Oʻzbekiston — Falastin: ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda yangi imkoniyatlar

18:21 04 Mart 2020 Siyosat
103 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Falastin Davlatining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammad Tarshaxaniy bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi Dilorom Fayziyeva mehmonlarga Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, parlament faoliyati, shuningdek, ayni kunlarda Prezidentimiz Farmoni bilan tasdiqlangan “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi haqida maʼlumot berdi.

— Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan siyosat taʼlim, madaniyat, iqtisodiyot va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda, — deydi Falastin Davlatining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammad Tarshaxaniy. — Ikki mamlakatning oʻzaro manfaatli aloqalarini rivojlantirish uchun munosabatlarni mustahkamlash zarur. Bizning tadbirkorlarimiz savdo boʻyicha oʻzbekistonlik ishbilarmonlar bilan birga hamkorlikda ishlash, Oʻzbekistonga investitsiya kiritish boʻyicha mamlakatdagi mavjud qonunchilik bazasi bilan tanishmoqda. Misol uchun, Samarqand viloyatida yoʻllar, koʻpriklar va boshqa obyekt loyihalarini amalga oshiruvchi qurilish kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Taʼlim sohasi haqida gapiradigan boʻlsak, Falastin va Oʻzbekiston oliy taʼlimi vazirliklari oʻrtasida istiqbolda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalarda, shuningdek, oʻzaro manfaatli boshqa yoʻnalishlarda oʻzaro foydali hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Ziyoda ASHUROVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?