Oʻzbekiston delegatsiyasi Cotton Campaign majlisida ilk bor ishtirok etish uchun AQSHga tashrif buyurdi

10:40 09 Fevral 2019 Iqtisodiyot
194 0

Yaqinda Bosh vazir oʻrinbosari Tanzila Norboyeva boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi har yili oʻtkaziladigan Cotton Campaign koalitsiyasining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun AQSHga tashrif buyurdi.

Delegatsiya Vashington shahrida AQSH Prezidenti yordamchisining oʻrinbosari Liza Kyortis, AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha yordamchisi oʻrinbosari Elis Uells, shuningdek, Davlat kotibining inson huquqlari, demokratiya va mehnat masalalari boʻyicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Maykl Kozak bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Oʻzbekiston TIV matbuot xizmati xabariga koʻra, AQSH Prezidenti yordamchisining oʻrinbosari Liza Kyortis bilan uchrashuv chogʻida inson huquqlari boʻyicha xalqaro hamkorlikni faollashtirish, Oʻzbekistonning mintaqaviy jarayonlar, jumladan, Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirishdagi rolini kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Oq uy vakili respublikada amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, ayniqsa, inson huquqlari kun tartibi davlat darajasida ilgari surilishini yuqori baholadi.

AQSHlik yuqori martabali shaxsning fikricha, Oʻzbekiston rasmiy delegatsiyasining Cotton Campaign majlisida birinchi bor ishtirok etishi respublika rahbariyatining inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan islohotlarni toʻliq amalga oshirishga qatʼiy sodiqligini tasdiqlamoqda, Toshkentning huquq himoyasiga oid eng nozik masalalarda ham ochiq muloqot va konstruktiv hamkorlikka tayyor ekanligini koʻrsatyapti.

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha yordamchisi oʻrinbosari Elis Uells ham xalqaro nohukumat tashkilotlar bilan oʻzaro aloqalar faollashuvi hamda kengayishini olqishladi. Uning fikricha, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning shaffofligi va ochiqligi mamlakatning xalqaro obroʻsini mustahkamlashga ijobiy hissa qoʻshmoqda.

Diplomat Oʻzbekiston — AQSH hamkorligining barcha masalalari boʻyicha konstruktiv muloqot va fikrlar almashinuvi boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan amaliyotni yuksak baholadi. U ikki mamlakat tashqi siyosat idoralarining oʻzaro maslahatlashuvlarining navbatdagi raundida ishtirok etish uchun Toshkentga qiladigan safarini sabrsizlik bilan kutayotganini bildirdi.

Davlat kotibining inson huquqlari, demokratiya va mehnat masalalari boʻyicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Maykl Kozak bilan mamlakatda majburiy mehnatni yoʻq qilish, qishloq xoʻjaligi sektoridagi islohotlar, fuqarolik jamiyati institutlari bilan ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, nohukumat tashkilotlarni roʻyxatga olish va faoliyat yuritish tartib-taomillarini soddalashtirish, OAV erkinligini taʼminlash kabi masalalar muhokama qilindi.

Maykl Kozak nafaqat majburiy mehnatni yoʻq qilish, balki diniy erkinlikni taʼminlash masalasida ham sezilarli oʻsishga erishilganini eʼtirof etdi. Uning aytishicha, AQSH Davlat departamenti va Mehnat departamenti maʼruzalarida mamlakat pozitsiyasining yaxshilangani, shuningdek, Oʻzbekistonning diniy erkinlik sohasida “alohida xavotir uygʻotadigan davlatlar roʻyxati”dan chiqarilgani ushbu yutuqlarning tan olinishidir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?