Oʻzbekiston delegatsiyasi Barselonada boshlangan xalqaro onkologiya kongressida ishtirok etmoqda

18:07 27 Sentyabr 2019 Jamiyat
184 0

Bugun, 27-sentyabr kuni Ispaniyaning Barselona shahrida Yevropa xalqaro onkologiya kongressi oʻz ishini boshladi. Unda Oʻzbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Aytish joizki, Yevropa xalqaro onkologiya kongressi oʻz yoʻnalishi boʻyicha xalqaro miqyosdagi nufuzli tadbirlardan biridir. Yevropa onkologlari assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda dunyoning yuzdan oshiq davlatidan 30 ming nafardan ziyod onkolog olimlar, shifokorlar qatnashmoqda.

Xalqaro kongressning ochilishida taʼkidlanganidek, onkologik kasalliklar bugungi kunda butun dunyoda inson salomatligiga jiddiy taʼsir etayotgan dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammodir. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, bunday kasalliklarga chalinish koʻrsatkichi yildan-yilga oʻsib bormoqda. Dunyoda har yili 15 millionga yaqin birlamchi saraton holati aniqlanadi. Jumladan, Oʻzbekistonda ham 100 mingdan ortiq bemor onkologik kasalliklar boʻyicha hisobda turadi. Onkologik kasalliklar ichida sut bezi saratoni yetakchi oʻrin egallaydi, keyingi oʻrinlarni meʼda, bachadon boʻyni va oʻpka saratoni qayd etiladi.

Mutaxassislar bu kasallikning tobora koʻpayib va ayniqsa “yosharib” borayotganiga qator omillar sabab boʻlayotganini eʼtirof etmoqda. Jumladan, atmosferaning konserogen moddalar bilan oʻtkir ifloslanishi, geni oʻzgartirilgan, jumladan, tabiiy boʻlmagan oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmolining koʻpayishi, jismoniy faollikning kamayishi onkologik kasallik yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda. Onkologik kasalliklardan oʻlim koʻrsatkichi yurak-qon tomir tizimi kasalliklaridan soʻng ikkinchi oʻrinda turadi.

Shu bois, ushbu dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammoga qarshi kurashish nafaqat sogʻliqni saqlash sohasi, balki, butun jamiyat zimmasiga katta masʼuliyat yuklamoqda. Mazkur xalqaro kongress ayni shu yoʻnalishda ilm-fan va tibbiyot amaliyoti oldida turgan dolzarb vazifalarni atroflicha tahlil etish, jahon hamjamiyatining eʼtiborini ushbu dolzarb muammoga qaratish va muammolarning oqilona yechimini topishga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir. Butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham aholining sogʻlom va uzoq umr kechirishiga taʼsir etayotgan bu kasallikni barvaqt aniqlash va davolashning takomillashgan usullarini yaratish, tibbiy skrining ishlarini rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallari faoliyati tubdan takomillashmoqda. Hududlarda bir qator onkologik kasalliklarni erta aniqlash boʻyicha skrining loyihalari amalga oshirilmoqda. Milliy emlash taqvimimizga bachadon boʻyni saratonining oldini olish maqsadida papilloma virusiga qarshi emlash joriy etilayotir. Xalqaro kongressning ochilishi marosimida Yevropa onkologlar assotsiatsiyasi prezidenti Jozep Tabernero jahon ilm-fani va tibbiyotidagi muhim natijalar qatorida mamlakatimiz tibbiyotida erishilayotgan ana shunday oʻziga xos yutuqlarni ham alohida eʼtirof etdi.

Yevropa xalqaro onkologiya kongressi 1-oktyabrga qadar davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?