O‘zbekiston FIDE prezidentligi saylovlari uchun Kirsan Ilyumjinov nomzodini ilgari surdi, shaxmat federatsiyasiga yangi rais saylandi

18:02 04 Iyun 2018 Sport
314 0
Foto: olympic.uz

Bugun, 4 iyun kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi tashkil qilindi. Unda Butunjahon shaxmat federatsiyasi rahbari Kirsan Ilyumjinov, Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi. 

Yig‘ilishni O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov olib bordi. Konferensiya kun tartibi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga yangi rais saylab olish, shuningdek, shu yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidentligi saylovi uchun Kirsan Ilyumjinov nomzodini ilgari surishdan iborat edi.

Birinchi masala yuzasidan mamlakatimizda sportning ushbu turini yanada rivojlantirish maqsadida federatsiya raisi lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha va boshqaruv Milliy agentligi direktori Dmitriy Romanovich Li nomzodi ilgari surildi. Konferensiya ishtirokchilari bir ovozdan D.Li nomzodini qo‘llab-quvvatladilar. Shu tariqa, Dmitriy Li O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining yangi raisi etib saylandi.

"Bildirilayotgan ishonch uchun rahmat aytaman. O‘zbekistonda shaxmatga oid Prezident qarori bor. O‘zbek shaxmatini qo‘llab-quvvatlash, yordam berish uchun barcha chorani amalga oshiraman. Shaxmat insonning intelektual, mantiqiy fikrlashini rivojlantiradi", - dedi Dmitriy Li.

Shundan so‘ng, Butunjahon shaxmat federatsiyasi va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi nizomiga binoan, shu yil Batumida bo‘lib o‘tadigan FIDE prezidentlik saylovi uchun O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi nomidan 1995 yildan beri ushbu tashkilotga rahbarlik qilib kelayotgan, yetti marotaba FIDE prezidentligi lavozimiga qayta saylangan Kirsan Ilyumjinov nomzodini ilgari surish masalasi ko‘rildi. Konferensiya qatnashchilari bir ovozdan Kirsan Nikolayevich Ilyumjinov nomzodini FIDE prezidentligi uchun nomzod sifatida qayd etishdi. 

"Toshkent men uchun qadrli shahar. Bu yerga o‘z uyimga kelgandek kelaman. O‘zbekistonga ilk marotaba 1978 yilda Spartakiada vaqtida kelgandim. Bugungi kunda FIDE jahonning eng yirik sport tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Federatsiyaga 188 mamlakat a’zo. 1995 yilda shaxmat sport turi sifatida tan olinmagandi. 1999 yilga kelib shaxmat Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan sport turi sifatida rasman tan olingan. Ayni paytda jahon bo‘ylab 600 milliondan ortiq inson shaxmat o‘ynaydi. Maqsadim 2020 yilgacha ushbu ko‘rsatkichni 1 milliardga yetkazish. Bu yerdan Rustam Qosimjonov, Nodirbek Abdusattorov kabi grossmeysterlar yetishib chiqqan. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi eng faol federatsiyalardan biri hisoblanadi. Dmitriy Li bilan birga o‘zbek shaxmatidagi kamchiliklar bartaraf etilishiga, sport turi yangi bosqichga olib chiqilishiga ishonchim komil", - dedi Kirsan Ilyumjinov.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?