Oʻzbekiston elchisi Qozogʻistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlari bilan uchrashdi

14:30 14 Sentyabr 2020 Siyosat
140 0

Mamlakatimizning Qozogʻistondagi elchisi Saidikrom Niyozxoʻjayev Qozogʻistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari va blogerlari bosh muharrirlari klubi (BMK) vakillari uchun Oʻzbekiston mustaqilligining 29 yilligiga bagʻishlangan brifing oʻtkazdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Bosh muharrirlar klubi 2005-yilda tashkil etilgan va mamlakatning 270 ta ommaviy axborot vositalari rahbarlarini birlashtirgan. Qozogʻistonda akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlik qiladi.

Elchi oʻz nutqida tadbir ishtirokchilariga Prezident Shavkat Mirziyoyevning respublika xalqiga bayram tabrigi mazmun-mohiyati, shuningdek, Oʻzbekiston – Qozogʻiston aloqalarining rivojlanish istiqbollari haqida maʼlumot berdi.

Brifing ishtirokchilari Oʻzbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari va soʻnggi yillarda davlatlarimiz munosabatlari rivojida ijobiy oʻsish kuzatilayotganini qayd etdi. Oʻzbekiston rahbarining faol va konstruktiv siyosati mamlakatlarimiz va umuman Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni ochgani, mintaqada oʻzaro ishonch va hamkorlik muhitini yaratgani taʼkidlandi.

BMK prezidenti, Qozogʻiston axborot va ijtimoiy rivojlanish vaziri maslahatchisi Bibigul Jeksenbay Oʻzbekiston – Qozogʻiston munosabatlarini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarni hisobga olgan holda, Oʻzbekiston elchixonasi bilan birgalikda Qozogʻiston televideniyesida oʻzbek tilidagi dasturlar va filmlarni namoyish etish mexanizmini ishlab chiqishning maqsadga muvofiqligini qayd etdi.

BMK vitse-prezidenti, «Saxara» gazetasi bosh muharririning birinchi oʻrinbosari Kenjebolat Joldibay Oʻzbekiston elchixonasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali ushbu maqsaddagi saʼy-harakatlarni maqsadli amalga oshirish imkoni mavjudligini bildirdi.

Uning taʼkidlashicha, Qozogʻiston va Oʻzbekiston xalqlari oʻrtasidagi madaniy munosabatlar tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Xalqlarni umumiy til, din, madaniyat va urf-odatlar birlashtiradi va ikki qardosh xalq oʻrtasida bugungi kunda mustahkamlanib borayotgan hamkorlik oʻzaro manfaatlariga javob beradi.

Bloger Ulan Abishev Qozogʻistonda Oʻzbekistonga boʻlgan katta qiziqishni hisobga olgan holda, “Oʻzbekiston” brendini Qozogʻistonda ommalashtirishga qiziqishini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?