Oʻzbekiston birinchi Airbus A320neo samolyotini qabul qilib oldi. Unda butun Markaziy Yevropa boʻylab uchsa boʻladi

18:12 11 Mart 2019 Jamiyat
377 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Dilshod ULUGʻMURODOV, “Xalq soʻzi Online”. Bugun Toshkent xalqaro aeroportiga zamonaviy Airbus A320neo samolyoti kelib qoʻndi. U Oʻzbekiston Milliy aviakompaniyasi parkida shunday rusumda paydo boʻlgan ilk laynerdir.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Mazkur samolyot Fransiyaning Airbus kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. U innovatsion yechimlari va iqtisodiy jihatdan samaradorligi yuqoriligi bilan xaridorlar eʼtiborini qozongan.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Airbus A320neo ikki klassli komponovkada ishlangan boʻlib, 150 yoʻlovchi (biznes klassda – 12 , ekonom klassda – 138 nafar)ni tashishga moʻljallangan. Yangi samolyot CFM International kompaniyasining LEAP-1A dvigatellari va aerodinamik xususiyatlarini yanada yaxshilash imkonini beruvchi fyuzelyaj konstruksiyasidagi zamonaviy ishlanmalar tufayli oldingilariga nisbatan yoqilgʻini 20 foiz koʻproq tejaydi. 

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Iqtisodiy samaradorligi yuqori avialaynerning parvoz masofasi 4,5 mingdan 5 ming kilometrgacha uzaytirilgan. Bu “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasiga butun Markaziy Yevropa boʻylab qatnovlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Samolyot salonining zamonaviy dizayni parvoz davomida yoʻlovchilarga maksimal qulaylik yaratadi. Qulay va keng oʻrindiqlar, har bir yoʻlovchi uchun moʻljallangan individual koʻngilochar dasturli monitorlar, aloqa va Wi-Fi tizimlari, shuningdek, samolyot sahnida havoni sofligini saqlash va toʻgʻri taqsimlanishini taʼminlovchi mukammallashtirilgan konditsioner tizimi parvozdan oʻzgacha zavq olishga sabab boʻladi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Eslatib oʻtamiz, ikkita Airbus A320neo samolyotini yetkazib berish boʻyicha shartnoma 2017 yilda MAK rivojlanish strategiyasi hamda aviaparkni modernizatsiya qilish va yangilash dasturiga muvofiq imzolangan edi. Shu oyning oxirida esa ikkinchi samolyotning keltirilishi kutilmoqda.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Eslatib oʻtamiz, bugungi kunda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi zamonaviy samolyotlardan iborat aviaparkka ega. Aviatashuvchining barcha qatnovlari dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari – “Airbus” va “Boeing” kompaniyalariga tegishli Boeing-757/767, Boeing -787-8 Dreamliner, Airbus A320neo havo kemalari hamda Boeing-767-300BCF yuk samolyotlarida amalga oshiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?