Oʻzbekiston – Belarus: Hamkorlikdagi taktik-oʻquv mashgʻulotlari muvaffaqiyatli yakunlandi

21:36 25 May 2019 Jamiyat
352 0

Oʻzbekiston – Belarus: Hamkorlikdagi taktik-oʻquv mashgʻulotlari muvaffaqiyatli yakunlandi

“Jangovar hamdoʻstlik–2019” shiori ostida Oʻzbekiston–Belarus maxsus boʻlinmalari harbiy xizmatchilari oʻrtasida oʻtkazilgan hamkorlikdagi maxsus taktik-oʻquv mashgʻulotlarining asosiy qismi yakuniga yetdi, deb xabar bermoqda Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati.

Mazkur mashgʻulotlarni Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi rahbariyati hamda mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Belarus qurolli kuchlari delegatsiyasi vakillari bevosita kuzatib bordi.

“Jangovar hamdoʻstlik–2019” taktik-oʻquvida rejalashtirilgan barcha mashgʻulotlar umumlashib, har ikki mamlakat harbiy xizmatchilarining yuksak jangovar shayligi, tezkorligi va aniqligini ifoda etdi. Vatanimiz va mehmon harbiylari razvedka xizmatining toʻliq maʼlumotlariga asosan shartli dushman oʻrnashgan hududni qurshab oldi. Hamkorlikdagi maxsus boʻlinmalarning “garovga” olingan shaxslarni ozod etish hamda shartli noqonuniy qurollangan toʻdaning soʻzsiz taslim boʻlishi haqidagi talabi keskin rad etilgach, ularning mudofaa chizigʻi qaqshatqich zarbalarga duchor boʻldi.

– “Jangovar hamdoʻstlik – 2019” doirasida oʻtgan mashgʻulotlar har ikki mamlakat harbiy xizmatchilarining zamonaviy jang amaliyotlaridagi muhim tajribalarini oshirdi, – deydi oʻzbekistonlik podpolkovnik Farhod Rustamov. – Harbiy xizmatchilari shartli dushman mudofaa chiziqlarini zirxli texnika orqali yorib kirish, guruhlarga boʻlingan holda tezkor taktik harakatlar bilan qurolli toʻdalarning pistirmalarini bombardimon etish, tepaliklardan arqon yordamida tushish vazifalarini aʼlo darajada bajardilar.

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli Mi-8 vertolyotining desantlashtirish harakatlari shartli dushman mudofaasi ort qismini oʻqqa tutish imkonini yaratdi. Garovga olingan bolalar va fuqarolarni oʻzbek va belarus harbiylari betalafot evakuatsiya qildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining Pop tumani boʻlimi va tez tibbiy yordam tezkor xodimlari tomonidan jarohatlangan shaxslarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilib, evakuatsiyasi amalga oshirildi, yongʻinlar oʻchirildi. Hudud xavfdan butkul xoli boʻldi.

“Jangovar hamdoʻstlik–2019”ning yopilish marosimida ishtirok etgan har ikki mamlakat mutasaddi vakillari mazkur zamonaviy jang amaliyoti namoyishining yuqori saviyada oʻtganini eʼtirof etdi. Maxsus taktik-oʻquv mashgʻulotlari davomida oʻrnak boʻlgan harbiy xizmatchilar har ikki mamlakat mudofaa idoralari tomonidan taqdirlandi.

Mehmonlar sharafiga Namangan viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan saylda oʻzbek milliy qadriyatlari, urf-odatlari va hunarmandchilik namunalari aks etgan ekspozitsiyalar, shuningdek oʻzbek milliy taomlarining tayyorlanish jarayonlari haqida maʼlumot beradigan koʻrgazmalar mehmonlarda katta taassurot uygʻotdi.

Harbiy orkestr ijodiy jamoasi hamda soʻlim vodiyning taniqli xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar barchaga bayram kayfiyatini uygʻotdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?