O‘zbekiston — AQSh: Savdo-iqtisodiy hamkorlik yanada rivojlanadi

14:30 12 May 2018 Iqtisodiyot
546 0
Foto: president.uz

Xabar qilinganidek, joriy yil 15 — 17 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘ladi. Muzokaralar chog‘ida qator dolzarb masalalar bilan birga, amaliy sheriklikni kengaytirish va o‘zbek iqtisodiyotiga AQSh sarmoyalari hamda texnologiyalarini jalb etish bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilinishi kutilmoqda. Ushbu muhim voqea arafasida “Jahon” axborot agentligi O‘zbekiston — Amerika savdo aloqalarining zamonaviy holati va istiqbollarini tahlil etdi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari ko‘pgina iqtisodiy hamda boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha sayyoramizdagi yetakchi mamlakat bo‘lib qolmoqda: masalan, 2017 yil yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulot 18 trillion dollardan oshdi. AQSh dunyoning eng diversifikatsiyalashgan postindustrial iqtisodiyoti bo‘lib, unda yuqori ishlab chiqarish kuchiga ega innovatsiyalar tarmog‘i ustun ahamiyatga egadir. Mamlakat ilmiy-texnikaviy taraqqiyot natijalarini industriyaga tatbiq etish, o‘z kashfiyotlariga litsenziyalarni eksport qilish, ixtiro hamda eng yangi ishlanmalar borasida yetakchi davlat sanaladi. Amerika yalpi ichki mahsulotining katta qismi bir necha yillardan buyon xizmat ko‘rsatish sohasi tarmoqlari hisobidan shakllanib kelayapti.

O‘z navbatida, Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan, mintaqaning barcha mamlakati va Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekiston izchil o‘suvchan iqtisodiyot hamda katta iste’mol bozoriga va tabiiyki, barcha qo‘shni davlatlar bozoriga chiqish yo‘liga egadir. Arzon, biroq yuqori malakali ishchi kuchi hamda jadal rivojlanayotgan infratuzilmaga ega bo‘lgan respublika o‘ta istiqbolli sarmoyaviy sherik hisoblanadi.

Shuning uchun Toshkent va Vashington o‘zaro munosabatlarda savdo-iqtisodiy almashuvlarni kuchaytirishga ustuvor ahamiyat bermoqda. 1993 yildan buyon savdo munosabatlarida eng qulay sharoit yaratish rejimi amal qilayapti. 2006 yili imzolangan AQSh — Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo va sarmoyalar bo‘yicha doiraviy bitim (United States — Central Asia Trade and Investment Framework Agreement, TIFA) ham o‘zaro amaliy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashayotir.

2017 yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh biznes doiralari vakillari bilan qator samarali uchrashuvlar o‘tkazgani barobarida, Amerikaning yuzdan ziyod yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekiston — AQSh biznes forumida ham qatnashdi. Tadbir yakuni bo‘yicha AQSh kompaniyalari bilan neft-gaz va neft-kimyo jabhasi, mashinasozlik, elektrotexnika sanoati hamda fuqaro aviatsiyasi sohalarini qamrab olgan, umumiy qiymati 2,6 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan yirik hujjatlar to‘plami imzolandi. 2017 yil fevralda xuddi shunday biznes forumi Toshkentda ham o‘tkazilgan edi.

Qo‘shma dasturlar va turli jabhalardagi loyihalarni ilgari surishda Amerika — O‘zbekiston savdo palatasining hissasini alohida aytib o‘tish joiz. 1993 yili tashkil topgan mazkur assotsiatsiya ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida ishonchli ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi hamda qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlariga, xalq hunarmandchiligi va to‘qimachilik buyumlariga okeanortida katta talab bor. Ushbu yo‘nalishda ko‘lamli ishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘tgan yili Nyu-Yorkda O‘zbekiston — Amerika savdo uyi ochildi. U ishbilarmon doiralar vakillarining sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish, mamlakatimiz tadbirkorlari ishlab chiqaradigan mahsulotlar eksportini ko‘paytirishni ko‘zda tutadi.

Ma’lumki, O‘zbekiston dunyoning kamsonli davlatlari qatorida o‘zining avtomobilsozlik sanoatiga ega. Respublikamiz “General Motors” korporatsiyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. U 2007 yildan buyon yurtimiz bozorida faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu o‘rinda 2011 yili “General Motors Powertrain Uzbekistan” zavodi ishga tushirilgani, unda yengil avtomobillar uchun dvigatellar ishlab chiqarilayotganini ham esga olish o‘rinli bo‘ladi.

Jahon aviasanoatining giganti hisoblanadigan “Boeing” mamlakatimiz uchun zamonaviy fuqaro havo kemalarini yetkazib beradigan yirik sheriklardan hisoblanadi. Yaqinda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi parki ikkita “Boing-787-8 Dreamliner” bilan boyidi. Bugungi kunda O‘zbekiston davlat bayrog‘i ranglari tushirilgan “orzu laynerlari” dunyoning uzoq masofadagi nuqtalariga beto‘xtov qatnovlarni amalga oshirmoqda.

“General Electric” korporatsiyasi o‘zbek iqtisodiyotining neft-gaz va aviatsiya jabhalaridagi dasturlarni hayotga tatbiq etishda qatnashayapti, sog‘liqni saqlash, qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqishdagi loyihalarni moliyalashtirmoqda.

O‘zbekistonning dam olish industriyasidagi salmoqli imkoniyatlari hamda respublikamizda sayyohlik biznesi uchun yaratilgan qulay sharoitlar “Hyatt” korporatsiyasining e’tiborini tortdi. Bugungi kunda hashamatli “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi O‘zbekiston poytaxtini bezab turibdi. Hozirgi paytda kompaniya Buxoro, Xiva va boshqa shaharlarda mehmonxonalar tarmog‘ini ochishni ko‘zlamoqda. Boshqa yirik korporatsiya — “Hilton” ham O‘zbekiston bozoriga kirib kelishni mo‘ljallayapti.

So‘nggi paytlarda valyuta siyosatini liberallashtirish, soliq rejimini soddalashtirish, sarmoyadorlar uchun qo‘shimcha qulaylik hamda imtiyozlar yaratish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni ko‘rayotgan respublikamizdagi ishbilarmonlik muhiti AQShning yetakchi firma va kompaniyalari e’tiborini tortayotgani, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Shubha yo‘qki, O‘zbekiston hamda AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning hozirgi darajasi tomonlar salohiyati va intilishlariga to‘la javob bermaydi. Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining o‘rta muddatli istiqbolda asosiy xorijiy sheriklar bilan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishdagi ustuvor yo‘nalishlarda bu borada bir qator aniq-ravshan chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Xususan, o‘zbek iqtisodiyotini modernizatsiyalash, kadrlar tayyorlash hamda inson kapitalini rivojlantirish, jumladan, AQShning sarmoyaviy va maslahat ko‘magini jalb etish yo‘li bilan respublikaning Jahon savdo tashkilotiga kirishi masalalarida Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlikni kengaytirish nazarda tutilgan.

Xalqimiz hamda kelgusi avlod farovonligini ta’minlash yo‘lida milliy iqtisodiy tizimni sifat jihatidan yangilash, tarmoqlarni jadal va barqaror rivojlantirish, ayniqsa, iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar asosida ravnaq toptirish bo‘yicha O‘zbekiston ko‘zlagan rejalar nazarda tutilganda, bularning barchasi naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligi yaqqol ayon bo‘ladi.

Shahriyor TURG‘UNBOYEV,
«Jahon» AA.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?