Oʻzbekiston Belarusga avtomobil eksport qilmoqda, yaqin orada Rossiyaga sotishni ham qayta yoʻlga qoʻyadi

18:26 08 Aprel 2019 Iqtisodiyot
517 0

Oʻzbekiston yaqin orada Rossiyaga Ravon rusumidagi avtomobillarni sotishni qayta yoʻlga qoʻyadi. Bu shunchaki mish-mish emas. Sababi, birinchidan 2019 yilning mart oyida Rosstandart bazasida Ravon R2 rusumidagi transport vositasi maʼqullangani bilan bogʻliq maʼlumot paydo boʻlgan, ikkinchidan, bizga qoʻshni Belarusda bunday savdolar allaqachon boshlangan, deb xabar berdi Rossiyaning Astostat tahlil agentligi.

Xabarga koʻra, modellar eksporti 3 apreldan boshlangan. Bu GM Uzbekistan oʻzining narx siyosatini belgilab olganini anglatadi. Endi tejamkor avtomobillarni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining boshqa mamlakatlariga chiqarishda kompaniyaga hech narsa xalaqit bermaydi.

GM Uzbekistan yil boshidan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarni qoʻshni Afgʻoniston va Tojikistonga eksport qilish boshlanganini ham maʼlum qilgan.

Belarusda ayni paytda Nexia R3(Chevrolet Aveo) va Ravon R4 (Chevrolet Cobalt) taklif etilyapti.

Avvalroq Avtostat ushbu modellar savdosi Rossiyada ham hozircha (R3 uchun 2019 yil iyunigacha, R4 uchun 2019 yil oktyabrigacha) amalda ekanligini bildirgandi.

Ayrim maʼlumotlarga koʻra, GM Uzbekistan ularni yangilash bilan shugʻullanmoqda yoki buni qilib ulgurgan.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yil bahordan boshlab Rossiyaga Ravon avtoulovlarini yetkazib berish toʻxtatilgan edi.

Sababi, Avtostat maʼlumotlariga koʻra, 2018 yil birinchi choragida dilerlar tomonidan ushbu markadagi 1,5 mingga yaqin avtomobil sotilgan boʻlsa, aprel oyida savdo deyarli ikki barobar tushib ketgan, yil oxiriga kelib esa sotilmay qolib ketgan transport vositalari realizatsiya qilingan. Oqibatda oʻtgan yil yakuni boʻyicha ushbu brend ostida sotilgan avtoulovlar soni 5,5 mingtani tashkil etgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?