O‘zbekiston BMTning Amudaryo va Sirdaryo daryolari suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyasini ma’qullamoqda

18:33 06 Iyun 2018 Jamiyat
531 0

Kecha Toshkentda o‘z ishini boshlagan Markaziy Osiyo ekologiya forumida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Nodir Otajonov Amudaryo va Sirdaryo suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyani ishlab chiqishni faollashtirishni taklif qildi.

Uning fikricha, global isish sharoitida mintaqada suv resurslariga bog‘liqlik faqat chuqurlashib boradi.

“Sa’y-harakatlar, bilimlar, resurslar kooperatsiyasisiz mazkur tahdidga qarshi mos javobni ishlab chiqa olmaymiz”, dedi hukumat vakili.

U Markaziy Osiyodagi qishloq xo‘jaligi yerlarining 90 foizidan ziyodi bugun sun’iy sug‘orishni talab etayotgani, mintaqa aholisining qariyb 80 foizi, ya’ni agrar sohada band bo‘lgan 55 milliondan ziyod inson hayoti suvdan foydalanishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq ekanligini ta’kidladi.

Jahon banki prognozlariga ko‘ra, 2050 yilga kelib mintaqada aholi soni 90 million kishiga yetadi. Mazkur demografik o‘sish fonida suv tanqisligi 25-30 foizni tashkil etadi. Boz ustiga, sug‘orma yerlarda foydalaniladigan suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj 2020 yilga kelib 30 foiz ortadi.

BMT ekspertlari hisob-kitobiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanishdan olinadigan iqtisodiy foyda mintaqaviy ichki yalpi mahsulotning 5 foizi yoki taxminan 20 milliard AQSH dollarini tashkil etishi mumkin.

“O‘zbekiston mintaqadagi barcha davlatlar manfaatlarini hisobga olgan holda BMTning Amudaryo va Sirdaryo daryolari suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyasini birgalikda ishlab chiqish hamda ma’qullash ishlarini faollashtirishni taklif etadi”, dedi N.Otajonov.

Bosh vazir o‘rinbosari Orol halokati nafaqat bizning umumiy ekologik kulfatimiz, balki amaliy harakatlar talab etadigan juda jiddiy vazifa ekanligini qayd etdi. U Orol halokati bilan bog‘liq dolzarb muammolarni yechish yo‘lida Markaziy Osiyo mamlakatlari harakatlarini faollashtirish va xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligiga urg‘u berdi.

Nodir Otajonov O‘zbekiston maishiy chiqindilarni dunyo standartlari asosida boshqarishning mutlaqo yangi strategiyasini qabul qilmoqchi ekanligini ham bildirdi.

Bugun dunyo bo‘yicha plastikdan foydalanish hajmi 300 million tonnadan oshdi. Mazkur muammoga javoban O‘zbekiston rahbariyati chiqindilarni boshqarish bo‘yicha ichki siyosatni to‘liq qayta ko‘rib chiqdi. Bunda hosil bo‘lishdan tortib to to‘liq utilizatsiya qilish hamda qayta ishlashgacha bo‘lgan barcha zanjirlar bo‘yicha chiqindilarni boshqarishga integrallashgan yondashuv qabul qilindi.

N.Otajonov mamlakatda maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish bo‘yicha klasterlar yaratilayotgani va tartibga solishning yangi iqtisodiy mexanizmlari joriy etilayotganini e’tirof etdi.

Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston innovatsion texnologiyalar, ilmiy-texnik ishlanmalarni joriy etish, energiya tejamkor asbob-uskunalar va qurilmalarni ishlab chiqarishni kengaytirsh va mahalliylashtirish, elektr energiyasi ishlab chiqarish va muqobil energiya manbalaridan foydalanishda yoqilg‘i-energetika muvozanatini diversifikatsiya qilish chora-tadbirlarini qat’iy kuchaytirmoqchi ekanligiga ham alohida urg‘u bergan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?