Oʻzbekiston – BMT doirasidagi muhim xalqaro tashabbuslar ijodkori

19:58 27 Fevral 2020 Siyosat
170 0

Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotiga teng huquqli aʼzo boʻlib kirganining 28 yilligi arafasida “Dunyo” AA muxbiri mamlakatimizning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor IBROHIMOV bilan suhbatlashdi. Vakolatxonamiz rahbari muloqot chogʻida xalqaro tashkilot bilan hamkorlikning joriy holati va istiqbollari haqida quyidagilarni soʻzlab berdi.

– Oʻzbekiston Respublikasi mustaqil davlat maqomiga ega boʻlgan dastlabki kunlardan boshlab, xalqaro hamjamiyat bilan teng huquqli, suveren hamkorlik olib borish yoʻlidan bormoqda, — dedi B.Ibrohimov. — Qisqa tarixiy davr mobaynida mamlakatimiz jahon hamjamiyatida oʻz oʻrniga ega davlatlardan biriga aylandi.

Bu borada eng asosiy qadamlardan biri — mamlakatimizning 1992-yil 2-mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo boʻlganidir. Bugungi kunga qadar Oʻzbekiston BMT rezolyutsiya va qarorlarini amaliyotga joriy etish, ularning ijrosi doirasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. Zero, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan faol munosabatlar va hamkorlik olib borish Oʻzbekistonning milliy manfaatlariga xizmat qiladi”.

Soʻnggi yillarda davlatimizning BMT bilan turli sohalarda hamkorlik aloqalari yana-da mustahkamlanib, kundan-kunga faollashib bormoqda. Eng asosiysi, BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholamoqda va Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan ijobiy oʻzgarishlarni namuna sifatida eʼtirof etmoqda.
 

Prezidentimizning 2017-yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi ishtiroki va ushbu tashkilot yuqori minbaridan turib ilgari surgan qator muhim tashabbuslar mamlakatimiz bilan BMT oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi va tarixiy ahamiyat kasb etdi.

Unda davlatimiz rahbari BMTning xalqaro munosabatlardagi rolini oshirishga qaratilgan dolzarb fikrlarni bildirdi. BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va qabul qilish, Bosh Assambleyaning “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik“ hamda “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyalarni qabul qilish taklifi bilan chiqdi.

Mamnuniyat bilan taʼkidlashni istardim, bugungi kunda Prezidentimizning BMT maxsus rezolyutsiyalarini qabul qilish boʻyicha ikki tashabbusi tashkilotga aʼzo davlatlar tomonidan bir ovozdan konsensus bilan qabul qilindi. Bu Oʻzbekistonning BMT doirasidagi muhim xalqaro tashabbuslar ijodkoriga aylanib borayotganidan dalolat.

Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari ilgari surgan yana bir muhim saʼy-harakat oʻzining amaliy natijasini berdi. Xususan, BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondi tuzildi va BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” nomli yana bir maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.

Bu kabi natijalar davlatimiz rahbari olib borayotgan faol tashqi siyosatning jahon hamjamiyati va BMT rahbariyati tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanayotganidan darakdir.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasining BMT bilan oʻzaro koʻp tomonlama hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari sifatida xavfsizlik, boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatmaslik, Afgʻoniston masalasini tinch yoʻl bilan hal etish, ushbu mamlakatni qayta tiklash, ekologik muammolarni bartaraf qilish, Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli hudud sifatida eʼtirof etish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, taʼlim, fan va madaniyatni rivojlantirish, tarixiy shaxslar va anʼanalar, meʼmoriy yodgorliklarni asrash, qayta tiklash kabilarni eʼtirof etish mumkin. Bu borada mamlakatimizning BMTdagi doimiy vakolatxonasi izchil va faol ish olib bormoqda.

Xususan, 2019-yil sentyabr oyida Oʻzbekiston vakili BMT Bosh assambleyasi 74-sessiyasi raisining oʻrinbosari etib saylandi. Bu ikki tomonlama hamkorlik tarixidagi yana bir muhim voqea boʻldi.

Bosh Assambleya BMTning asosiy maslahat organi boʻlib, unda tashkilotga aʼzo barcha davlatlar qatnashadi. U tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, qurolsizlanish, rivojlanish, kambagʻallikka barham berish, inson huquqlari va atrof-muhitni himoya qilish kabi muhim masalalar bilan shugʻullanadi. Xalqaro muammolarning keng doirasini koʻrib chiqadi va ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi.

Hozirgi vaqtda doimiy vakolatxonamiz asosiy eʼtiborni Prezidentimiz ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini qabul qilishga qaratgan.

Bu borada BMTga aʼzo davlatlar va BMT Bosh kotibining Yoshlar ishlari boʻyicha maxsus elchisi J.Vikramanayake bilan muntazam muzokaralar olib borilmoqda. Muloqotlar chogʻida mazkur konvensiyani qabul qilishning ahamiyati, uning asosiy maqsad va vazifalari, dolzarbligi boʻyicha aniq yondashuvlar bildirilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, ushbu muhim xalqaro hujjatni qabul qilish uchun barcha kuch va gʻayratimizni safarbar qilib, yosh avlod vakillari, ularning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish boʻyicha Oʻzbekiston va BMT hamkorligini mustahkamlashga intilyapmiz.

“Dunyo” AA muxbiri

Zamira AZIZXONOVA suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?