«O‘zbekiston bundan keyin ham tinchlik jarayoniga ko‘maklashadi»

10:29 29 Mart 2018 Siyosat
530 0

Ismatilla IRGAShEV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili:

Davlatimiz rahbarining qarori bilan Afg‘oniston bo‘yicha Prezidentning maxsus -vakili instituti ta’sis etilganiga hademay bir yil to‘ladi. Bu mamlakatimiz tashqi siyosatida Afg‘oniston ustuvor ahamiyat kasb etishining yana bir yaqqol tasdig‘i bo‘ldi.

Shuni komil ishonch bilan aytish kerakki, bugun O‘zbekiston va Afg‘oniston munosabatlarida tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar hamkorlik orqali xavfsizlikni mustahkamlash tamoyiliga asoslangandir. Buni 27 mart kuni Afg‘oniston bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Toshkent konferensiyasi ham yaqqol tas-diqlaydi. Muxbirimiz konferensiya yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla IRGAShEVdan intervyu oldi.

— O‘tgan davrda Prezidentimizning yangi tashqi siyosat konsepsiyasi tufayli Markaziy Osiyoning barcha mamlakati bilan do‘stlik hamda yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan juda ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Afg‘oniston mazkur konsepsiyaning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ilgarilari biz ushbu mamlakatdan chiqayotgan tahdidlardan qo‘rqib, unga nisbatan “yopilib” olgan edik. Ammo O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barchani Afg‘onistonga tahdid sifatida qarash emas, balki bu mamlakatda tinchlikni tiklash uchun sharoit yaratish imkoniyatini berishga chaqirdi. Aynan shundan so‘ng mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalari keskin faollashdi. Boshqacha aytganda, davlatimiz rahbari Afg‘onistonni dunyo iqtisodiy-xo‘jalik munosabatlariga, mintaqaviy hamkorlikka faol jalb qilish jarayonida samarali ishtirok etgan holda, ushbu qo‘shni mamlakatni mintaqaning ajralmas qismiga aylantirish taklifini ilgari surdi. Shunday yondashuv tufayli ikki tomonlama aloqalarimizni kengaytirish hamda afg‘on muammosini hal qilishga ko‘maklashish borasida juda ko‘plab sa’y-harakatlarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldik. O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan joriy yilning 27 mart kuni “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf o‘ani tomonidan qo‘llab-quvvatlangan mazkur tashabbus keng xalqaro hamjamiyat xayrixohligida uyushtirildi. Mazkur forum birinchi marta shunday shaklda o‘tdiki, unda BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari, ShHT ishtirokchi-mamlakatlari, mintaqadagi yirik davlatlar, Xitoy, AQSh hamda Rossiya singari katta ta’sirga ega mamlakatlar vakillari qatnashdi. Ko‘plab delegatsiyalar yuqori martabali rahbarlari qayd etganidek, ularning mazkur forumdagi ishtiroki ular nafaqat afg‘on muammosiga, balki O‘zbekiston rahbariyati tomonidan mamlakatda va Markaziy Osiyo mintaqasida olib borilayotgan mislsiz islohotlar jarayoniga katta qiziqish bilan qarayotganini ko‘rsatadi. Yurtimiz mintaqadagi o‘zaro aloqalarni, do‘stlik hamda yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlashning lokomotiviga aylanmoqda. Nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT, Yevropa ittifoqi davlatimizning yangi tashqi siyosat strategiyasini to‘la qo‘llab-quvvatlayapti. Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini konferensiyada Markaziy Osiyo bo‘yicha Samarqand anjumanidan so‘ng to‘rt oy o‘tib, O‘zbekistonga ikkinchi marta kelganini alohida ta’kidladi. Bu nafaqat afg‘on muammosini hal qilishga bo‘lgan intilish, balki Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi keng ko‘lamdagi o‘zgarishlarni to‘la qo‘llab-quvvatlashining yaqqol tasdig‘idir.

— Afg‘oniston bilan o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishda qanday aniq qadamlar tashlandi?

