Oʻzbekiston delegatsiyasi “Atomekspo-2019” XI forumida ishtirok etadi

18:51 08 Aprel 2019 Iqtisodiyot
458 0

Avvalo taʼkidlash joiz, “Atomekspo” forumi har yili “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan tashkil etib kelinadi. Mazkur nufuzli tadbir atom tarmogʻining bugungi holati muhokama qilinadigan, uning zamonaviy taraqqiyoti trendlari shakllantiriladigan xalqaro koʻrgazma va ishbilarmonlik maydoni hisoblanadi. Anjuman 15-16 aprel kunlari Rossiyaning Sochi shahrida boʻlib oʻtadi va “Atomekspo” — “Yaxshi hayot uchun atom texnologiyalari” uning bosh mavzusi etib belgilandi.

Eʼtiborlisi, bu galgi forum ishchi dasturi birinchi marta Xalqaro dasturiy qoʻmita tomonidan shakllantirilgan. Uning tarkibidan esa Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti huzuridagi Yadro energiyasi agentligi bosh direktori Uilyam Magvud, Jahon yadro assotsiatsiyasi bosh direktori Agneta Rizing, Jahon atom elektrstansiyalaridan foydalanuvchi tashkilotlar assotsiatsiyasi sobiq raisi Jak Regaldo, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti huzuridagi Yadro energiyasi agentligining sobiq bosh direktori Luis Echavarri kabi sohaning nufuzli vakillari joy olgan.

Forum ishtirokchilari uglerodsiz energetika taraqqiyoti, ekologiya va tabiiy resurslarga masʼuliyat bilan munosabatda boʻlish, “yashil” investitsiyalar, barqaror rivojlanish yoʻlidagi xalqaro hamkorlik kabi global masalalarni koʻrib chiqishadi.

Koʻrgazmalarda dunyo atom industriyasi va unga yaqin tarmoqlarning yetakchi kompaniyalari oʻz innovatsiyalari, ilgʻor atom texnologiyalarini qoʻllashning keng yoʻnalishlari, yangi mahsulotlari va yechimlari bilan ishtirok etadi. Koʻrgazma ekspozitsiyasi maydoni 13000 metr kvadratdan ziyoddir.

“Atomekspo-2019” doirasida ikkinchi bor “Atomexpo Awards” xalqaro mukofotini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtadi. Ushbu sovrin insoniyat farovonligi yoʻlida atom texnologiyalarini rivojlantirish va ulardan foydalanishga hissa qoʻshganlarga beriladi. “Oʻzatom” agentligining xabar berishicha, unga daʼvogarlik qilayotgan 25 ta davlat ichida Oʻzbekiston tomonidan taqdim etilgan loyiha ham joy olgan.

Shu oʻrinda qayd etish joizki, oʻtgan yilgi “Atomekspo” X yubiley forumiga dunyoning 68 mamlakatidan 4000 dan ziyod delegat va mehmonlar kelgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2017 yilda 65 ta, 2016 yilda 55 tani tashkil qilgandi. Koʻrinib turibdiki, ishtirokchilar soni yildan-yilga koʻpayib boryapti. Bu esa sayyoramizda ekologik jihatdan toza energetikaga boʻlgan qiziqish ortib borayotganini anglatadi.

Oʻz navbatida 2018 yilda tadbirda 600 ta kompaniya hozir boʻlgan. Unda hamkorlik va sheriklikka oid 39 ta kelishuv hamda boshqa hujjatlar, jumladan, savdo bitimlari imzolangan. Ahamiyatlisi, yubiley forumda Oʻzbekiston ham Rossiya bilan tinch atom sohasidagi hamkorlikni faollashtirish hamda atom texnologiyalarini respublika boʻyicha rivojlantirish maqsadida ilk bor ishtirok etgandi. Joriy yilda mamlakatimiz delegatsiyasining mazkur forumdagi boʻlajak ishtiroki dasturi yanada kengroq miqyos kasb etadi. Zero, uning tarkibidan Energetika vazirligi, “Oʻzatom” agentligi, Fanlar akademiyasi, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi vakillari joy olgan. Forum doirasida sheriklar va boshqa kompaniyalar bilan Oʻzbekistonda AES qurish loyihasini amalga oshirish doirasida hamkorlik istiqbollari boʻyicha uchrashuvlar hamda muzokaralar oʻtkaziladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?