Oʻzbekiston boʻyicha kokus”: Birinchi uchrashuv sanasi maʼlum

12:28 20 Noyabr 2018 Siyosat
592 0

Oliy Majlis Senati hamda Qonunchilik palatasida Amerika Qoʻshma Shtatlari Kongressining Vakillar palatasi aʼzosi, “Oʻzbekiston boʻyicha kokus (doʻstlik guruhi)” raisi Trent Kelli boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Ularda parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

Kokuslar aʼzolik tashkiloti boʻlib, senatorlar va kongressmenlardan iborat guruh hisoblanadi. Ularning faoliyatida byurokratik jarayonlarning yoʻqligi bois kokuslar u yoki bu muammoga zudlik bilan munosabat bildirish va yechim topish imkonini beradi. Bundan tashqari, ularda mavjud muammoni qonunchilik doirasida muhokama qilish imkoni yuqori. “Oʻzbekiston boʻyicha kokus” tashkil etish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil may oyida Vashingtongga tashrifi natijalari boʻyicha qabul qilingan “yoʻl xaritasi”da parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish uchun koʻzda tutilgan edi. Vashingtonda davlatimiz rahbari Missisipi shtati kongressmeni Trent Kelli boshchiligidagi Kongress aʼzolari guruhi bilan muzokaralar olib borib, Vakillar palatasining yetakchi aʼzolarini bu jarayonga jalb qilish lozimligini taʼkidlagandi.

Oʻz navbatida, AQSH Kongressi Vakillar palatasida ikki tomonlama aloqalar tarixida ilk bor Oʻzbekiston boʻyicha doʻstlik guruhi tuzildi. AQSH Kongressining Vakillar palatasi aʼzosi Trent Kelli raislik qilayotgan mazkur tuzilma aʼzolari ishtirokida Oʻzbekiston — AQSH parlamentlari oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari keng muhokama etildi.

Mehmon taʼkidlaganidek, AQSH Kongressida “Oʻzbekiston boʻyicha doʻstlik guruhi” tuzilgani oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish uchun ulkan qadamdir. Buning natijasi oʻlaroq, Kongress Kutubxonasining “Ochiq dunyo” dasturi doirasida Oliy Majlis palatalari delegatsiyalarining AQSHga safarlari koʻpaymoqda. Oʻz navbatida, Kongress vakillari ham mamlakatimizga bir necha bor tashrif buyurib, turli sohalar, xususan, parlamentlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga oʻz hissalarini qoʻshib kelmoqda.

AQSH Kongressi delegatsiyasi aʼzolari Oʻzbekistonning tashqi olam bilan ochiq, doʻstona va oʻzaro manfaatli sheriklik sari tashlayotgan ishonchli qadamlariga yuqori baho berdi.

Tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ekaniga eʼtibor qaratdi.

Shuningdek, uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, eng avvalo, Afgʻonistonni barqarorlashtirish va tiklash masalalari boʻyicha ikki mamlakatning oʻzaro hamkorligi masalalari ham koʻrib chiqildi.

Maʼlumot uchun: “Oʻzbekiston boʻyicha kokus (doʻstlik guruhi)” joriy yilning avgust oyida oʻz ishini boshladi. Uning tarkibi respublikachilar va demokratlardan iborat. Respublikachilar partiyasining aʼzosi Trent Kelli Doʻstlik guruhining raisligiga, Demokratik partiya aʼzosi Visente Gonsales esa hamrais etib tayinlangan. Amaliyotga koʻra, kokus yilda ikki marotaba yigʻilib, Oʻzbekiston — Amerika munosabatlarini rivojlantirish yoʻllarini muhokama qiladi. Doʻstlik guruhining birinchi uchrashuvini keyingi yil boshida oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Mazkur tashrif esa AQSH Kongressi aʼzolarining mamlakatimiz haqidagi bilimlarini oshirishga qaratilgan.
Munisxon KARIMOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?