— Yana bir bor qayd etish kerakki, Afg‘oniston bilan hamkorlikning yangi yondashuvlari hayotga tatbiq qilinishi tufayli ikki tomonlama munosabatlarda sezilarli o‘zgarishlarning uddasidan chiqildi. Masalan, davlatlarimiz o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida maqbul temir yo‘l hamda boj tariflari joriy etildi. Afg‘onistonlik tadbirkorlarga biznes muloqotini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Afg‘oniston bilan chegarada zamonaviy “Termiz kargo” eksport markazi ochildi. U yerda turli tovarlarni katta hajmda saqlash imkoniyati yaratildi. Shuningdek, bu yerda yuklarni tezkorlik bilan rasmiylashtirish uchun bojxona va bank xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yildi, temir yo‘l yotqizildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida yuklar tranziti to‘g‘risida bitim imzolanishi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashishda muhim qadam bo‘ldi. Kobul hamda Mozori Sharifda savdo uylari ochildi.

Toshkent konferensiyasida davlatimiz rahbari Afg‘onistonda ta’limni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus xalqaro fond tashkil qilish yuzasidan yangi tashabbusni ilgari surdi. Bu nihoyatda dolzarb tashabbusdir. Negaki, Afg‘onistonga bugun malakali kadrlar kerak. Boshqa tarafdan, ta’lim olmagan yoshlar turli terrorchilik va qurolli tuzilmalar uchun yengil o‘ljaga aylanayapti, ularning ijtimoiy bazasini mustahkamlayotir. Mazkur fond maorif orqali ekstremizm hamda radikalizm g‘oyalariga qarshi kurashishga yordam beradi. Bu kuch ishlatishdan ko‘ra birmuncha samaraliroq usul hisoblanadi. Shu bois ham mazkur tashabbusni nafaqat konferensiya ishtirokchilari, ayni paytda afg‘onlar ham qo‘llab-quvvatladi. O‘zbekiston ushbu yo‘nalishda ko‘plab ishlarni amalga oshirayapti. Surxondaryo viloyatida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Men xizmat taqozosi bilan Surxondaryoda ko‘p bora bo‘lib, mazkur markazda qo‘shimcha o‘qish va turarjoylar qurilishini nazorat qilib boraman. Va albatta, har doim markazda tahsil olayotgan yoshlar bilan muloqotda bo‘laman. Ularga O‘zbekiston tomonidan afg‘on xalqi hamda ushbu mamlakatda tinchlikni qaror toptirish yo‘lida bajarilayotgan sa’y-harakatlar haqida so‘zlab beraman. Yigit-qizlar siyosatga, iqtisodiyotga juda qiziqishi ko‘zga yaqqol tashlanadi. Ularning nigohlari yonib turadi. Shundan ham ular qisqa davrda ancha ulg‘ayganini, o‘zgarganini sezish mumkin. Ular O‘zbekiston Prezidenti va xalqidan minnatdor. Kelajakda o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritganda, o‘z o‘quvchilariga mehmondo‘st o‘zbek xalqining yordami haqida so‘zlab berishlarini qayd etishadi.

Afg‘on yoshlarini yaqin istiqbolda mamlakat uchun boshqa muhim ixtisosliklar — shifokorlar, temir yo‘lchilar, muhandislar va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha ham  tayyorlashga kirishamiz.

