Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi tashkil etildi

13:55 05 Fevral 2020 Madaniyat
194 0

“Raqs sanʼati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori (PQ–4585-son, 04.02.2020-y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi negizida davlat OTM shaklida Madaniyat vazirligi tizimida Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi tashkil etildi.

Shuningdek, Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi tizimidagi Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab akademiya tizimidagi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga aylantirildi.

Qarorga koʻra, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Buxoro, Qarshi, Namangan va Urganch shaharlarida akademiya huzurida ixtisoslashtirilgan boshlangʻich raqs sanʼati maktab-internatlari tashkil etiladi.

Akademiya va maktab-internatlarning asosiy vazifalari belgilandi.

Jumladan, akademiya kadrlar tayyorlash jarayoniga sohaning yetuk va malakali mutaxassislarini jalb qilish orqali ilm-fan va taʼlimning oʻzaro integratsiyasini taʼminlaydi, raqs sanʼati boʻyicha yuqori malakali bakalavr va magistrlarni, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlaydi.

Ixtisoslashtirilgan boshlangʻich raqs sanʼati maktab-internatlarda taʼlim 1-4-sinflarda, Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatda 1-11-sinflarda olib boriladi.

Akademiya va maktab-internatlarning professor-oʻqituvchilari, talabalari va oʻquvchilari ijodiy faolligini yana-da oshirish, taʼtil davomida ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish maqsadida Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida 50 oʻrinli oromgoh tashkil qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?