Oʻzbekiston Belarusga meva va poliz mahsulotlarini yetkazib beradi

17:13 20 Iyun 2019 Iqtisodiyot
328 0

Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Belarus Respublikasi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat vazirligi oʻrtasida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati boʻyicha ishchi guruhning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda Belarus va Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Belarus tomoni qishloq xoʻjaligida agrosanoat majmui sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Oʻzbekiston vakillari esa sut ishlab chiqaruvchi zavodlarni yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlash, chorvachilikda sutni koʻpaytirish uchun laboratoriyalarni tashkil qilish, oʻsimliklarni yetishtirish, urugʻchilik va yem-xashak ishlab chiqarish sohasida Belarusning resurslarni tejovchi texnologiyalarini joriy etishga qiziqish bildirdi.

Shuningdek, 2018-yil 12-13-sentyabr kunlari Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi chogʻida qishloq xoʻjaligi sohasidagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi, qishloq xoʻjaligi boʻyicha Oʻzbekiston-Belarus hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Ishchi guruhi majlisi doirasida imzolangan shartnomaga koʻra, Oʻzbekistondan Belarusga meva va poliz mahsulotlari yetkazib beriladi.

Shuningdek, “Fan+ishlab chiqarish“ formatidagi fan, taʼlim, ishlab chiqarish yoʻnalishlaridagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali, “Texmash“ MCHJ, “Blyuming” MCHJ, “Beluniversalprodukt” UK oʻrtasida memorandum imzolandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?