— Ekspertlar temir yo‘l hamda elektr tarmog‘i qurilishini hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida e’tirof etishmoqda. Bu loyihalarning istiqbollari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Juda qisqa vaqt ichida Afg‘oniston bilan hamkorlikda ikkita katta ahamiyatga ega iqtisodiy loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ulardan biri temir yo‘lni Mozori Sharifdan Afg‘oniston o‘arbidagi Hirot shahrigacha davom ettirish loyihasidir. Shuni qayd etish kerakki, bu Afg‘onistonni ikkita qo‘shni davlat — O‘zbekiston va Eron bilan bog‘laydigan yagona temir yo‘l liniyasi hisoblanadi. Uning foydalanishga topshirilishi natijasida minglab afg‘onlar ishli bo‘ladi, mamlakat yuklar tranzitidan katta daromad olishni boshlaydi. Bunday yuklar hajmi yaqin kelajakda yiliga 10 million tonnadan ortiqni tashkil qilishi mumkin. O‘ylaymanki, hatto “Tolibon” harakati timsolidagi muxolifat ham mamlakatda bunday muhim infratuzilma loyihalari ro‘yobga chiqarilayotganini ko‘rib, qurolli qarama-qarshilikni davom ettirish mantiqsizligi haqida o‘ylab ko‘radi. Chunki bu kabi iqtisodiy loyihalar, avvalambor, afg‘on xalqiga naf keltiradi. Odamlar turmush darajasi o‘zgarganini chinakamiga his qilishadi. Shuni qayd etish kerakki, loyiha nafaqat Afg‘onistonga, balki Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham foydalidir. Biz ilgari transafg‘on yo‘lagi haqida ko‘p gapirar edik. Eronning dengiz portlariga olib chiqadigan bu yo‘lak bugun haqiqiy voqelikka aylanayapti. Ushbu temir yo‘l ishga tushirilishi bilan mintaqa Bandar-Abbos, Chabahar va Gvadar portlariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Temir yo‘lning yakuniy yo‘nalishi belgilab olindi. Mutaxassislar ish jarayonida u 100 kilometrdan ko‘proqqa qisqartirildi. Yo‘nalish havodan kuzatildi, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari tayyorlanmoqda. O‘zbekiston hamda Afg‘oniston xalqaro konsorsium tashkil etib, xalqaro moliya institutlariga ushbu loyihani moliyalashtirish uchun murojaat qildi. Mamlakatimiz rahbari masalaning yakuniy qarorini kutib o‘tirmasdan, loyihani jadallik bilan amalga oshirish maqsadida uni O‘zbekiston tomonidan moliyalashtirish bo‘yicha qaror qabul qildi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston tomonidan Surxondaryo viloyatidan Puli Xumri hududigacha elektr uzatish liniyasining qurilishi Afg‘onistonning, shu jumladan, poytaxt Kobul shahrining o‘tkir muammolaridan biri — energiya muammosini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi. Mazkur loyiha katta salohiyat va imkoniyatlarga ega. Surxon — Puli Xumri yangi elektr tarmog‘i Afg‘onistonga Markaziy Osiyoning yagona elektr energiyasi tizimiga qo‘shilishiga yordam beradi, kelajakda esa elektr energiyasini mazkur mamlakat hududi orqali Pokistonga eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, biz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, energetika sohalarida qo‘shma korxonalar barpo etishni rejalashtirayapmiz. Hozirgi paytda ushbu loyihalar ustida ish olib borilmoqda.

Afg‘oniston Islom Respublikasiga avtomobillarimizni yetkazib berish ustida ishlayapmiz. Tez yordam mashinalari, avtobuslar, qishloq xo‘jaligi texnikalari shular jumlasidandir. Yaqin istiqbolda biz Afg‘oniston tarafi bilan 350 taga yaqin avtomobillarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolanishini kutayapmiz. “O‘zavtosanoat” kompaniyasi bilan muzokaralarda bu borada tegishli kelishuvga erishildi. Afg‘oniston hududida avtomobillarimiz ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha zavodlar qurish hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilayotir. O‘zbekiston tarafi afg‘onistonlik hamkorlariga o‘z ta’lim muassasalarida soha uchun kadrlar tayyorlashda ham yordam beradi.

Farmatsevtika, tibbiy xizmat sohasida katta ishlar bajarildi. Misol uchun, Surxondaryo viloyatida Afg‘oniston fuqarolari uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasi faoliyat yurita boshlaydi. O‘tgan yilning noyabr oyida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yo‘lga qo‘yilib, ikki mamlakat poytaxtlari nihoyat yana o‘zaro bog‘landi. Havo qatnovlari har haftada amalga oshirilayapti va yaqin kelajakda ularning soni yana oshishi kutilmoqda. Viza masalalarini yengillashtirish uchun ham barcha sharoit yaratilayapti. Mamlakatdagi murakkab vaziyatga qaramasdan, afg‘onlar Samarqand hamda Buxoro singari tarixiy shaharlarimizga tashrif buyurishga katta qiziqish bildirishmoqda. Umid qilamizki, hademay, ushbu mamlakatdan sayyohlarni qabul qila boshlaymiz. Bularning barchasi Afg‘oniston bilan hamkorlikni yanada kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ulkan sa’y-harakatlarning bir qismi xolos.

