Oʻzbekiston butun dunyo uchun diniy erkinlik taʼminlangan erkin jamiyatga oʻtish yoʻlini birinchi boʻlib koʻrsatmoqda — S.Braunbek

14:41 05 Sentyabr 2020 Siyosat
285 0

Mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov raisligida yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini muhokama qilish boʻyicha onlayn maslahatlashuvlar oʻtkazildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Uchrashuvda Birlashgan Millatlar Tashkilotining din va eʼtiqod erkinligi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ahmed Shahid, BMT Inson huquqlari boʻyicha idorasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Richard Komenda ishtirok etdi. Shuningdek, AQSH davlat departamenti, Xalqaro diniy erkinlik boʻyicha komissiya, Global jalb qilish instituti (IGE) mutasaddilari, Brigam Yang universitetining Huquqiy va diniy tadqiqotlar xalqaro markazi mutaxassislari qatnashdi.

Yigʻilishda qonun loyihasiga kiritilgan asosiy oʻzgarishlar muhokama qilindi. Unga koʻra, xususan, qonunchilikda qoʻllanilgan taʼriflarga aniqlik kiritildi, davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari va prinsiplari belgilandi. Diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish va ularning faoliyat tartibi soddalashtirildi, davlat organlarining tartibga solish funksiyalari optimallashtirildi.

Onlayn muhokamalarda soʻzga chiqqan AQSHning xalqaro diniy erkinlik sohasidagi maxsus topshiriqlar boʻyicha elchisi Samyuel Braunbek Oʻzbekistonning diniy erkinlikni taʼminlash sohasidagi muvaffaqiyatli qadamlaridan xursand ekanini taʼkidladi. «Mahbuslarni ozod qilish, qonunchilikni liberallashtirish, voyaga etmaganlarning masjidga kelishiga ruxsat berish, diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish — bularning barchasi eʼtirofga molik yutuq», - dedi u.

— Siz nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki butun dunyo uchun diniy erkinlik taʼminlangan erkin jamiyatga oʻtish yoʻlini birinchi boʻlib koʻrsatayotganingizga chin dildan aminman, - dedi AQSH davlat departamenti vakili.

BMTning din va eʼtiqod erkinligi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shahid Oʻzbekiston hukumati tomonidan qoʻllab-quvvatlangan ochiq muloqot uchun minnatdorlik bildirdi va yaqinda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taqiqlangan tashkilotlardagi ishtiroki uchun ozodlikdan mahrum qilingan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida qarorini yuqori baholadi.

BMT vakili qonun loyihasining asosiy afzalliklarini diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibini soddalashtirish bilan izohladi. Shu bilan birga, loyihada mustahkamlangan qonuniylik, tenglik va dunyoviylik tamoyillarini mustahkamlash uchun Ahmad Shahid qonun loyihasining qoidalarini Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt, Din va eʼtiqodga asoslangan har qanday murosasizlik va kamsitishni yoʻq qilish toʻgʻrisidagi deklaratsiya, Rabot rejasi va harakatlari normalariga moslashtirishni taklif qildi.

Maxsus maʼruzachi, shuningdek, qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgani, shuningdek, hujjatni YEXHT ekspertlari va Venetsiya komissiyasiga koʻrib chiqish uchun taqdim etilishini maʼqulladi.

Global jalb qilish instituti rahbari Kris Saypl soʻnggi uch yil davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan oʻzgarishlarni “chiqayotgan quyosh”ga qiyosladi. IGE rahbari qonun loyihasini ishlab chiqishning alohida ahamiyatini taʼkidlab, diniy erkinlikni taʼminlashning oʻz modelini amalga oshirishda Oʻzbekiston tajribasi boshqa mamlakatlar tomonidan oʻrganilishiga umid bildirdi.

Brigam universiteti professori Yanga Elizabet Klark oʻz maʼruzasida qonun loyihasida aks ettirilgan bolalarning ibodat qilishda toʻsiqsiz ishtirok etishiga ruxsat berish va xususiy diniy taʼlimga qoʻyilgan cheklovlarni olib tashlash, diniy tashkilotlar uchun roʻyxatdan oʻtish jarayonini sezilarli darajada soddalashtirish, ularning avtonom huquq va vakolatlarini kengaytirish, tashkilot rahbariyatini tayinlash va xayriya tadbirlarini amalga oshirish bilan bogʻliq asosiy ijobiy oʻzgarishlarni eʼtirof etdi.

Maslahatlashuvlardan keyin onlayn-tadbirning ayrim ishtirokchilari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasining taqdimoti xususida sharhlar qoldirdi. Xususan, Xalqaro diniy erkinlik boʻyicha komissiya raisining oʻrinbosari Nadin Maenza «Oʻzbekistonda din toʻgʻrisidagi yangi qonun loyihasining jamoatchilik muhokamasiga qoʻshilish men uchun sharaf. Bunda ochiq va oshkora jarayonni kuzatayotganimdan xursandman. Komissiyamiz aʼzolari davom etayotgan oʻzgarishlardan mamnun”, deb yozgan.

Global jalb qilish instituti prezidenti Kris Saypl ham Feysbukdagi sahifasida quyidagi mazmunda xabar joylashtirgan: “Bu ikki soat davom etgan chin maʼnodagi mazmunli bahs boʻldi. Onlayn yigʻilishimiz oʻzbekistonlik doʻstlar bilan uch yillik yaqin hamkorlikni namoyish etdi. Ishlab chiqilgan qonun loyihasi xalqaro meʼyorlarga mos keladi va bunda Oʻzbekiston madaniyati asos boʻlib xizmat qilmoqda. Eng muhimi, oʻzaro maslahatlashuvlarning ochiq jarayoni boshqalar uchun namuna boʻla oladi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?