Oʻzbekiston “Chegara bilmas muxbirlar”ning soʻz erkinligi boʻyicha reytingida yuqoriladi

15:48 06 May 2019 Jamiyat
472 0

Oʻzbekiston “Chegara bilmas muxbirlar” nohukumat tashkilotining soʻz erkinligi reytingida 53,52 ball koʻrsatkichi bilan 160-oʻringa egalladi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida maʼlum qilingan.

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonovning maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston ikki yil oldin reytingda 169-oʻrinda, oʻtgan yili esa 165-oʻrinda qayd qilingan.

Qoʻshni davlat Tojikiston reytingda oʻtgan yili 149-oʻrinda edi, bu yil esa 161-oʻrinda. Rossiya ham oʻtgan yilgiga nisbatan bitta pogʻona yoʻqotgan — 149-pogʻona. Qirgʻiziston esa reytingini 15 pogʻonaga yaxshilagan — 83-oʻrin.

“Hisobotda oʻzbek jurnalistlari soʻnggi ikki yilda majburiy mehnat va korrupsiya kabi dolzarb mavzularda yoza boshlagani, biroq media sohasida hali ichki senzura kuchli ekani taʼkidlangan. Bu — mamlakatda soʻz erkinligini taʼminlash, jurnalistlarni qoʻllab-quvvatlash borasida qilinadigan ishlar hali koʻp degani. Ommaviy axborot vositalarini himoya qilsak, dalda bersakkina oʻtkir mavzular qalamga olinadi.

Mazkur hisobot oʻzimizga tutilgan oyna — soʻz erkinligi boʻlmagan yurtda rivojlanish va taraqqiyot ham boʻlmaydi. Bugungi siyosat, bugungi islohotlar esa ana shu soʻz va matbuot erkinligiga chambarchas bogʻliq“, deya gapirib oʻtgan Allamjonov mazkur reyting haqida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?