O‘zbekiston fuqarolarida uchta pasport bo‘ladimi? IIV vakili javob berdi

18:03 13 Avgust 2018 Jamiyat
906 0
Illyustrativ foto

Fuqarolarning identifikatsion kartasi (ID-karta) bosqichma-bosqich ravishda hozir amalda bo‘lgan biometrik pasport o‘rnini egallaydi. Bu haqda IIV migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasi vakili Bahodir Usmonov Yoshlar telekanaliga bergan intervyusi vaqtida ma’lum qildi.

Oldinroq tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekistonda bir yo‘la uchta shaxsni tasdiqlovchi hujjat amaldagi milliy biometrik pasport, xorijga chiqish uchun mo‘ljallangan pasport va ID-karta bo‘lishi ma’lum qilingandi. Biroq IIV vakili bu xabarlarni inkor qilib chiqdi.

“ID-karta — bu fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjat bo‘lib, u hozir amalda bo‘lgan biometrik pasport o‘rniga joriy etiladi. Fuqaroda bir vaqtning o‘zida ID-karta va pasport bo‘lishi mumkin emas”, — degan u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ID-karta joriy yilning noyabr oyidan boshlab Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy etila boshlanadi. Shundan so‘ng mazkur jarayon bosqichma-bosqich ravishda O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham qo‘llaniladi va u hozir amalda bo‘lgan biometrik pasport o‘rnini egallaydi.

Nega hozir amalda bo‘lgan biometrik pasportni bir yo‘la xorijga chiqish uchun pasportga almashtirilmayotgani borasida berilgan savolga Bahodir Usmonov ichki va tashqi pasportni ro‘yxatga olish tartib farqlanishi bilan izohlagan.

“Agar 16 yoshga to‘lgan fuqaro majburiy tartibda fuqarolik pasportini olishi shart bo‘lsa, chetga chiqish uchun kerak bo‘lgan pasport faqat zarurat tug‘ilgandagina olinadi. Bu ikki xizmatni amalga oshirish reglamenti bir-biridan farq qiladi”, — deya ta’kidlagan Usmonov.

Ma’lumot uchun, muhokamaga qo‘yilgan Prezident qaroriga muvofiq, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonda xorijga chiqish uchun 2 yillik muddatga beriladigan stiker (xalq tilida OVIR)bekor qilinishi va 10 yil muddatga beriladigan xorij pasporti joriy etilishi ko‘zda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?