Oʻzbekiston elchixonasi ogohlantiradi: Rossiya–Qozogʻiston chegarasidan oʻtkazib qoʻyishni vaʼda qilayotgan shaxslarga ishonmang!

07:46 06 Iyul 2020 Jamiyat
179 0

Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda Rossiya va Qozogʻiston oʻrtasidagi chegara ochilgani hamda Rossiyadagi Oʻzbekiston fuqarolari Qozogʻiston hududi orqali vatanga qaytishi mumkinligi haqidagi yolgʻon xabarlar tarqalmoqda.

Oʻzbekistonning Moskva shahridagi elchixonasidan maʼlum qilishlaricha, yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanadigan ayrim shaxslar Rossiya-Qozogʻiston chegarasiga odamlarni yetkazib qoʻyish va chegarani kesib oʻtishda “yordam berish”ni vaʼda qilib turli eʼlonlar tarqatmoqda.

Elchixona vatandoshlardan bu kabi yolgʻon xabarlarga ishonmasliklarini soʻradi.

«Rossiya, Oʻzbekiston va Qozogʻistonda joriy qilingan karantin choralari, shu jumladan mamlakatlarga kirish boʻyicha cheklovlar oʻz kuchida qolmoqda.

Afsuski, shu kunlarda Samara viloyatidagi Bolshaya Chernigovka qishlogʻi, Orenburg viloyatidagi Buzuluk tumani va Sol-Ilesk shahrida Oʻzbekiston fuqarolarining yana toʻplanishi kuzatilmoqda.

Ularning koʻpchiligi yolgʻon xabarlarga ishonib Rossiyaning turli hududlaridan kelgan va Qozogʻiston orqali vatanimizga qaytish istagini bildirmoqda.

Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tarqalayotgan bir paytda fuqarolarning bir joyda toʻplanishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, kasallar, doimiy kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.

Yana bir bor, Rossiya hududidagi vatandoshlarimizdan turli yolgʻon xabarlar va mish-mishlarga ishonmasliklarini, Rossiya-Qozogʻiston davlatlararo chegara punktlariga borishga urinmaslik, hozirgi yashash joylarida qolib, karantin choralariga qatʼiy rioya qilishlarini soʻrab qolamiz», – deyiladi elchixona murojaatida.

Qoʻshimcha qilinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga zid maʼlumotlarni tarqatish uchun javobgarlik belgilangan.

Xususan, mazkur maʼlumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan matnda yoki OAV, shuningdek internet orqali tarqatish BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha ((44,6 mln soʻmdan 89,2 mln soʻmgacha) miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga binoan, ogʻir oqibatlarga olib keladigan bila turib yolgʻon maʼlumotni tarqatish 300 mingdan 2 million rublgacha jarima hamda uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?