Oʻzbekiston “ARMI – 2019” xalqaro armiya oʻyinlarida: shartlar, natijalar, rekordlar

18:28 20 Avgust 2019 Jamiyat
127 0

Tinchlik va osoyishtalik. Buning ortida qanchalab insonlarning mashaqqatli mehnati, fidoyi xizmati bor. Qanchalab oʻgʻlonlarning kechani kecha, kunduzni kunduz demay chekkan zahmatlari bor. Ularni bir soʻz bilan Vatan himoyachilari deymiz.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan harbiy islohotlar natijasida qisqa davrda Qurolli Kuchlarimizning jangovar shayligi, xalqaro maydondagi nufuzi ortdi.

Joriy yilning 3-avgustidan 17-avgustigacha davom etgan “ArMI – 2019” xalqaro armiya oʻyinlarida 39 ta davlatning 200 dan ortiq jamoasi qatorida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 14 yoʻnalishda yaʼni, Belarusda “Merganlik marrasi”, Xitoyda “Qurolsoz usta” va “Musaffo osmon”, Qozogʻistonda “Artilleriya olovi ustasi”, Eronda “Yoʻl patruli”, Hindistonda “Qoʻshin razvedkasi aʼlochilari”, Rossiyada “Tank biatloni”, “Elburs halqasi”, “Sodiq doʻst”, “Xavsiz marshrut”, “Dala oshxonasi”, “Harbiy ralli”, “Rembat”, Oʻzbekistonda “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqalarida faol ishtirok etdi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.

Oʻtgan yil umumjamoa hisobida 32 mamlakat harbiylari oʻrtasida oltinchi oʻrinni egallagan harbiylarimiz joriy yil jami 11 yoʻnalishda – 2 ta birinchi, 4 ta ikkinchi, 5 ta uchinchi oʻrinni egallab, 5-pogʻonaga koʻtarildi.

Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ poligonida oʻtgan “Harbiy- tibbiy estafeta” musobaqasi qizgʻin bahslarga, vakillarimiz uchun unutilmas lahzalarga boy boʻldi. Yurtdoshlarimiz shartlarni bajarish jarayonida oʻtgan yilgi rekordlarni bir necha bor yangiladilar. Xususan, tibbiy xizmat kapitani Bobojon Elmurodov toʻsiqlar osha yugurishda 2018-yilgi Rossiya rekordini 53 soniyaga qisqartirib, marraga 1 daqiqa 50 soniyada yetib keldi. Individual mahorat va oʻq uzishda ham unga teng keladigani topilmadi. Xuddi shu musobaqada Shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchilar, oddiy askarlar Hokimbek Madaminjonov, Xayrullo Olimov, Liliya Manasipova, serjant Oydinoy Ubaydullaxoʻjayeva ham rekord oʻrnatdi.

Natijada jamoamiz Rossiya va Qozogʻistonlik hamkasblarini ortda qoldirib, 1-oʻrinni egallab, shohsupaga koʻtarildi.

“Tank biatloni” musobaqasida vakillarimiz bu yil birinchi marta ishtirok etdi. Shunga qaramay, tankchilarimiz Moskva viloyatida joylashgan Alabino poligonida “Tank biatloni” II divizionining yakka tartibdagi poyga, yarimfinal bosqichlarida bor mahoratlarini namoyish qilib, finalga yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi.

Final bahsida yurtdoshlarimiz T-72 B-3 tankini mahorat bilan boshqarib, manyovrchanlik va tezkor harakatlanish, turli murakkab toʻsiqlardan betalafot oʻtish, belgilangan nishonlarni yoʻq qilish boʻyicha eng yaxshi natijani qayd etdi.

Yashil tankda harakatlangan Oʻzbekiston jamoasi finalda Vyetnam, Kuba va Uganda jamoalaridan 17 daqiqa oldin, yaʼni 2 soat 7 daqiqayu 22 soniyada marraga birinchi boʻlib yetib keldi va II divizionning mutlaq gʻolibiga aylandi.

