Germaniyaning innovatsion tajribasi: Olmon ilmiy tashkilotlari

16:05 21 Sentyabr 2020 Jamiyat
210 0

Innovatsion rivojlanish vazirligida Germaniya bilan ilmiy hamkorlikka bagʻishlangan “Germaniyaning innovatsion tajribasi: Olmon ilmiy tashkilotlari” mavzusida xalqaro konferensiya onlayn tarzda oʻtkazildi. Konferensiyani Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Olimjon Toʻychiyev va Innovatsion rivojlanish vazirining Yuqori martabali maslahatchisi Karsten Xayns ochib berdilar. Ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, moliyalashtirish, grant tizimining Germaniya tajribasini oʻrganish Oʻzbekiston akademik jamoalari uchun muhim ekanligini inobatga olgan holda konferensiyaga oliy taʼlim muassasalari prorektorlari va ilmiy tadqiqot muassasalari rahbarlari va rahbar oʻrinbosarlari taklif etildi.

Konferensiyada Aleksandr fon Gumboltd jamgʻarmasi eksperti professor Klaus Manderlar, Olmon ilmiy-tadqiqot jamiyati xodimi professor Yoyern Axterberg va Akademik almashinuv boʻyicha Germaniya xizmati lektori Simon Krechmer maʼruzalari bilan qatnashdi.

Konferensiya avvalida innovatsion rivojlanish vazirining Yuqori martabali maslahatchisi Karsten Xayns Germaniyada ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish tizimi haqida gapirib berdi. Bunda Germaniyada ilmiy tadqiqot markazlari davlat buyurtmasiga asosan emas, balki oʻzlari dolzarb deb topgan mavzularda tadqiqot olib borishlariga alohida urgʻu berildi. Oʻz navbatida tadqiqotlarga sarflanadigan xarajatlarning taxminan 58 foizi Federal byudjetdan qoplansa, qolgan 42 foizi hududiy byudjet xarajatlari hisobidan amalga oshiriladi.

Aleksandr fon Gumboltd jamgʻarmasi eksperti professor Klaus Manderlar oʻzi faoliyat yuritayotgan jamgʻarma haqida soʻz yuritarkan, tashqi madaniy-taʼlim doirasida xorijlik olimlarni qoʻllab-quvvatlanishi siyosati ham fikrlarini bildirib, Germaniyada ilgʻor tadqiqotlar baynalmilalchilik orqali amalga oshirilishini aytdi. Aynan shu jamgʻarma loyihalarni emas, balki insonlarning oʻzini, ularning iqtidorini birinchi oʻringa qoʻyadi. Ilmiy hamkorlik orqali rivojlanish yuzaga keladi. Bunda ilm-fanni rivojlantirishning uchta moliyaviy tayanchidan foydalaniladi, bular: tadqiqotlar uchun stipendiya berilishi, tadqiqotlarni mukofotlash va oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini moliyalashtirish.

Shunday qilib, Aleksandr fon Gumboldt jamgʻarmasi oʻz dasturlari bilan germaniyalik va xorijlik buyuk tadqiqotchilarni qoʻllaydi. Ariza topshirilganida faqatgina olimning avvalgi akademik yutuqlari va malakasi inobatga olinadi. Davlatlar boʻyicha ham, alohida fan yoʻnalishlari boʻyicha ham hech qanday kvotalar belgilanmagan. Jamgʻarma ilmiy muvaffaqiyat qozonish uchun insonning iqtidorigina muhim ahamiyatga ega deb hisoblaydi. Shuning uchun ham loyihalar emas, inson omili muhim sanaladi. Mana shunday yoʻsinda tanlab olingan olimlar oʻz loyihalarini amalga oshirishda butkul erkinlikka ega boʻladilar. Bu nomzodlarning qabul qiluvchi tashkilotni oʻzlari tanlashlaridan boshlanib, jamgʻarma tomonidan hech bir koʻrsatmalarsiz oʻz tadqiqotlarini amalga oshiradilar.

Akademik karyerasini endi qurishni boshlagan tadqiqotchilar Gumboldt yoki Georg Forster stipendiyalaridan foydalanib, 6-24 oy mobaynida Germaniyada tahsil olishlari mumkin. Bu stipendiyalarni olish uchun tabiiy fanlar yoʻnalishidagi nomzodlarga nemis tilini bilish talabi qoʻyilmaydi. Agar akademik malakalar yetarli deb topilsa, ingliz tilining oʻzi kifoya boʻladi. Biroq ijtimoiy –gumanitar yoʻnalishdagi tadqiqotchilarning nemis tilini bilishi majburiydir. Bu stipendiyalarga kamida dotsent yoki tadqiqotchilar guruhi rahbari boʻlib ishlayotgan , xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalari bilan tanilgan olimlar oʻz nomzodlarini topshirishlari koʻzda tutilgan.

Akademik almashinuv boʻyicha Germaniya xizmati (DAAD – Deutscher Akademischer Austauschdienst) lektori Simon Krechmer xalqaro ilmiy almashinuv iqtidorli insonlar oʻz imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanishlari mumkin boʻlgan joyda oʻqishlari, dars berishlari va tadqiqotlar olib borishlari lozimligini taʼminlashi haqida oʻz fikrlarini bildirdi. “Globallashuv davrida innovatsion yechimlarning kaliti xalqaro tajriba almashinuvidadir, – dedi S. Krechmer. – Biz kelajakda yuzaga kelishi mumkin muammolarga tayyor turishimiz lozim. Xalqaro ilm-fan tizimi Germanining rivoji uchun muhim. Siyosiy qarorlarni ilmiy asoslangan holda qabul qilinishi mahalliy, milliy va xalqaro iqtisodiy-ijtimoiy ekotizimning barqaror rivojlanishiga olib keladi”.

Iqlimning global isishi, biologik turlarning yoʻqolib ketishi, qochoqlar va migrantlar muammolari, qashshoqlik va epidemiyalar barchamizga tegishli muammolar. Shu bois ham global tizimli ilm-fan hamkorlikda oʻz yechimlarni topishi darkor. Xalqaro hamkorlik, xususan, ilm-fandagi hamkorlik dunyoda mavjud tengsizlikka barham beradi, nizolarning oldini oladi, krizislardan chiqishga koʻmaklashadi. Hozirda DAAD rivojlanayotgan mamlakatlardagi universitetlarda ham faoliyat yuritishga harakat qilmoqda oʻz navbatida Germaniya universitetlarining boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikdagi loyihalarini qoʻllab quvvatlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Germaniya Taʼlim va tadqiqotlar federal vazirligi (BMBF) hamkorlikdagi eʼlon qilingan Oʻzbekiston–Germaniya xalqaro ilmiy loyihalar tanlovi 1-noyabrga qadar davom etadi. Ushbu tanlovda ishtirok etish istagida boʻlgan oʻzbekistonlik va germaniyalik olimlar uchun loyihani amalga oshirish boʻyicha hamkor topishga koʻmaklashuvchi maxsus sayt yaratildi. Saytga quyidagi havola orqali kirish mumkin: http://uzb-ger.mininnovation.uz/

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?