Oʻzbekiston delegatsiyasi Yevrosiyo parlamentlari spikerlarining yigʻilishida qatnashmoqda

14:39 11 Oktyabr 2018 Siyosat
335 0

Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Turkiyada boʻlib turibdi.

Antaliya shahrida 41 mamlakat delegatsiyasi aʼzolari ishtirokida oʻtayotgan “Iqtisodiy hamkorlik, atrof-muhit va Yevrosiyoning barqaror rivojlanishi” mavzusidagi Yevrosiyo parlamentlari spikerlarining III yigʻilishida delegatsiyamiz ilk bor qatnashmoqda. Bu haqda Qonunchilik palatasining Matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrifning birinchi kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov Yevrosiyo parlamentari spikerlarining III yigʻilishi doirasida Rossiya Federatsiyasi Federal Kengashi Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin bilan uchrashdi.

Muloqot chogʻida tomonlar Yevrosiyo parlamentlari spikerlarining III yigʻilishi kun tartibi, shuningdek, Yevrosiyo makonining iqtisodiy rivojlanishi istiqbollarini muhokama qildilar. Suhbat davomida Spikerlar yigʻilishida koʻriladigan masalalar barcha qatnashchi mamlakatlar uchun dolzarb ekani qayd etib oʻtildi.

Yevrosiyo parlamentlari spikerlarining yigʻilishida esa ishtirokchilar mintaqada hamkorlikni kuchaytirish uchun qonunchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kuchlarni birlashtirish, jumladan logistika, bojxona tartiblari, biznesni yuritishdagi toʻsiqlarni olib tashlash kabi boshqa bir qator sohalarda oʻzaro manfaatli sherikchilikni rivojlantirish orqali inklyuziv va barqaror rivojlanishni taʼminlashga kelishib oldilar.

Parlamentimiz aʼzolarining navbatdagi uchrashuvi Qozogʻiston Parlamenti Majlisi Spikeri Nurlan Nigmatullin bilan kechdi. Muloqotlar asosini parlamentlarimiz hamkorligini yanada kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari tashkil etdi.

Shuningdek, N. Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Turkiyaga tashrifi davomida ushbu mamlakat tibbiyot tizimi bilan yaqindan tanishish maqsadida Antaliya shahar shifoxonasida boʻlib, bu yerda tibbiyot muassasalari faoliyatining huquqiy asoslari, qoʻllanilayotgan yangi texnologiya va yondashuvlar bilan qiziqdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi delegatsiyasi Anqara shahridagi Oqdengiz baliqchilik tadqiqotlari institutida ham boʻldi. Institutda oʻtgan muloqotlar jarayonida sohaning huquqiy asoslari, baliq yetishtirishda Turkiya tajribasi haqida soʻz yuritilib, mazkur yoʻnalishda oʻzaro tajriba almashish va hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga doir masalalar muhokama etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?