— Sizning nazaringizda, Toshkent konferensiyasining asosiy natijalari nimalardan iborat?

— Toshkent konferensiyasining katta muvaffaqiyat bilan o‘tishida unga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilgani muhim o‘rin tutdi. Bunda ko‘p sonli muzokaralar o‘tkazildi, forum konsepsiyasi va ko‘rib chiqiladigan hujjatlar loyihalari tayyorlandi. Bu juda ham murakkab jarayon bo‘lganini aytish lozim. Gap shundaki, muzokaralar stoliga afg‘on muammosini hal etishning ayrim jihatlari borasida turli jiddiy qarama-qarshi fikrlarga ega bo‘lgan tomonlar taklif qilingan edi. Ammo ko‘rib turganingizdek, konferensiyaning barcha ishtirokchisi jafokash Afg‘oniston zaminida tinchlik jarayoniga har tomonlama ko‘maklashish hamda bu yo‘nalishda barcha sa’y-harakatni birlashtirish yuzasidan yakdil fikrda bo‘ldi. Shu o‘rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “urush olovi” afg‘on xalqiga chetdan tiqishtirildi, bu — uning tanlovi emas”, degan so‘zlarini yodga olish o‘rinli bo‘ladi. Toshkent konferensiyasining muhim natijasi shundaki, anjuman qatnashchilari qurolli muxolifatga, shu jumladan, “Tolibon” harakatiga ko‘p yillik mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish borasida tarixiy imkoniyatni qo‘ldan chiqarmaslik lozimligi va muammoni harbiy yo‘l bilan yechishning imkoni yo‘qligi yuzasidan aniq hamda qat’iy ishorani berdilar.

Albatta, biz Afg‘oniston tinchlik muzokaralari ertagayoq boshlanadi, deyishdan yiroqmiz. Ushbu maqsadga erishish uchun vaqt, yana ancha siyosiy va diplomatik sa’y-harakatlar kerak bo‘ladi. O‘zbekiston ushbu anjumanni bir martalik tadbir sifatida o‘tkazmadi. Binobarin, Toshkent Afg‘onistonda milliy yarashuvga erishish bo‘yicha butun jarayonning qismi bo‘lishni niyat qilgan. Biz afg‘on do‘stlarimiz bilan mazkur murakkab ishni davom ettiramiz. Eng asosiysi, afg‘onistonlik birodarlarimiz O‘zbekistonga ishonishmoqda. Ular sa’y-harakatlarimiz samimiyligini teran his qilishadi hamda qat’iy amindirlarki, O‘zbekiston ushbu jafokash zaminda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatishdan boshqa biror-bir maqsadni ko‘zlamaydi. Anjuman ishtirokchilari bo‘lajak tinchlik muzokaralari doirasi, shakli hamda joyi afg‘onlarning o‘zlari tomonidan belgilanishi kerakligini aniq bayon etishdi. Xalqaro hamjamiyat esa bu jarayonga ko‘maklashadi, xolos. Agar Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” harakati muzokaralar jarayoniga ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilsa, biz bo‘lg‘usi tinchlik muzokaralari uchun muloqot maydonini ajratishga tayyormiz. Toshkent har doim nafaqat non, balki tinchlik shahri ham bo‘lgan. 1966 yilda aynan poytaxtimizda Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi harbiy mojaroga nuqta qo‘yilganini ko‘pchilik yaxshi eslaydi. O‘shanda ikki mamlakat yetakchilari — Muhammad Ayubxon va La’l Bahodir Shastri aynan Toshkentda tinchlik bo‘yicha kelishuvga erishgan edi.

Qobil XIDIROV 
suhbatlashdi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?