Xalqaro armiya oʻyinlarining “Sodiq doʻst” musobaqasida 2017-yilda 3-oʻrinni, 2018-yilda 4-oʻrinni qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston harbiy kinologlari joriy yilda 2-oʻringa sazovor boʻldi.

1600 metr masofaga estafeda yugurish shartida shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Sodiq Dilmurodov oʻzining “Klift” laqabli xizmat iti bilan rekord oʻrnatdi. Vakilimiz belgilangan masofani 5 daqiqayu 59 soniyada bosib oʻtdi. “Sodiq doʻst” musobaqasi tarixida hali bunday koʻrsatkich boʻlmagan, deya eʼtirof etishdi mutaxassislar.

Omsk shahrida oʻtkazilgan “Rembat” – “Eng ilgʻor taʼmirlash va evakuatsiya batalyoni” musobaqasi qizgʻin bahslar bilan kechdi. Shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Abdumalik Najmidinov otish tayyorgarligi bosqichining “Eng yaxshi mergan” nominatsiyasida eng yuqori 100 ballni toʻplab, bu borada tengsiz ekanligini namoyish etdi. Ushbu musobaqada birinchi marotaba ishtirok etgan mamlakatimiz vakillari dunyoning kuchli 8 jamoasi oʻrtasida faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Eng muhim mutaxassisliklardan biri “Qoʻshin razvedkasi aʼlochilari” musobaqasi Hindistonning Jaysalmer shahri hududidagi poligonda boʻlib oʻtdi. Rossiya, Belorus, Qozogʻiston, Armaniston, Xitoy, Hindiston va Sudanning qoʻshin razvedkachilari bir necha bosqichlarda kurash olib bordilar.

Beshinchi bosqichda oʻzbek razvedkachilari qurol-aslahalar va toʻliq jangovar ekipirovkada suvli toʻsiqdan suzib oʻtish shartini 13 daqiqayu 22 soniyada bajarib, musobaqa rekordini oʻrnatishdi.

Yakunda shohsupa quyidagicha koʻrinish oldi:

I oʻrin – Hindiston;

II oʻrin – Oʻzbekiston;

III oʻrin – Rossiya.

Tantanali yopilish marosimida toʻqqiz nafar harbiy xizmatchimiz alohida nominatsiyalar boʻyicha yorliqlar va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

“Elburs halqasi” xalqaro musobaqasida ishtirokchi davlatlar harbiy xizmatchilari bir necha shartlarni oʻta murakkab togʻ sharoitida va kuchli bosim ostida bajardilar. Kabardin-Bolqordagi Elburs choʻqqisiga uyushtirilgan marsh harbiy alpinistlarni jiddiy sinovdan oʻtkazdi.

Oʻnlab maxsus vazifalarni oʻz ichiga olgan marsh davomida ular Terskol choʻqqisi, Azau yalangligi, Priyut-11, Elbrusning dengiz sathidan 5642 metr baland boʻlgan gʻarbiy choʻqqisigacha 20 kilometrga yaqin masofani bosib oʻtdilar. Marsh davomida balandlikning umumiy oʻzgarishi 2200 metrga teng boʻldi.

Final bellashuvlarida Oʻzbekiston jamoasi Elbrusni birinchi boʻlib zabt etdi. Vakillarimiz ushbu musobaqalarda 2017 va 2018-yil 4- va 5-oʻrinlarni egallagan edi. Joriy yil 12 041 ball jamgʻargan Oʻzbekiston jamoasi shohsupaning ikkinchi pogʻonasini egalladi.

Oʻzbekistonning “Yoʻl patruli” jamoasi Eronda oʻtkazilgan xalqaro musobaqada kuchli uchlikdan joy oldi. Jamoalar yetti harbiy xizmatchi tarkibida “Lada Vesta” markasidagi avtomobillarda ekstremal sharoitlarda turli murakkab shartlarni bajarish, individual poyga, qoʻl va jezl yordamida yoʻl harakatini tartibga solish, gʻildiraklarni almashtirish, harbiy-texnik estafeta shartlari boʻyicha bellashdilar.

