Oʻzbekiston florasida mavjud dorivor oʻsimliklardan qay darajada foydalaniladi?

18:10 21 May 2019 Jamiyat
260 0

Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida Sogʻliqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan “Farmatsevtika tarmogʻini yanada rivojlantirish, dori vositalari, tibbiy texnika va buyumlar ishlab chiqarish hajmi hamda turlarini kengaytirish borasida belgilangan chora-tadbirlar hamda ularning ijrosi” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda bugungi kunda respublikamizda faoliyat yuritayotgan 162 ta korxonadan 90 tasi dori vositalari, 61 tasi tibbiy buyum va 11 tasi dori vositasi va tibbiy buyumlar ishlab chiqarilayotgani taʼkidlab oʻtildi. Unga koʻra, ishlab chiqarilayotgan 2500 dan ortiq dori vositalari va 199 tibbiyot buyumlari amaliyotda qoʻllashga ruhsat etilib, davlat roʻyxatiga olingan. 19 ta farmatsevtika korxonalarining 100 ga yaqin turdagi mahsulotlari xalqaro farmatsevtika bozoriga, shu jumladan, AQSH,Fransiya, Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlari va MDHga eksport qilinmoqda. Anjumanda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan Oʻzbekiston Davlat farmakopeyasi ishlab chiqish yuzasidan ham ish olib borilayotgani aytib oʻtildi.

Shu bilan bir qatorda, yurtimizda oʻsadigan dorivor oʻsimliklardan dori vositalari tayyorlashga qaratilgan eʼtibor alohida eʼtirof etildi. Mamlakatimiz florasi 4500 turdagi oʻsimliklardan iborat boʻlib, 577 turdagi dorivor oʻsimliklardan 100 turi tibbiyot fanida qoʻllaniladi. Roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalaridan 382 tasi oʻsimlik xomashyosi hisoblanadi. Dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini rivojlantirish maqsadida 11450 ga yer maydoniga dorivor oʻsimliklar ekilgan va va ularning qayta ishlash boʻyicha oʻndan ortiq korxonalar ishga tushirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?