Oʻzbekiston – BMT: insoniyat kelajagi va global hamkorlik istiqbollariga qaratilgan hayotiy tashabbuslar

10:48 24 Sentyabr 2020 Siyosat
496 0

Kuni kecha barchamiz davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi tarixiy nutqini hayajon bilan tingladik.

Prezidentimizning yuksak minbardan turib, oʻzbek tilida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator masalalar yuzasidan bildirgan muhim tashabbuslari oʻz ahamiyati jihatidan jahon hamjamiyatining katta eʼtibori va eʼtirofiga sazovor boʻlishiga shubha yoʻq. Zero, bundan roppa-rosa uch yil oldin davlatimiz rahbarining ushbu nufuzli minbardan turib Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish, BMTning “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, BMTning Yoshlar huquqlari boʻyicha konvensiyasini ishlab chiqish, Orolboʻyi muammosiga eʼtiborni oshirish va Afgʻoniston muammosini hal etish kabi masalalarga oid beshta taklifining aksariyati hozirga qadar amalga oshganini taʼkidlash kifoya.

BMTning bugungi yubiley sessiyasi insoniyat kelajagi, dunyodagi mavjud tendensiyalar va global hamkorlik istiqbollariga qaratilgani bilan tarixda qoladigan boʻldi. Eng asosiysi bunda Oʻzbekiston tomonining aniq pozitsiyasi va ezgu qarashlari yana bir bor dunyo hamjamiyati eʼtiborini oʻziga qaratdi. Shunday boʻlishi tabiiy. Chunki, takliflar ayni paytda butun insoniyatni hamda yer yuzidagi mamlakatlarni tashvishga solib kelayotgan muammolarni oʻzaro hamjihatlikda hal etishga qaratilgan chaqiriq, daʼvat desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Misol uchun davlatimiz rahbarining qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish borasidagi taklifi nihoyatda oʻrinlidir. Qaysi maʼnodaki, aholi kambagʻalligi – dunyoning deyarli barcha davlatlarida mavjud. Har bir davlat kambagʻallik bilan oʻz dasturi asosida kurashib kelmoqda. Bu masalaga xalqaro miqyosida ahamiyat qaratish, jahon mamlakatlarining butun kuch va imkoniyatlarini BMT atrofida birlashtirish ushbu muammoni yechishga xizmat qiladi.

Eʼtiborga molik jihati kambagʻallikni oldini olishga dunyo davlatlari turlicha yondashuvlar mavjud. Lekin ularning aksariyati oʻzini oqlamayapti. Nega? Chunki ayrim mamlakatlar hali-xanuz kambagʻallikni kamaytirish uchun natijadorligi past boʻlgan subsidiya va turli yordamlar berish uslubidan voz kechmayapti. Bu esa, bugungi kunda oʻzini umuman oqlamaydi. Agar masalaga Oʻzbekiston misolida yondashadigan boʻlsak, kambagʻal aholining ishsiz qismini tadbirkorlik va boshqa ish oʻrinlari bilan taʼminlash eng toʻgʻri yoʻl ekanligini koʻrish mumkin. Shu yoʻlni tanlagan, uni yana-da qoʻllab-quvvatlayotgan davlatlar allaqachon dunyoning eng taraqqiy etgan 20 ta mamlakati safidan muhim joy olgan. Bu davlatlarni hammamiz yaxshi bilamiz. Keyingi uch yilda mamlakatimizda ham bunga jiddiy eʼtibor qaratilyapti. Kam taʼminlangan aholining asosiy qismi qishloqlarda yashagani sababli ularga tomorqalardan unumli foydalanish imkoniyati yaratilayotgani yaqin kelajakda oʻzining samarasini yaqqol koʻrsatadi.

Xulosa qilib aytganda, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Prezidentimiz ilgari surgan barcha fikr va tashabbuslar Oʻzbekistonning BMTdek nufuzli tashkilot bilan hamkorligi soʻnggi yillarda yangicha mazmun-mohiyat kasb etayotganini, qolaversa, yangilanayotgan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, olib borilayotgan ochiq-oshkora, pragmatik ichki va tashqi siyosat naqadar toʻgʻri ekanligini jahon hamjamiyatiga yana bir bor namoyon etdi.

Shahnoza XOLMAXMATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?