Oʻzbekiston Yevropa investitsiya banki (YEIB) bilan qanday ishlarni amalga oshirmoqchi?

17:27 24 Sentyabr 2019 Iqtisodiyot
191 0

Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Alisher Kurmanov Yevropa investitsiya banki vitse-prezidenti Vasil Xudak boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Senat binosida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda Oʻzbekistonning Yevropa investitsiya banki bilan ikki tomonlama hamkorligining istiqbolli yoʻnalishlari xususida fikr almashildi. Xususan, issiqlik bilan taʼminlash, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish, gidroenergetika sohasini rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish masalalari ham muhokama etildi.

Oʻzbekistonning Yevropa investitsiya banki bilan hamkorligi Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa investitsiya banki (YEIB) oʻrtasidagi Hadli bitimga muvofiq amalga oshirilishi qayd etildi. YEIB davlat infratuzilmasi, energetika va energiya samaradorligi, mamlakatda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish kabi sohalarda davlat va xususiy sektorlarning loyihalarini qoʻllab-quvvatlaydi. Taʼkidlanganidek, delegatsiyaning Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Orolboʻyi hududni tiklash boʻyicha bitim imzolandi.

Bank Markaziy Osiyo mamlakatlarida Iqlim oʻzgarishi boʻyicha harakatlar va atrof-muhitni himoya qilish mexanizmi doirasida loyihalarni moliyalashtiradi. Bu mexanizm Yevropa Ittifoqida qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligi sohasidagi loyihalarni, issiqxona gazlari chiqarishni kamaytirish loyihalarini va energiya taʼminoti xavfsizligini oshirish loyihalarini qoʻllab-quvvatlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi YEIB bilan hamkorlik qilayotgan Markaziy Osiyodagi toʻrtta davlatdan biri hisoblanadi. YEIB bilan hamkorlik qilish davrida suv taʼminoti va energiya samaradorligi sohasiga 200 mln. yevro miqdorida mablagʻ ajratish toʻgʻrisida ikkita moliyaviy bitim imzolangan (2018-yil oktyabr, Parij shahri).

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar senatorlar va mutaxassislar ishtirokida moliyalashtirish va Oʻzbekiston hududlariga ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan qoʻshma tadbir oʻtkazishga kelishib oldilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?