Oʻzbekiston delegatsiyasi Moskva shahrida SHHT TIVK yigʻilishida ishtirok etdi

19:58 10 Sentyabr 2020 Siyosat
237 0

2020-yilning 9 10-sentyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiyasi Moskva shahrida boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi.

Hindiston, Pokiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy va Oʻzbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari SHHT Bosh kotibi va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktori ishtirokida Tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining boʻlajak yigʻilishiga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildilar.

Vazirlar SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashi majlisi kun tartibi va imzolash uchun taklif qilinadigan hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqdilar.

Afgʻonistondagi tinchlik jarayonini ilgari surish uchun Tashkilotga aʼzo davlatlarning oʻzaro hamkorligini kengaytirish boʻyicha fikr almashildi. Afgʻonistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlar va infratuzilma loyihalarida ishtirok etishi butun SHHT hududida izchil rivojlanish va barqarorlashuvga erishishga hissa qoʻshishi qayd etildi.

Tadbirda SHHT va BMTning tegishli institutlari oʻrtasidagi sherikchilik aloqalarini yana-da kengaytirishning dolzarb jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan SHHT va BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, ESKATO, YUNKTAD va JSST kabi institutlari oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumlarini imzolash muhimligi taʼkidlandi.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Muayyan masalalar boʻyicha tegishli qarorlar imzolandi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha delegatsiyalar rahbarlarini Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin qabul qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?