Oʻzbekiston Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashining dehqonlar va tomorqa yer egalariga murojaati

06:22 28 Fevral 2019 Jamiyat
448 0

Illyustrativ foto

Aziz mirishkor dehqonlar va tomorqa yer egalari!

Ulkan oʻzgarishlar, olamshumul yangilanishlar davrida yashamoqdamiz. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqimiz hayot darajasini, turmush farovonligini oshirish borasida uzoqni koʻzlab olib borilayotgan islohotlar samarasidan koʻnglimiz togʻdek yuksalmoqda, qalblarimiz gʻururga toʻlmoqda.

Yurtimizning barcha hududida mehnatidan baraka topayotgan tajribali dehqonlar koʻpchilikni tashkil etadi. Tomorqa — har bir oilaning bamisoli xazina manbai, moʻjaz goʻshasi. Ayni vaqtda mamlakatimizda 4,5 milliondan ortiq dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari 445 ming gektardan ziyod ekin maydonida mehnat qilmoqda.

Serhosil yerimiz, daromad olishga tomorqamiz bor ekan, doimo undan unumli foydalanish, xonadonlarimizni obod, yashash sharoitimizni namunali tarzga keltirish payidan boʻlaylik. Bu kabi tartib-taomil asosida ulgʻaygan farzandlarimiz ham yaxshi yashashga intilib, oʻz kelajagi uchun astoydil harakat qiladi.

Dehqonchilikda bahorning bir kuni yilga tatiydi. Koʻpni koʻrgan, tajribali dehqonlarimiz fasllar almashayotgan, tabiat uygʻonayotgan ushbu betakror pallada qanday yumushlarni bajarish zarurligini juda yaxshi biladi. Ob-havo, iqlim injiqliklari bilan kurashaverib pishgan dehqonlarimiz ayni kunlarda har bir daqiqani gʻanimat bilib, undan unumli foydalanadi. Barcha tomorqa yer egasi sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va mevalar yetishtirib, oila ehtiyojidan ortganini bozorga chiqarish orqali qoʻshimcha daromad topishga harakat qiladi.

Bugungi kunda dehqonlarimiz va tomorqa yer egalarining oldida turgan birinchi galdagi vazifa oʻz hovlisi, tomorqalarini tartibga keltirish, yerga urugʻ qadashga tayyorgarlik koʻrishdir. Buning uchun hovli, ekin ekiladigan maydonlarning ariqlari xas-xashaklardan tozalanishi, mevali daraxtlarning taglari yumshatilishi, turli zararkunandalardan himoya qilish maqsadida ularning tanasi oqlanishi kerak. Chunki hozir mevali daraxtlarga ham turli zararkunandalarga qarshi ishlov berishning ayni vaqti. Bu ishlar amalga oshirilsa, hovlilar, xonadonlar obod boʻladi. Zero, obod mahalla obod xonadonlardan tashkil topadi.

Ikkinchidan, har bir tomorqa egasi tezda yerni ekishga tayyorlashi, kuzda shudgorlanmay qolgan yer boʻlsa, tezda agʻdarib, tekislab, mahalliy oʻgʻitga boyitib, ertagi sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari urugʻini qadashga taxt qilib qoʻyishi, plyonka ostiga ekiladigan ekinlarni esa kechiktirmasdan ekishi zarur.

Uchinchidan, har bir xonadon egasiga bir oy davomida tomorqasining har bir sotixi hisobiga oʻrtacha 1 tupdan, bir tomorqada oʻrtacha 10 tup hududga mos boʻlgan serdaromad va hosildor mevali daraxt koʻchatini ekishi tavsiya etiladi.

Toʻrtinchidan, har bir dehqon tomorqa qoʻshimcha daromad manbai ekanini doimo yodda saqlagan holda, mavjud ekin maydonlaridan uch martagacha hosil olish uchun astoydil harakat qilishi, bu yerda har bir xonadonda 1-2 sotixli ixcham issiqxona qurish orqali ilgʻor dehqonlar tajriba maktabini oʻzlashtirishi zarur.

Beshinchidan, har bir xonadon egasining imkoniyati va layoqatiga qarab, 100 ta tovuq, 20 ta kurka, 10 ta qoʻy yoki echki, 2-3 quti asalari uyasi, tuyaqush va boshqa chorva mollarini boqish ham oila daromadini koʻpaytirishga xizmat qiladi.

Hurmatli mahalladoshlar!

Shuni alohida qayd etish joizki, qishloq xoʻjaligidagi islohotlardan koʻzlangan maqsad — iqtisodiy foyda koʻrish bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, xalq farovonligini oshirishdan iboratdir. Shu sababli 25 fevraldan mamlakatimizda dehqonchilik boʻyicha dolzarb oylik, deb eʼlon qilindi. Bu oylikni har bir hududning oʻziga xos xususiyatini hisobga olib, koʻpni koʻrgan, dehqonchilikda suyagi qotgan nuroniylarimiz oʻz mahoratlarini yoshlarga yetkazishi uchun tajriba maktabi oyligi, deb anglagan holda ishlarni tashkil qilsak, barcha uchun foydadan xoli boʻlmaydi. Bunda mahallalardagi ariq, zovurlarni tozalash, daraxtlarni oqlash kabi ishlarda mahalla faollari rahbarligida bir yoqadan bosh chiqarib, faol ishtirok etaylik. Xonadonma-xonadon yurib, mahallada kam taʼminlangan oilalarning oʻz tomorqalarida dehqonchilik bilan shugʻullanib, oʻzlarini tiklab olishiga baholi qudrat yordam beraylik. Mahalla millatimizning hamjihatligini mustahkamlaydigan, oʻzaro tajriba almashishni taʼminlaydigan noyob institut ekani mana shunday xayrli ishlarni tashkil etishda yaqqol namoyon boʻladi-da!

