Oʻzbekiston — BMT doirasidagi muhim xalqaro tashabbuslar ijodkori

14:20 24 Sentyabr 2020 Siyosat
670 0

Maʼlumki, BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi insoniyat oldida turgan dolzarb muammolarni muhokama etish, ularga yechim qidirish masalalariga bagʻishlanadi. Bu borada davlatlarning qarashlari oʻrtaga tashlanadi, mintaqalar va xalqlar manfaatidan kelib chiqib xulosalar belgilanadi.

Bunday nufuzli anjumanda maʼruza qilish imkoniyati hammaga ham berilavermaydi. Bunda davlatning ichki va tashqi siyosati, xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori, dunyoda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, turli millat va elatlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashdagi faol ishtiroki hisobga olinadi.

Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyadagi nutqi chindan-da tarixiy voqea boʻldi. 2017-yilning sentyabr oyida ham BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etib nutq soʻzlagan va bu mamlakatimiz bilan BMT hamkorligining yangi bosqichini boshlab bergani yodimizda.

Aytish joizki, Prezidentimiz BMT tashkil etilganining 75 yillik yubileyidagi nutqida oʻtkir va dolzarb xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Bu esa Oʻzbekistonning BMT doirasidagi muhim xalqaro tashabbuslar ijodkoriga aylanib borayotganini dunyo jamoatchiligiga yana bir bor namoyon etdi, desak toʻgʻri boʻladi.

Birinchidan, pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish taklif etildi. Ushbu hujjatda har bir davlatning oʻz fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozimligi taʼkidlandi. Haqiqatan ham bugungi kunda shunday masalalar yuzaga kelyaptiki, bu muammolarni birorta mamlakat yakka holda hal etishi amrimahol. COVID-19 pandemiyasi ana shu jarayonga yorqin misoldir. Pandemiya tufayli yuzaga kelgan va butun dunyodagi millionlab odamlarning hayotiga taʼsir koʻrsatgan hozirgi global inqiroz butun dunyo hamjamiyatining saʼy-harakatlarini birlashtirish va bunda BMTning oʻrni naqadar muhim ekanligini koʻrsatdi.

Shu maʼnoda Prezidentimiz jahon hamjamiyatini ushbu tashkilot atrofida yana-da jipslashishga, koronavirusni global tarqatmaslikni oldini olish borasidagi alohida saʼy-harakatlarni umumlashtirishga chaqirdi. Zero dunyo mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro hamjihatlik aloqalarining mustahkamlanishi pandemiya tufayli vujudga kelgan kutilmagan vaziyatga moslashishga olib keladi.

Ikkinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklifi bugungi kunning juda dolzarb masalasidir. Chunki bu boradagi aloqalar yangi bosqichga koʻtarilsa, mintaqamizdagi mamlakatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonch, doʻstlik va hurmat muhiti yana-da yaxshilanadi. Eng asosiysi Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro savdo hajmi oshadi.

Uchinchidan, qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish taklif etildi. Chindan ham bugungi keskin globallashuv va raqobat jarayonida qashshoqlik va kambagʻallik masalasi kun tartibiga chiqmoqda. Bu muammolar ayniqsa pandemiya davrida keskin koʻrinish oldi. Ushbu muammolarni har bir mamlakat yakka holda emas, birgalikda hal etishi eng toʻgʻri yoʻldir. Qolaversa, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining tadbirkorlik qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish, bu borada oʻzaro tajriba almashish ham yaxshi samara beradi.

Ishonchimiz komilki, bu kabi tashabbuslar jahon hamjamiyati va BMT rahbariyati tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanadi. Zero, ilgari surilgan takliflar bugungi kunda insoniyatni oʻylantirib kelayotgan dolzarb va oʻtkir muammolarni hal etishga qaratilgan muhim chaqiriqdir.

Umuman olganda, oʻtgan yillar davomida insoniyat qanday yutuqlarga erishgan boʻlsa, bunda tashkilotning oʻrni nihoyatda muhim. Shu jihatdan Oʻzbekiston uchun BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish juda dolzarb. Hamkorlikni yangi darajaga koʻtarish boʻyicha Harakatlar rejasi (yoʻl xaritasi) ishlab chiqilganligi bu boradagi amaliy qadamdir. 17 yoʻnalishni oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi” davlatimiz rahbarining tashqi siyosiy tashabbuslari, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan takliflarini oʻz ichiga olganligi bilan ahamiyatlidir.

Yana bir muhim jihat shundaki, endilikda Harakatlar rejasiga muvofiq, BMT institutlarida faoliyat yuritish uchun Oʻzbekiston ham oʻz nomzodlarini kiritish imkoniyatiga ega boʻladi. Ushbu hujjatdagi vazifalarning toʻliq roʻyobga chiqarilishi munosabatlarimizni yangi, yana-da yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Yana bir gap. Harakatlar rejasi barcha, ayniqsa, jamiyatning eng zaif va ehtiyojmand qatlami uchun inson salohiyatini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida milliy, mintaqaviy va global darajalarda BMT tizimi bilan hamkorlik munosabatlarini chuqurlashtirish hamda mustahkamlashga qaratilgan. Bir soʻz bilan aytganda, ushbu Harakatlar rejasi Oʻzbekistonning koʻp tomonlama munosabatlarga sodiqligining muhim namoyishidir.

Bugungi kunda Oʻzbekistonning muhim missiyasi va har bir davlatning ushbu murakkab davrdagi dolzarb vazifasi xalqaro hamjamiyatda alohida xavotir va tashvish uygʻotuvchi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga masʼuliyat bilan yondashishdir. Chunki har bir davlatning muvaffaqiyati, har qanday xalqaro vaziyatdan qatʼi nazar, aholining barcha qatlamlarini faol va sogʻlom hayot faoliyati uchun zarur boʻlgan miqdorda xavfsiz, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash salohiyatiga bogʻliq.

Ichki bozorni oziq-ovqat bilan toʻldirish, ularni ishlab chiqarish sohasida oʻz-oʻzini taʼminlashga erishish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash Oʻzbekiston iqtisodiyotining muhim sektori hisoblangan qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.

Bugungi kunda Oʻzbekiston oʻzining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash barobarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish orqali boshqa mamlakatlarning oziq-ovqat taʼminotiga ham hissa qoʻshmoqda. Bu, ayniqsa, koʻplab davlatlarning proteksionistik choralarni qoʻllayotgan bir paytda yaqqol namoyon boʻlyapti.

Shu jihatdan Prezidentimizning «Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblarining bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolariga bagʻishlangan sammitni oʻtkazish boʻyicha taklifini maʼqullaymiz» degan chuqur maʼnoli fikrlari nufuzli xalqaro anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.

Negaki, butun dunyoda oziq-ovqat taqchilligi xavfi ortib borayotgan bir paytda Oʻzbekiston rahbariyati nafaqat ichki talabni qondirish, balki tashqi bozorga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish imkonini beradigan muhim va zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Xulosa qilib aytganda, BMT tashkil etilganining 75 yillik yubileyi mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik koʻlamlarini kengaytirish, nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun jahonda barqarorlik, rivojlanish hamda farovonlik manfaatlari yoʻlida birgalikdagi ishlarning yangi yoʻnalishlarini belgilab olishga zamin yaratadi.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?