Oʻzbekiston atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi

16:15 12 Fevral 2019 Jamiyat
1004 0

Oʻzbekistonda 2019-2029 yillarda mamlakat atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat mamlakat Prezidentining 2019 yil 7 fevraldagi PQ-4165 sonli qarori bilan tasdiqlangan.

Hujjatda dastlab qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“Oʻzatom” agentligi) tomonidan tegishli vazirliklar va idoralar bilan birga 2018-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumatlari oʻrtasida Oʻzbekiston hududida atom elektr stansiyasini barpo etish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tadbirlari bajarilmoqda.

Qaror bilan tasdiqlangan konsepsiyada quyidagilar koʻzda tutilgan:

milliy yadro infrastrukturasini rivojlantirish, shu jumladan, meʼyoriy-huquqiy bazani shakllantirish, Oʻzbekistonning yadro xavfsizligi boʻyicha global rejimda ishtirok etishini, jamoatchilik uchun yadro-energetik dasturning ochiqligini taʼminlash, malakali kadrlar bilan taʼminlash;

birinchi atom elektr stansiyasini barpo etish, shu jumladan, maydon tanlash va joylashtirilishini litsenziyalash, AES ni loyihalashtirish, qurish va foydalanishga topshirish;

atom energiyasidan foydalanishda atrof-muhit muhofazasini va odamlarning radiatsion himoyasini taʼminlash;

xavfsiz va iqtisodiy jihatdan samarali yadroviy yoqilgʻi siklini taʼminlash, shu jumladan, atom energetikasini uzoq muddat yadro yoqilgʻisi bilan taʼminlash, qayta ishlangan yoqilgʻi bilan xavfsiz muomala qilish uchun shart-sharoitlarni yaratish, uni qayta ishlash va chiqindilar utilizatsiya qilinishini taʼminlash;

atom energetikasining uzoq muddatli rivojlanishini taʼminlash, shu jumladan, atom fani va texnologiyalarini rivojlantirish, mamlakat tashkilotlari tomonidan AES qurilishi va undan foydalanishni qoʻllab-quvvatlash uchun loyihalashtirish, konstruktorlik, ekologik va boshqa sohalarga oid bilim va tajribalarni oʻzlashtirish, boʻlgʻusi AES uchun referent texnologiyalarni tanlash maqsadida yadroviy texnologiyalarni oʻrganish.

Shuningdek, qaror bilan 2019-2029 yillarda mamlakat atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

“Yoʻl xaritasi” quyidagilar boʻyicha tadbirlar amalga oshirilishini koʻzda tutadi: yadro xavfsizligi sohasidagi xalqaro konvensiyalarga qoʻshilish yoki qoidalarini Oʻzbekiston qonunchiligiga implementatsiya qilish, shuningdek, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi meʼyorlar va qoidalarni qabul qilish; maydon tanlash hamda AES ni joylashtirilishini litsenziyalash, AES va uning tashqi infrastruktura obyektlarini loyihalash, qurish va foydalanishga topshirish; atrof-muhitni muhofaza qilish va radiatsion himoya, shu jumladan, ishlatilgan yadro yoqilgʻisini olib chiqish va saqlash, yangi va ishlatilgan yadro yoqilgʻisi bilan muomala qilish; atom fani va texnologiyalarini, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoy soha, yadroviy tibbiyot va radioximiya uchun noenergetik yadro texnologiyalarini rivojlantirish; konsepsiyada koʻzda tutilgan tadbirlar amalga oshirilishining monitoringi va nazorati.

“Oʻzatom” agentligi matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?