Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining yangi binosi foydalanishga topshirildi

19:19 15 Sentyabr 2018 Sport
1201 0
Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Bugun Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining qayta rekonstruksiya qilinib, moddiy-texnik bazasi yangilangan yangi oʻquv binosi foydalanishga topshirilishiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ochilish marosimida soʻzga chiqqan Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev yurtimizda sportga qaratilayotgan eʼtibor, soha mutaxassislarini tayyorlashning dolzarb masalalari va universitetning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Tadbirda Belarus Respublikasi sport va turizm vaziri Sergey Mixaylovich Kovalchuk mehmon sifatida ishtirok etdi. Vazir Dilmurod Nabiyev Belarus Respublikasi bilan jismoniy tarbiya va sport sohasida oʻzaro hamkorlik boʻyicha bir qator muhim kelishuvlarga erishilgani, xususan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida qishki sport turlari va gimnastika boʻyicha trenerlar tayyorlab beradigan qoʻshma fakultetini tashkil etilishi va bitiruvchilarga qoʻshma diplom berilishi rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport institutiga “universitet” maqomi berildi.

Shu asosda universitetning oʻquv binolari qayta rekonstruksiya qilinib, moddiy-texnik bazasi yangilandi. Universitet hududidagi binolar va inshootlarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish, jihozlash uchun 2018 - 2021 yillar davomida mablagʻlar bosqichma-bosqich ajratilishi belgilab qoʻyilgan.

Bugungi kunda universitetda isteʼdodli yoshlarni saralab olish, respublika va xalqaro sport musobaqalarida olimpiya hamda milliy sport turlari boʻyicha talabalar sport klublari va jamoalarini tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Universitetda 5 ta fakultet mavjud boʻlib, bakalavr bosqichida 3335 nafar, magistratura bosqichida 50 nafar talaba tahsil olmoqda. Shuningdek, 18 ta kafedra, 9 boʻlim mavjud. Taʼlim-tarbiya va oʻquv jarayoni 333 nafar yuqori malakali mutaxassislar, jumladan, 21 nafar fan doktori, professor, 56 nafar fan nomzodi, dotsent tomonidan olib borilmoqda.

Ayni paytda universitetning 5 ta oʻquv binosi, 2 ta talabalar turar joyi, 2 ta oshxona va axborot-resurs markazi, manej, boks, taekvondo, ogʻir atletika, gimnastika va sport gimnastika zallari, tennis, nayza uloqtirish maydonlari, yozgi va qishki suzish havzalari, futbol oʻyingohi faoliyat koʻrsatmoqda.

Universitetda bugungi kunga qadar 30 mingga yaqin oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlangan. Talabalarning aksariyat qismi sport ustalari, xalqaro toifadagi sport ustalari, xizmat koʻrsatgan sport ustalari unvonlariga sazovor boʻlishgan. Ular mamlakatimiz terma jamoalari aʼzolari tarkibida Olimpiada, Osiyo oʻyinlari va jahon chempionatlarida ishtirok etib kelishmoqda.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Kelajakda universitet hududida 1600 oʻringa moʻljallangan talabalar turar joyi, 600 oʻrinli oʻquv binosiga ega boʻlgan gimnastika zali, 3 ta sport inshooti qurib bitkazish hamda futbol maydoni va uning maʼmuriy binosini qayta rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?