Qozogʻistonning “Otar” bazasi poligonida “Artilleriya olovi ustalari” xalqaro tanlovida Armaniston, Belarus, Venesuela, Ozarbayjon, Zimbabve, Eron, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya, Suriya, Tojikiston va Oʻzbekiston jamoalari birinchilik uchun oʻzaro kurashdi.

“Individual poyga”, “Tungi sprint” va “Estafeta” deb nomlangan uch bosqich bahslarining yakuniy natijalariga koʻra, oʻzbekistonlik artilleriyachilar kuchli uchlikka kirishga muvaffaq boʻldi.

“Dala oshxonasi”. Mazkur yoʻnalishda Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston, Belarus, Shri-Lanka, Vyetnam, Moʻgʻuliston, Janubiy Afrika Respublikalari jamoalari kurash olib bordi.

Oʻzbek harbiy oshpazlari musobaqaning ikkinchi bosqichida pishiriq va sharbat tayyorlash shartini muvaffaqiyatli bajarib, yarim finalga yoʻl oldi. Soʻnggi bosqichda esa vakillarimiz dala sharoitida tayyorlagan ikkitadan birinchi va ikkinchi taomlar, sharbat va shirinlik (desert) hakamlar hayʼati tomonidan munosib baholandi va ular 10 ta jamoa orasida faxrli 3- oʻrinni egalladilar.

Tyumen viloyati dala-oʻquv maydonida boʻlib oʻtgan “Xavfsiz marshrut” yoʻnalishi bahslari Su-24 bombardimonchi samolyoti va Mi-8 vertolyotining shartli aviazarbalari sharoitida boshlandi. Jang holatiga maksimal darajada yaqinlashtirilgan musobaqa jarayonida oʻzbekistonlik muhandis-sapyorlar jangovar vazifani muvaffaqiyatli ado etish uchun qulay sharoit yaratish, dushmanga talafot yetkazish va uning harakatlarini qiyinlashtirish kabi vazifalarni oʻz ichiga olgan shartlarning yakuniy ballariga koʻra, yetti davlat jamoalari oʻrtasida 3-oʻringa loyiq deb topildi.

Tantanali yopilish marosimida shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Shavqiddin Narzullayev va kichik serjant Feruz Guchchiyev “Eng ilgʻor BAT-2 ekipaji” nominatsiyasi gʻolibi deya eʼlon qilindi.

Xitoyning Korla shahrida oʻtkazilgan V Xalqaro armiya oʻyinlarining “Musaffo osmon” musobaqasi 3 bosqichda: “mahorat”, “hamkorlik” va “aralash estafeta” shartlari boʻyicha oʻtkazildi.

Xitoy, Rossiya, Belarus, Misr, Venesuyela, Pokiston va Oʻzbekiston jamoalari “Type 92A” BTR texnikasida harakatlanish, QW-2 koʻchma zenit raketa majmuasidan soniyasiga 250-300 metr tezlikda uchayotgan “Vertolyot” nishonini hamda 12,7 millimetrli zenit pulemyot qurilmasidan boshqa nishonlarni yakson qilish mashqlarini bajardi.

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi 2018-yilda 5-oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, bu yil 3-oʻrinni egalladi.

Milliy armiyamizning kuch-qudrati, Vatanimiz himoyachilarining jangovar shayligi yildan yilga yuksalib borayotganini yaqqol namoyon qilgan “Armi – 2019” xalqaro harbiy oʻyinlarining gʻoliblari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida katta tantanalar bilan kutib olindi.

Oʻz taqdirini Vatan taqdiri bilan bogʻlagan, oriyatni, gʻurur va sadoqatni hamma narsadan ustun bilgan bu yigitlar yana bir bor xalqimizning hurmat-ehtiromini qozondi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?