Oʻzbekiston — BMT: inson huquqlarini himoya qilish yoʻlidagi mustahkam hamkorlik

11:58 16 Oktyabr 2020 Siyosat
309 0

Bugun Oʻzbekiston oʻz mustaqil taraqqiyotining sifat jihatdan yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Bu yoʻlda u jahonning koʻplab mamlakatlari va yirik xalqaro tashkilotlari bilan turli sohalarda hamkorlik qilib kelmoqda. Ayniqsa, davlatimizning hozirgi murakkab sharoitda davrimizning eng obroʻli xalqaro tuzilmasi — BMT bilan tinchlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash yoʻlidagi hamkorlik aloqalari yana-da mustahkamlanib, kundan-kunga faollashib bormoqda.

Prezidentimizning 2017-yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi ishtiroki va ushbu tashkilot yuqori minbaridan turib ilgari surgan qator muhim tashabbuslari mamlakatimiz bilan BMT oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergan edi.

Joriy yilda davlatimiz rahbari Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida BMT, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy kengash va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida koʻp tomonlama hamkorlikni jadallashtirishni davom ettirish zarurligini taʼkidlab, Oʻzbekistonning 2021-2023-yillar mobaynida BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo boʻlishi masalasini izchil ilgari surgani ham bejiz emas, albatta. Inchunun, bugun BMT xalqlar va millatlar oʻrtasida tinchlik va hamkorlik munosabatlarini kengaytirish va mustahkamlashda zamonaviy xalqaro munosabatlarning butun tizimidagi markaziy institutsional boʻgʻini hisoblanadigan universal tashkilotga aylandi. Oʻzbekiston esa ana shu yirik tashkilot bilan xalqaro munosabatlarni yana-da rivojlantirish yoʻlidan bormoqda.

Keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash hamda inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, soʻnggi toʻrt yilda qiynoqlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha jiddiy va ortga qaytmaydigan islohotlar amalga oshirildi.

Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi inson huquqlari boʻyicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlar, jumladan, Birlashgan millatlar tashkilotining 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakultativ protokoliga qoʻshilgan boʻlib, ularning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi va shartnomaviy qoʻmitalariga muntazam ravishda milliy maʼruzalarni taqdim etib kelmoqda. Shu boisdan mamlakatimizning ilk bor Birlashgan millatlar tashkilotining Inson huquqlari kengashiga uch yillik muddatga aʼzo sifatida saylanishi chindan-da tarixiy voqea boʻldi.

Bugun BMT faoliyatining uchta ustuvor yoʻnalishi mavjud boʻlib, birinchisi, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, ikkinchisi, barqaror taraqqiyotni taʼminlash, uchinchisi esa inson huquqlarini himoya qilishni koʻzda tutadi. Shu jihatdan, 2006-yilda taʼsis etilgan Inson huquqlari boʻyicha kengash tashkilot Bosh assambleyasining mazkur yoʻnalishdagi asosiy organi hisoblanadi. BMTning inson huquqlari boʻyicha siyosati ham aynan shu Kengashda ishlab chiqiladi.

Ayni vaqtda Oʻzbekistonning tinchlikparvar siyosati, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda har bir shaxsning qadr-qimmatini eʼzozlashga qaratilgan saʼy-harakatlari BMT faoliyatiga hamohang, deb baralla ayta olamiz. Mamlakatimizning Kengashga saylanishi zamirida ham Prezidentimizning inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlashga qaratilgan oqilona siyosati yotadi. Zero, oxirgi uch yilda yurtimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun”, degan tamoyil asosida xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli islohotlar olib borilayotganiga barchamiz bevosita guvoh boʻlyapmiz.

Bu yoʻnalishda Parlament faoliyatida ham bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari joriy yilning oʻtgan davri mobaynida hududlarda boʻlib, haqiqiy ahvolni oʻrganmoqda, aholining haqli talab-istaklaridan kelib chiqqan holda, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarning toʻgʻri yechimini taʼminlayapti. Mazkur jarayonlarda bir qator tashkilotlarning harakati, izlanishlari natijasida yurtimizda inson huquqlari muhofazasi yoʻlida mustahkam qonunchilik tizimi barpo etildi.

Yana bir muhim jihat. Yurtimizda insonni ulugʻlash, uning huquq va qonuniy manfaatlarini ifoda etish hamda har tomonlama kamol toptirish Bosh Qomusimizning asosiy gʻoyasiga aylantirilgan. Zero, inson huquqlari, qadr-qimmatini eʼzozlagan, hurmat qilgan barcha davlatlar bugun taraqqiyot sari odimlamoqda. Inson qadr topsa, hurmat qilinsa va erkinlikka ega boʻlsa, unda yaratuvchanlik, izlanish, oʻz ustida ishlash va hayotdan rozilik kayfiyati paydo boʻladi. Bunday yondashuvdan esa ham inson, ham davlat manfaatdor boʻlishi kerak.

Bir soʻz bilan aytganda, bugun Oʻzbekistonning demokratik oʻzgarishlarga sodiqligini namoyon qilish, yurtimizda kechayotgan ulkan islohotlar va yangilanishlar davrida avvalo, inson huquqlarini himoya qilish eng ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Bu borada BMT hamda boshqa xalqaro tuzilmalar bilan faol hamkorlikni olib borish esa albatta, Oʻzbekistonning milliy manfaatlariga xizmat qiladi.

Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?