Oʻzbekiston davlat farmakopeyasi Yevropa standartlari asosida takomillashtiriladi

15:21 29 Mart 2019 Jamiyat
410 0

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Temirov boshchiligidagi delegatsiyasi Fransiyaning Strasburg shahrida boʻlib oʻtgan Sogʻliqni saqlash uchun dori vositalarining sifati boʻyicha Yevropa kengashi direktorati Yevropa farmakopeyasi 163-sessiyasida ishtirok etdi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Maʼlumki, dori vositalarining sifati inson salomatligini saqlab qolish va uzoq umr koʻrish darajasini oshirishda muhim omil sanaladi. Shu bois ushbu sohani rivojlantirish jahon farmatsevtika jamiyatida boʻlgani mamlakatimizda ham ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

Globallashuv sharoitida dori vositalarini standartlashtirish va sifat nazorati boʻyicha umumiy yondashuvlar zarurati mavjud. Bunda turli mamlakatlar mutaxassislari bilan axborot va fikr almashish juda muhim. 2018 yil mart oyida Yevropa Farmakopeyasi Oʻzbekiston Respublikasini kuzatuvchi maqomida qabul qilishi ushbu yoʻnalishda muhim qadam boʻldi.

Taʼkidlash joizki, hozirda mamlakatimizda boshqa sohalar qatori farmatsevtika sanoati ham faol rivojlanib bormoqda. Mahalliy farmatsevtika korxonalari tomonidan sifatli, raqobatbardosh, xavfsiz, samarador dori vositalari ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, nafaqat davlatimiz hududida, balki xorijiy, jumladan, MDH davlatlari, AQSH, Kanada, Afgʻonistonga va boshqa davlatlarga ham dori vositalari eksport qilinmoqda. Bundan tashqari, Yevropa farmatsevtika assotsiatsiyasi bilan samarali hamkorlik yurtimiz aholisi va sogʻliqni saqlash muassasalarini arzon va sifatli dori-darmon bilan taʼminlash darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Yevropalik farmakopeyaning 163-sessiyasida muhim ahamiyatga ega boʻlgan voqea Sogʻliqni saqlash uchun dori vositalarining sifati boʻyicha Yevropa kengashi direktorati direktori Suzanna Kaytel hamda “Dori vositalari, tibbiy buyumlari va tibbiy texnika ekspertizasi va standartizatsiyasi Davlat markazi” DUK direktori Sherzod Abdugʻaniyev oʻrtasida imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi davlat farmatsevtika institutini yaratish uchun Yevropa farmakopeyasining matnlaridan nusxa koʻchirish va moslashtirish huquqini berish toʻgʻrisida”gi kelishuv boʻldi.

– Bugun yurtimizda 150 dan ortiq mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud boʻlib, ular tomonidan 2500 nomdagi dori vositalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan, – deydi Sherzod Abdugʻaniyev. – Hozirgacha dori-darmonlarning sifat nazorati bir qator xorij mamlakatlarning xalqaro eʼtirof etilgan farmakopeyalari talablariga muvofiq amalga oshirilar edi. Endilikda mazkur kelishuvga muvofiq, yagona, xalqaro talablar bilan muvofiqlashtirilgan Oʻzbekiston Davlat farmakopeyasi chop etiladi. Natijada dori vositalari, reaktivlar, dori shakllari sifat nazoratining uygʻunlashgan zamonaviy xalqaro standart talablari darajasida amalga oshirish, ularning xavfsizligini taʼminlash hamda mahalliy dori vositalarini xorijiy davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazish jarayonining qisqa muddatlarda amalga oshirish imkoniyati yuzaga keladi. Bu, oʻz navbatida, mamlakatimiz farmatsevtika sanoatining eksport salohiyatini sezilarli darajada oshiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?