Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi hamyurtimizni oliyhimmat ishi uchun taqdirladi

09:11 28 Avgust 2019 Jamiyat
74 0

2019-yilning 25-avgust kuni mamlakatimizning Qozon shahridagi (Rossiya) Bosh konsuli Fariddin Nasriyev yoʻl-transport hodisasida jarohatlanganlarga yordam berishda mardonavor harakati uchun Oʻzbekiston fuqarosi Danil Yuldashevga tashakkurnoma topshirdi. Bu haqda TIV xabar berdi.

2019-yilning 17-avgust kuni Perm shahrida shahar avtobusi YTHga uchrab binoga urildi. Natijada bir odam hodisa joyida vafot etdi, 32 dan ortiq shaxslar jarohat oldi. Mashgʻulotga ketayotgan hamyurtimiz toʻxtadi va mardonavor yordam berishni boshladi. U qiyshayib ketgan orqa eshiklarni buzib avtobusdan odamlarni olib chiqishni boshladi hamda oʻtib ketayotgan mashinalar haydovchilaridan jarohatlanganlarni kasalxonaga eltishni soʻradi. U “Tez yordam” kelganidan soʻng ham shifokorlarga yordam berishda davom etdi.

Danil Yuldashev Toshkentdan Permga koʻchib borgan. U yerda oʻrta taʼlimni olgan va hozirda ishlamoqda. Boks bilan shugʻullanadi. Uning qarindoshlari Oʻzbekistonda yashaydi.

Bosh konsulxonada Oʻzbekiston fuqarosiga madonavor harakati va insonparvarligi uchun tashakkurnoma topshirish marosimida bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari Erkin Muhitdinov hamda oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari Murodullo Xolmuhamedov ishtirok etdi va tashakkurnomaga imzo chekdi.

Avvalroq Danil Yuldashev insonlarni qutqarishda koʻrsatgan jasorati va qatʼiyligi uchun Perm oʻlkasi gubernatori Maksim Reshetnikovdan minnatdorlik xati oldi. Hamyurtimizning YTHdagi jasorati Rossiya OAVlarida keng yoritildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?