Xalqimizda “Yerni boqsang — yer ham seni boqadi”, degan purmaʼno hikmat bor. Zamin halollik, eʼtiborni talab qiladi. Kim uni aldayman, desa, elni, oʻzini aldagan boʻladi. Qolaversa, Paygʻambarimiz (s.a.v.)ning “Kishining oʻz qoʻli bilan qilgan mehnati hamda har qanday shubhali va xiyonatdan xoli boʻlgan savdo”, degan hadislariga amal qilib, fidoyi mehnat qilib, halol yoʻl bilan rizq-roʻz topishimiz kerak!

Aziz mirishkor dehqonlar va tomorqa yer egalari!

Tomorqadan daromad olish maʼqulmi yoki uch karra soliq toʻlashmi?

— Yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqa qismida asossiz ravishda qishloq xoʻjaligi ekinlari ekmagan yoki uni obodonlashtirmagan yer egalariga nisbatan belgilangan yer soligʻi stavkasining uch barobar oshirilgan miqdori qoʻllaniladi;

— dehqon xoʻjaligi yuritish uchun uy-joy qurish huquqisiz berilgan yer uchastkalarida qishloq xoʻjaligi ekinlari ekmaganlarning unga boʻlgan egalik huquqi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi;

— ekin yerlaridan maqsadli va samarali foydalanib, ekin turlarini toʻliq ekkan, agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida, sifatli bajargan, yiliga kamida ikki yoki uch marta yuqori hosil olgan hamda tomorqani obodonlashtirgan, chorva mollari va parrandalarning bosh sonini saqlagan va koʻpaytirishga erishgan tomorqa yer egasiga yer soligʻi stavkasini pasaytiruvchi soliq imtiyozlari qoʻllaniladi.

Mamlakatimizda “Ilgʻor fermer”, “Mehnatkash dehqon” va “Namunali tomorqachi” kabi koʻkrak nishonlarining taʼsis etilishi ham dehqonlarimiz mehnatiga boʻlgan eʼtiborning yorqin dalilidir. Bu — xalqimizning dasturxonini obod, turmushini farovon qilish bilan shugʻullanayotgan, yaratuvchanlikka umrini, mehrini bagʻishlagan azamat dehqonlarimiz uchun munosib eʼtirofdir.

Darvoqe, sizning oʻz tomorqangizda bandligingiz kelajakda pensiya taʼminoti boʻyicha ish staji boʻlib hisoblanishi uchun ham ajoyib imkoniyat yaratilgan. Buning uchun dehqon xoʻjaligi va 4 sotixdan kam boʻlmagan tomorqa yerida band boʻlgan yoki ushbu uchastkada qoramol yoxud 50 tadan kam boʻlmagan parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga yiliga eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida sugʻurta badali toʻlagan taqdirda, sugʻurta badali toʻlangan yil mehnat stajiga kiritiladi.

Shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish, urugʻliklar, koʻchatlar va sugʻorish vositalari xarid qilish uchun “Tomorqa xizmati” MCHJ, aholi bandligiga koʻmaklashish markazi hamda tomorqa yer egalari oʻrtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida eng kam oylik ish haqining 3 barobaridan 10 barobarigacha boʻlgan miqdorda subsidiyalar beriladi.

Har bir tumanda tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” MCHJlar hududdagi tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, bunda, tuproq-iqlim sharoiti va suv bilan taʼminlanganlik holatidan kelib chiqib, qaysi turdagi ekinlarni ekish, parvarishlash, mahsulotni yigʻib olish va uni sotish boʻyicha amaliy yordamlar koʻrsatadi.

Shuningdek, Kengash huzurida bir qator xizmatlar tashkil etilgan. Xususan, “Qishloq biznesi uchun maslahat xizmati” unitar korxonasi konsalting xizmatlari koʻrsatsa, Agro axborot innovatsiya markazi fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalariga xorijiy davlatlarning qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilgʻor tajribalarini joriy qilish boʻyicha tavsiyalar beradi. Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi esa sizlarga uch yil muddatga, shu jumladan, 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 2 foizlik bank marjasini hisobga olgan holda yillik 7 foiz stavkada kreditlar beradi.

Shijoatli, olijanob fermerlar!

Sizlarni tomorqangizda oilangiz ehtiyoji uchun mahsulot yetishtirish bilan birga, xoʻjaligingiz ishchilariga oʻz tomorqasida dehqonchilik qilishlari uchun ham koʻmak berishga chaqiramiz. Sizning bu borada koʻrsatgan gʻamxoʻrligingiz ularning kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshadi. Unutmang, fermer xoʻjaligi ishchilariga koʻrsatilgan bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik siz kuzda oladigan moʻl hosilga mustahkam poydevor vazifasini oʻtaydi.

Aziz yurtdoshlar, tomorqalarimizda sabzavot va poliz mahsulotlari, sarxil mevalar yetishtirib, xalqimiz dasturxonining toʻkin, hayotining farovonligini taʼminlash yoʻlidagi imkoniyatlarimizdan samarali foydalanaylik!

Oʻzbekiston Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi,

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?