqish bilan kuzatib kelayapti. Yevroittifoqning oliy vakili F.Mogerini oxirgi yilda O‘zbekistonga ikki bor tashrif buyurgani ham mamlakatga e’tibor oshgani va ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga jiddiy kirishilganidan darak beradi”.

Lyuk Devin o‘zaro hamkorlikka xalaqit berib kelgan ko‘plab muammolar bartaraf etilganini olqishladi.

Birinchidan, uzoq vaqt davomida Yevropa biznesini tashvishga solib kelgan valyutani konvertatsiya qilish masalasi hal etildi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston JSTga kirish jarayonini qayta boshladi. Bu xorijlik investorlar va savdo kompaniyalari uchun muhim ishoradir. Zero, Jahon savdo tashkiloti xalqaro savdoni muvofiqlashtiruvchi global platforma hisoblanadi.

Uchinchidan, O‘zbekiston hukumati mintaqada va undan tashqarida ham transport-kommunikatsiya aloqalarini ravnaq toptirish, bojxona va logistika bilan bog‘liq to‘siqlarni bartaraf etishga katta ahamiyat qaratayotir

Ayni chog‘da YEI mamlakatda boshlangan soliq islohotini ham qo‘llab-quvvatlaydi va sohani kompleks isloh etish soliq yig‘ish tizimini bir xillashtirish, alohida kompaniyalar uchun asossiz imtiyoz berish amaliyotidan voz kechish, umuman, davlat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi deb hisoblaydi.

O‘zbekiston va YEI o‘rtasidagi iqtisodiyot, savdo va investitsiya bo‘yicha yordamchi qo‘mitaning 13-majlisida ham o‘zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik masalasi, texnika va energetika jabhasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Yevropa tomoni O‘zbekistonda tashqi savdo sohasida ro‘yobga chiqarilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Xususan, tashqi savdo operatsiyalari va hujjat almashish jarayonlarini raqamlashtirish yo‘li bilan bojxona tartib-taomillari shaffofligini oshirish muhim ekanligi ta’kidlandi.

Yevropa tashqi faoliyat xizmatlari bo‘lim boshlig‘i Filippe van Amersfort ham Shavkat Mirziyoyev tomonidan valyutani tartibga solish va iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, unda davlat ishtirokini kamaytirish, O‘zbekistonning chet ellik investorlar uchun jozibadorligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan siyosatni yuksak baholadi.

Yevropa tomoni O‘zbekistondan YEI davlatlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun ko‘maklashishga tayyor ekanligini bildirdi. Xususan, Yevroittifoqidagi oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga oid qonunchilik talablariga muvofiq tarzda oziq-ovqat mahsulotlarini sertifikatsiya qilish tizimini rivojlantirishga yordam berish taklif etildi. Mezbon ekspertlarning baholashicha, O‘zbekistonda Yevropada tan olinadigan oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligi nazorati tizimining yaratilishi o‘zbek mahsulotlarini yevrobozorlarga eksport qilish uchun keng imkoniyatlar ochadi.

O‘z navbatida O‘zbekiston Asosiy preferensiyalar tizimlari doirasida YEIning bir tomonlama tarif imtiyozlarini olishi yo‘lida qolgan ikkita xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qilish va samarali joriy etish, milliy qonunchilik va amaliyotni JST normalariga muvofiqlashtirishga ham texnik ko‘mak ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Bunda mamlakatimiz YEIning sanitar va fitosanitar me’yorlar, savdodagi texnik cheklovlar, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash, intellektual mulk huquqlari kabi jabhalardagi tajribasini qabul qilishi muhimligi aytib o‘tildi.

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, ushbu davlat bilan savdo-iqtisodiy va transport-tranzit aloqalarni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligi ta’kidlandi.

Ayni chog‘da O‘zbekistonning mintaqadagi iqtisodiy o‘zgarishlar va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashdagi manfaatlari inobatga olingan holda istiqbolda YEIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangilangan Strategiyasi ishlab chiqiladi.

Safar chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan savdo-iqtisodiy masalalar va O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi. Unda Yevropa tashqi faoliyat xizmatlari mutasaddilari, BЕNILYUKS mamlakatlari ishbilarmonlari, OAV, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Unda barcha qatnashchilarga yurtimizda davlat rahbari tomonidan barcha sohalar qatori sotsial-iqtisodiy tarmoqlarda olib borilayotgan yangilanishlar haqida ma’lumot berilar ekan, Yevropa hamjamiyati O‘zbekistonda savdo va investitsiya sohalarida yaratilayotgan imkoniyatlardan faol foydalanishga chaqirildi.

Yevropaning Osiyo tadqiqotlari instituti direktori A.Gyotalsning aytishicha, jadal islohotlar va yaratilayotgan erkin iqtisodiy zonalar tufayli O‘zbekiston mintaqaning siyosiy va savdo-iqtisodiy xabiga aylanmoqda. Yangi transport-kommunikatsiya tashabbuslari mintaqadagi barcha davlatlar, xususan, Afg‘onistonni ham tashqi dunyoga olib chiqyapti. Bir vaqtning o‘zida yangi savdo kelishuvlari mamlakatni asosiy xorij iqtisodiyotlari bilan bog‘lamoqda. Binobarin, YEI O‘zbekistonning to‘rtinchi eng yirik savdo sherigiga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi ayni paytda O‘zbekistonda umumiy byudjeti 103 million yevro bo‘lgan 25 ta loyihani amalga oshiryapti. Jumladan, qiymati 69,38 million yevrolik 15 ta milliy loyihada iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish, ta’lim, suv resurslarini boshqarish, qishloq hududlarini rivojlantirish, ishbilarmonlik, menejment, turizm, chiqindilarini boshqarish kabi jabhalar qamrab olingan. Qiymati 33,58 million yevro bo‘lgan mintaqaviy loyihalar esa ta’lim(Erazmus+), biznes va turizm taraqqiyoti, transport logistikasi, chegaralarni boshqarish(BOMKA), narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi(KADAP), xavfsizlik va boshqalarni o‘z ichiga oladi.

