Oʻzbekiston delegatsiyasi MAGATEda uchrashuv oʻtkazdi

17:22 04 Iyul 2019 Iqtisodiyot
262 0

Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Vena shahrida MAGATE vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida Energetika vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, “Oʻzatom” agentligi vakillari bor.

Muloqotda Oʻzbekiston Respublikasining Avstriyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Sh.Asadov va Oʻzbekiston Respublikasining Avstriyadagi elchixonasining MAGATE bilan hamkorlik boʻyicha maslahatchisi U.Salixbayev ham ishtirok etdi.

Doimiy muloqot va oʻz vaqtida axborot almashishni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Avstriyadagi elchixonasi tarkibida yangi diplomatik lavozim — MAGATE bilan hamkorlik uchun masʼul xodim lavozimi joriy qilindi.

Maʼlumot sifatida aytish joizki, “Sanoatgeokontexnazorat” inspeksiyasini Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi qilib oʻzgartirildi. “Davatomnazorat” departamenti shtati va vakolatlari koʻpaytirildi. Shu yoʻl bilan radiatsiyaviy va yadro xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi organ kuchaytirildi.

Uchrashuvda Oʻzbekistondagi birinchi atom elektrostansiyasini qurish boʻyicha loyihani amalga oshirish doirasida hozirgacha bajarilgan ishlar taqdimoti boʻlib oʻtdi. Ayni chogʻda mamlakatimiz tomonidan qabul qilingan majburiyatlar ijrosi boʻyicha MAGATE tavsiyalarining bajarilishi yuzasidan maʼlumot berildi.

MAGATE Bosh direktorining oʻrinbosari – Kafolatlar departamenti direktori M.Aparo Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilgan ishlarni, shu jumladan, ushbu yoʻnalish boʻyicha alohida diplomat tayinlanishini yuqori baholadi.

U MAGATE bilan Oʻzbekiston oʻrtasida kafolatlar masalasida samarali hamkorlik oʻrnatilgan hamda yadroviy dasturni rivojlantirish boʻyicha qaror qabul qilinishini hisobga olib, Oʻzbekiston tomonidan oʻz zimmasiga olinadigan majburiyatlar hajmi ortib borishini taʼkidladi.

Oʻzbekiston yadroviy regulyatori - Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi tomonidan hisobdorlikning oʻz vaqtida taqdim qilishiga umid bildirdi.

M.Aparo MAGATE ning maqsadi Oʻzbekistonning yadroviy texnologiyalarni rivojlantirish siyosatini toʻliq qoʻllab-quvvatlash va har qanday kamchiliklarni bartaraf etishda yordam koʻrsatishga tayyor ekanligini bildirdi. U bu yoʻnalishda amalga oshirilgan choralar va qadamlarni maʼqulladi va ularni ijobiy baholadi.

Operatsiyalar departamenti direktori G.Borrozo taʼkidlashicha, kun tartibidagi masalalar orasida eng muhimi xolislik hisoblanadi. U Oʻzbekiston tomonidan Bitim doirasidagi majburiyatlarni bajarish yuzasidan maqsadli qadamlar qoʻyilayotganidan mamnun ekanligigi bildirdi.

Uchrashuv davomida MAGATE tomonidan yadro infratuzilmasini rivojlantirishga koʻmaklashishi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Unda MAGATE ning yadroviy energetika departamentining yadroviy energiya divizioni direktori X.Doxi, Yadroviy infratuzilmani rivojlantirish seksiyasi xodimi J.Xaddad (Oʻzbekiston uchun masʼul) ishtirok etdi.

Oʻzbekistonning Milliy yadroviy-energetik dasturini rivojlantirish masalalari, xususan, AESni joylashtirish uchun maydon tanlashda muhandislik tadqiqotlarini oʻtkazish, kadrlar tayyorlash, meʼyoriy-huquqiy bazani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

MAGATE mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va 2019-2029-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasi boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning qabul qilinishi ijobiy baholandi. Unda aniq chora-tadbirlar, ularni amalga oshirish mexanizmlari, muddati va masʼul ijrochilar belgilab berilgan.

MAGATE ning 2020-yilda Oʻzbekiston tomoni buyurtmasiga koʻra, 2-bosqich yadro infratuzilmasini kompleks baholash boʻyicha missiyani oʻtkazishga tayyor ekanligini maʼlum qilindi. Ushbu missiyaga tayyorgarlik barcha 19 ta yoʻnalish boʻyicha olib borilishi kerak va shu munosabat bilan MAGATE hamma ishlarni muvofiqlashtirish va uni tashkillashtirishga integratsiyalangan yordamni koʻrsata olishi mumkin.

Xususan, bunday missiyaga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida shu yilning oktyabr oyida Oʻzbekistonda MAGATE tomonidan seminar oʻtkazilishi moʻljallanmoqda.

Qolaversa, uchrashuv davomida Oʻzbekistonning MAGATE ning shu yilning sentyabrida boʻlib oʻtadigan Bosh konferensiyasida ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi. Anjuman doirasida Oʻzbekistonda alohida tadbir (sideevent) tashkil qilinishi rejalashtirilmoqda. “Oʻzatom” agentligi ushbu tadbirga oʻzining strategik hamkori – “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan birga olib boradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?