Oʻzbekiston elchisi Hindiston Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

10:51 09 Iyul 2020 Siyosat
220 0

2020-yil 8-iyul kuni Hindiston Tashqi ishlar vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Elchisi Dilshod Axatovning Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovindga ishonch yorliqlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan suhbat chogʻida Hindiston Prezidenti ikki va koʻp tomonlama shakllarda, shuningdek, COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashdagi samarali hamkorlikni qayd etdi.

Soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasida investitsiya, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, madaniyat va boshqa sohalarda oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.

Hindiston rahbari 2021-2022-yillarda BMT Xavfsizlik kengashining doimiy boʻlmagan aʼzoligiga Hindiston nomzodini qoʻllab-quvvatlagani uchun Oʻzbekistonga samimiy minnatdorlik izhor etdi va xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv hamkorlikni yana-da rivojlantirishga ishonch bildirdi.

Ram Nath Kovind Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yil 30-sentyabr – 1-oktyabr kunlari Hindistonga davlat tashrifi chogʻida boʻlib oʻtgan uchrashuvni samimiy qayd etdi va davlatimiz rahbariga chuqur hurmat va eng yaxshi tilaklarini izhor etdi.

Hindiston Prezidenti Hindiston va Oʻzbekistonni koʻp asrlik umumiy tarix, yaqin va doʻstona rishtalar bogʻlab turadigan strategik sheriklar ekanligini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?