YEIning respublikaga ko‘mak berish bo‘yicha 2014-2020 yillarga mo‘ljallangan amaldagi milliy dasturining umumiy byudjeti 168 million yevroga teng. Shundan 46 million yevrodan ziyodi ayni paytda “Suv resurslarini barqaror boshqarish”(20 million yevro), “Meva-sabzavot sektorini rivojlantirish”(bog‘dorchilik, 21,5 million yevro), “Paxtachilik sektorini rivojlantirish”(5 million yevro) loyihalari doirasida o‘zlashtirilmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Belgiya, Niderlandiya va Germaniya ishbilarmonlik doiralari vakillari bilan uchrashdi.

Jumladan, golland kompaniyalarining klaster tizimini qo‘llagan holda bog‘dorchilikni rivojlantirish bo‘yicha ish tajribasini ko‘rib chiqish maqsadida Amsterdamda mamlakat Iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va innovatsiyalar vazirligi rahbariyati, Gollandiya ishlab chiqaruvchilar uyushmasi(DPA), Fresh Produce Centre uyushmasi, World Horti Center bilim va innovatsiyalar markazi kabi tashkilotlar rahbarlari bilan muloqot o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, ular dunyoda qishloq xo‘jaligi klasterlarini rivojlantirish sohasida yetakchi o‘rinlarni egallaydi.

Masalan, DPA 1997 yilda meva va sabzavot yetishtiruvchilar manfaatlarini milliy va Yevropa bozorlarida taqdim etish maqsadida tuzilgan. Niderlandiyadagi 14 ta yirik qishloq xo‘jaligi kompaniyalarini o‘zida birlashtirgan mazkur uyushma mahalliy fermerlar tomonidan ishlab chiqariladigan meva, sabzavot va qo‘ziqorinlar marketingini muvofiqlashtirib boradi.

Fresh Produce Centre uyushmasi ham mahalliy meva-sabzavot yetishtiruvchilar manfaatlarini ichki va tashqi bozorda ilgari suradi. Unga a’zo biznes tuzilmalarning umumiy ishlab chiqarish hajmi yiliga 3,3 mlrd. yevroni tashkil etadi va 152 ta davlatga har yili 9,5 milliard yevrolik mahsulot eksport qilishi barobarida 120 ta mamlakatdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eng yirik importchilari ham hisoblanadi. Bu boradagi yillik ko‘rsatkich 6 mlrd. yevrodan oshadi.

World Horti Center esa issiqxona bog‘dorchiligi sohasidagi bilim va innovatsiyalarning global markazi bo‘lib, sohada ishlovchi barcha uchun ta’lim, tadqiqot va taqdimot xizmatlarini ko‘rsatib keladi.

Binobarin, muzokaralarda agroklasterlar tuzish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga innovatsion uslublarni tatbiq etish, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib chiqish maqsadida Gollandiyaning transport logistikasi, sanitar va fitosanitar chora-tadbirlari borasidagi ilg‘or ishlanmalaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ikki davlatning sohaga ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz vakillari Germaniyadagi mashhur Mix Market supermarketlar tarmog‘ining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatli vakili Viktor Pauls bilan ham uchrashishdi.

Ma’lumot uchun, Mix Marketning Germaniyada 165dan ziyod, undan tashqari Yevropa bo‘yicha 125 ta savdo do‘konlari mavjud.

Gap shundaki, Viktor Pauls rahbarlik qiladigan Luga-Nova GmbH kompaniyasi Mix Market savdo tarmoqlari bilan kelishuvga ega bo‘lib, u O‘zbekiston mahsulotlari(quruq mevalar, konservalangan palov, qovunlar, giloslar)ni olmon brendi do‘konlariga yetkazib beradi. Ayni paytda 300 tonna miqdordagi o‘zbek muzqaymoqlarini Germaniyaga import qilish masalasi ko‘rib chiqilyapti.

Tashrif davomida Flamand investitsiya va savdo agentligi(FISA) ijrochi direktori Kler Tillekayerts bilan ham samimiy suhbat qurildi. Mazkur agentlikka Belgiyadagi Flandriya mintaqasida asos solingan bo‘lib, u xalqaro iqtisodiy siyosatda katta rol o‘ynaydi. FISA 37 mingta savdo kompaniyasini o‘zida birlashtirgan bo‘lib, dunyo bo‘ylab 70dan ortiq mintaqaviy vakolatxonalari mavjud. Ayni paytda Belgiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aylanmasining 80 foizi aynan flamand kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ular mashinasozlik, farmsevtika, kimyo sanoati, to‘qimachilik, jumladan, gilamdo‘zlik, qurilish, axborot texnologiyalarini o‘z ichiga olgan xizmatlar ko‘rsatish sohalarida faoliyat ko‘rsatib keladi. O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida FISA shu oyda Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochmoqchi.

Shular qatorida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Yevropa savdo-sanoat palatalari uyushmasi (EUROCHAMBRES) direktori Arnaldo Abruzzini va Niderlandiyaning Golden Leaf kompaniyasi rahbari Turijalayem Ahmadi bilan ham o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvlar yakunida joriy yilda Yevropa kompaniyalari vakillarini O‘zbekistonga tashrif buyurishini tashkil etishga kelishib olindi. Shu asosda kelgusida birgalikda amalga oshirish uchun aniq pilot loyihalar belgilab olinadi.

S.MAXSUMOV TAYYORLADI.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?