Oʻzbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qoʻshiladimi?

11:54 07 Oktyabr 2019 Jamiyat
312 0

Shu yilning 1 — 3-oktyabr kunlari Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlgani haqida xabar bergan edik.

Uchrashuvlar davomida oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan qanday muzokaralar olib borildi? Parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qanday kelishuvlarga erishildi? Oʻzbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qoʻshilish masalasi qanday hal etilmoqda?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashrif yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida ana shu savollarga javob izlandi.

Qayd etilganidek, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenkoning Oʻzbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni hamda parlamentlararo muloqotni yanada faollashtirish hamkorlikni chuqurlashtirish yoʻlida muhim qadam boʻldi.

— Ikki tomon, yaʼni ham Rossiya, ham Oʻzbekiston bu tashrifga juda yuqori baho berdi, — deydi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev. — Bu oʻzaro strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim qadam boʻldi. Qolaversa, ushbu uchrashuvlar parlamentlararo munosabatlarni ham faollashtiradi. Ikkala tomon ham bu yoʻnalishda oʻzaro tajriba almashishdan manfaatdor. Mintaqaviy aloqalar ham muhim oʻrin tutmoqda. Misol uchun, joriy yilning oʻzida 30 ta oʻzaro mintaqalararo toʻgʻridan-toʻgʻri tashrif amalga oshirilgan. Bu savdo-sotiq sohasida, madaniy diplomatiya, taʼlim, sogʻliqni saqlash borasidagi aloqalarni yanada kuchaytiryapti. Muzokaralar judayam mazmunli kechdi va yakunda bir qator hujjatlar imzolandi. Ularning ijrosi har ikki mamlakat uchun gʻoyat muhim va foydali.

Oʻzbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII)ga qoʻshilishi masalasi hamda ijtimoiy tarmoqlardagi munosabatlarga qarata shuni aytishim mumkinki, Oʻzbekiston YEOIIga kirish imkoniyatlarini oʻrganishni bugun yoki kecha emas, aksincha, uch yil avval boshlagan. Qolaversa, ushbu masalada tashqaridan hech qanday bosim ham yoʻq. Bugungi kunda Oʻzbekiston tomoni ushbu tashkilotga qoʻshilish imkoniyatlarini chuqur tahlil qilgan holda koʻrib chiqmoqda, YEOIIning barcha mamlakati bilan maslahatlashuvlar olib borilyapti. Hozircha bu borada hech qanday qaror yoʻq.

Shuningdek, anjumanda Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlari MDH Parlamentlararo Assambleyasi va Parlamentlararo Ittifoqi kabi xalqaro va mintaqaviy parlament tashkilotlari doirasida hamkorlik ishlarini kuchaytirishi haqida kelishuvga erishilgani alohida taʼkidlandi.

Ikki mamlakat parlamentlari yuqori palatalari koʻmagida Oʻzbekiston va Rossiya hududlari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan, Rossiyada boʻlib oʻtadigan ikkinchi Oʻzbekiston — Rossiya hududlararo forumiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha samarali ish olib borilyapti.

Bundan tashqari, ikki tomonlama hamkorlikning muhim yoʻnalishlari, jumladan, byudjet mablagʻlari shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament nazorati boʻyicha tajriba almashish, turizm, shu jumladan, Oʻzbekistonga ziyorat turizmini amalga oshirish sohasida hamkorlikni faollashtirish maqsadlari ham aniq belgilab olingani eʼtirof qilindi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha turli sohalarni, shuningdek, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga oid imzolangan hujjatlar esa oʻzaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi qayd etildi. Shuningdek, Valentina Matviyenkoning Oʻzbekistonga tashrifi dasturining muhim qismi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohot va oʻzgarishlar bilan tanishuvga bagʻishlangani hamda bu borada yurtimizda olib borilayotgan ishlarga yuqori baho bergani aytib oʻtildi.

Rahim SHERQULOV
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?