Oʻzbekiston elchisi: “Putinning Oʻzbekistonga oktyabrdagi tashrifi tarixiy hodisa boʻladi”

13:50 30 Avgust 2018 Jamiyat
431 0
Arxiv foto

Oʻzbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov Sputnik axborot agentligiga bergan intervyuda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Oʻzbekistonga boʻlgʻusi tashrifi haqida gapirib oʻtdi. U Vladimir Putinning Toshkentga oktyabr oyiga belgilangan davlat tashrifiga tayyorgarlik oldindan boshlab yuborilganini aytdi.

“Tashrif doirasida yana bir muhim tadbir — birinchi Mintaqalararo forum oʻtkaziladi, u Oʻzbekiston va Rossiya hududlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirish uchun maydonchaga aylanadi. “B2B” va “B2G” formatlarida qator uchrashuvlar oʻtkazilishi koʻzda tutilmoqda”, — dedi u.

Ashrafxonovning soʻzlariga koʻra, ayni paytda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning 19-yigʻilishiga tayyorgarlik boʻyicha faol ishlar olib borilyapti. Majlis kun tartibidagi asosiy mavzu Rossiya prezidentining oktyabrdagi Oʻzbekistonga tashrifining iqtisodiy qismiga tayyorlanishga bagʻishlanadi.

“Hozirdanoq aytish mumkinki, ushbu tashrif tarixiy boʻladi. Juda keng doiradagi masalalar, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi masalalar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan. Eshitgandirsiz, Oʻzbekistonda MDXAI (Moskva davlat xalqaro aloqalar instituti), MMFI (Moskva muhandislik-fizika instituti), MPQI (Moskva poʻlat va qotishmalar instituti) filiallarini ochish rejalashtirilmoqda. Va albatta, muayyan masalalar va biznes-loyihalar boʻyicha savdo-investitsiyaviy shartnomalar va bitimlar imzolanadi”, — dedi elchi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?