Oʻzbekiston «Armi – 2020» xalqaro armiya oʻyinlarida: shartlar, natijalar, rekordlar

15:36 07 Sentyabr 2020 Jamiyat
278 0

2020-yilning 23-avgustidan 5-sentyabrigacha davom etgan “ArMI – 2020” xalqaro armiya oʻyinlarida 30 dan ortiq davlatning 160 dan ziyod jamoasi qatorida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 16 yoʻnalishda yaʼni, “Merganlik marrasi”, “Qurolsoz usta”, “Musaffo osmon”, “Artilleriya olovi ustasi”, “Yoʻl patruli”, “Qoʻshin razvedkasi aʼlochilari”, “Tank biatloni”, “Elburs halqasi”, “Sodiq doʻst”, “Xavfsiz marshrut”, “Dala oshxonasi”, “Harbiy ralli”, “Harbiy-tibbiy estafeta”, “Merganlar marrasi”, “Otliq marafon”, «Avtozirhli tanktexnika ustasi» musobaqalarida faol ishtirok etdi.

Oʻtgan yil hamyurtlarimiz umumjamoa hisobida 32 mamlakat harbiylari oʻrtasida jami 14 yoʻnalishda – 2 ta birinchi, 4 ta ikkinchi, 5 ta uchinchi oʻrinni egallab, umumjamoa hisobida 5-oʻrinni egallagan boʻlsa, joriy yilda 3-pogʻonaga koʻtarildi.

Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ poligonida oʻtgan “Harbiy- tibbiy estafeta” musobaqasi qizgʻin bahslarga, vakillarimiz uchun unutilmas lahzalarga boy boʻldi. Yurtdoshlarimiz shartlarni bajarish jarayonida oʻtgan yilgi rekordlarni bir necha bor yangiladilar. Xususan, erkaklar jamoasi 6 daqiqa 28,8 soniya koʻrsatgich bilan rekord vaqtini 1 daqiqa 8 soniyaga yangiladi.

Sharqiy harbiy okrugi poligoni birinchi bor mezbonlik qilgan “Yoʻl patruli” musobaqasida ham yurtdoshlarimizga teng keladigani topilmadi.

Natijada jamoamiz Rossiya va Belarusdan kelgan hamkasblarini ortda qoldirib, 1-oʻrinni egallab, shohsupaga koʻtarildi.

Xalqaro armiya oʻyinlarining “Sodiq doʻst” musobaqasida 2017-yilda 3-oʻrinni, 2018-yilda 4-oʻrinni 2019-yilda 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston harbiy kinologlari joriy yilda 1-oʻringa sazovor boʻldi.

Eng muhim mutaxassisliklardan biri “Qoʻshin razvedkasi aʼlochilari” musobaqasi Novosibirsk shahri yaqinidagi «Kolsovo» poligonida boʻlib oʻtdi.

Yakunda shohsupa quyidagicha koʻrinish oldi:

I oʻrin – Rossiya;

II oʻrin – Oʻzbekiston;

III oʻrin – Belarus.

“Elburs halqasi” xalqaro musobaqasida ishtirokchi davlatlar harbiy xizmatchilari bir necha shartlarni oʻta murakkab togʻ sharoitida va kuchli bosim ostida bajardilar. Kabardin-Bolqordagi Elburs choʻqqisiga uyushtirilgan marsh harbiy alpinistlarni jiddiy sinovdan oʻtkazdi.

Vakillarimiz ushbu musobaqalarda 2017 va 2018-yil 4- va 5-oʻrinlarni egallagan edi. 2019-yilda esa 12 041 ball jamgʻargan Oʻzbekiston jamoasi shohsupaning ikkinchi pogʻonasini egalladi. Joriy yilda ham hamyurtlarimizga ikkinchi oʻrin nasib etdi.

Artilleriya olovi ustasi” musobaqasi Rossiyaning Saratov viloyatida oʻtkazildi. Ushbu tanlov uch bosqichdan iborat boʻlib, birinchi “Individual poyga” bosqichida minomyot hisoblari umumiy uzunligi 4 kilometrlik (2 km dan 2 aylana) toʻsiqlardan oʻtib, belgilangan nishonlarni yoʻq qilishi lozim. Ikkinchi bosqich “Tungi sprint” harakatlar xuddi birinchi bosqichdagi kabi amalga oshiriladi. Farqi, harakatlar qorongʻida boʻlib oʻtadi.

“Estafeta” – uchinchi bosqichda ikkala minomyot hisoblari ishtirok etadi. Bunda birinchi minomyot hisobi finishga 50 metr qolganda ikkinchi minomyot hisobiga tartib raqamini uzatadi. Tartib raqamlari qoʻlga uzatilmay turib, ikkinchi minomyot hisobi start chizigʻini kesmay turadi. Musobaqalar yakuniga koʻra yurtimiz vakillari faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. VI Xalqaro armiya oʻyinlarining oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar ishtirok etgan barcha yoʻnalishlar boʻyicha natijalar quyidagicha:

  • “Sodiq doʻst” — 1-oʻrin;
  • “Yoʻl patruli” — 1-oʻrin;
  • “Harbiy tibbiy estafeta” — 1-oʻrin;
  • “Qoʻshin razvedka aʼlochisi” — 2-oʻrin;
  • “Harbiy ralli” — 2-oʻrin;
  • “Otliq marafon” — 2-oʻrin;
  • Elbrus halqasi” — 2-oʻrin;
  • “Xavfsiz marshrut” — 2-oʻrin;
  • “Artilleriya olovi ustasi” — 2-oʻrin;
  • “Qurolsoz usta” — 2-oʻrin;
  • “Merganlik marrasi” — 2-oʻrin;
  • “Dala oshxonasi” — 3-oʻrin;
  • “Xavfsiz muhit” — 3-oʻrin;
  • «Avtozirhli tanktexnika ustasi» — 3-oʻrin” deyiladi Mudofaa vazirligining Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?