O‘zbekiston — AQSh: Farovon kelajak uchun yangi imkoniyatlar

23:43 16 May 2018 Siyosat
1409 0

“Xalq so‘zi” maxsus muxbiri Shavkat ORTIQOV Vashingtondan xabar qiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat vazirlik va idoralari, kompaniyalari hamda ishbilarmonlari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi. Tuzilgan shartnomalarning ahamiyati haqida muxbirimizga ishtirokchilardan ayrimlari quyidagilarni gapirib berdi.

Ruslanbek DAVLETOV, O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri:
— Adliya vazirligi o‘tgan yili uch-to‘rtta yirik yuridik kompaniya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygandi. Mana, bugun nafaqat AQSh, balki dunyo miqyosida juda katta nufuzga ega “Baker McKenzie” xalqaro yuridik kompaniyasi bilan kelishuv imzoladik.
Bu orqali O‘zbekistonda huquqiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarda ushbu kompaniyaning ishtirokini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ya’ni bizga juda katta tajriba hamda malakaga ega bo‘lgan ekspertlarni jalb etishda aynan “Baker McKenzie” yordamlashadi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda zamonaviy yuridik mutaxassislar, tijorat, arbitraj, xalqaro tijoriy huquq yo‘nalishlarida malakali kadrlar tayyorlashga yaqindan ko‘maklashadi.
Faqat bitta bu kompaniya emas, biz Amerika, Yevropa davlatlaridagi bugungi kunda eng ilg‘or yuridik kompaniyalar bilan ham kelishuvimizni davom ettiramiz.
Malaka oshirib, jahon tajribasini o‘rgangan, yuridik sohadagi tendensiyalarni bilgan mutaxassislarning, albatta, yurtimizdagi islohotlar jarayonidagi bevosita ishtiroki kuchayadi.

Alisher MIRSOATOV, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki boshqaruvi raisi:
— Prezidentimizning Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi doirasida qator loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Xususan, “O‘zmilliybank” AQSh eksport-import banki bilan qiymati 100 million dollarlik kredit shartnomasini imzoladi. Bu nimani nazarda tutadi? Aytish joizki, yurtimiz tadbirkorlari qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash bo‘yicha aynan AQSh moliya muassasasi krediti asosida Amerikadan yangi, zamonaviy texnologiyalar, asbob-uskunalarni sotib olishlari mumkin bo‘ladi.
Ochig‘i, mazkur nufuzli bank bilan ancha yillar davomida aloqalarimiz uzilib qolgandi. Davlatimiz rahbarining tashrifi munosabati bilan ushbu hamkorlik qayta tiklandi. Bundan ikki tomon ham mamnun.

Bahodirjon SIDIQOV, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari:
— Neft-gaz sohasi bo‘yicha yettita loyihani hayotga tatbiq qilish yuzasidan hujjatlar imzolandi. Asosiy maqsad AQShning ilg‘or texnologiyalarini O‘zbekiston neft-gaz sanoatiga olib kirishdir.
Eng yirik loyihalarimizdan biri, bu — gazdan metanol, metanoldan olefinlar olish loyihasi bo‘lib, uni “Honeywell” kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirayapmiz. Loyihani yurtimizning uchta hududida ro‘yobga chiqarish imkoniyati mavjud. Iqtisodiy jihatdan infratuzilmani o‘rgangach, hamkorlar bilan birgalikda uni qaysi hududda amalga oshirish bo‘yicha kelishib olib, yakuniy bir to‘xtamga kelamiz.
Bundan tashqari, biz mamlakatimizda gaz transport tizimini modernizatsiyalash bo‘yicha “General Electric” korporatsiyasi bilan ishlayapmiz. Shu maqsadda mazkur korporatsiya bilan hamkorlik bitimi tuzildi. “General Electric”ning O‘zbekistonda servis markazlarini ochish ko‘zda tutilgan.
Yana bir asosiy imzolagan loyihalarimizdan biri, bu — Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini qisman modernizatsiya qilib, yoqilg‘i-moy mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish sanaladi. Buni “Exxon Mobil” kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshiramiz. Bilasiz, ushbu kompaniya moy ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadi. Maqsad iste’molchilarga sifatli mahsulot yetkazib berishdan iborat.
Qisqasi, juda ko‘p istiqbolli loyihalar bor. Ularni amalga oshirish yurtimiz iqtisodiyotini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Den PETTERSON, “SilverLeaf International” kompaniyasi prezidenti:
— Biz O‘zbekistonning “BMB Trade Group” kompaniyasi bilan 2019 yilda Jizzax viloyatining Arnasoy hamda Mirzacho‘l, 2020 yilda Paxtakor va Do‘stlik tumanlarida agroklaster tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Shartnomaning umumiy qiymati 350 million dollarga teng. Ya’ni bu yerda paxtani yetishtirishdan tortib, to uning asosida tayyor mahsulot ishlab chiqarish hamda eksport qilishgacha bo‘lgan barcha tizimni qamrab olish ko‘zda tutilgan. Klasterlar doirasida jami 30 mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
2020 yildan loyiha dastlabki mevasini berishni boshlaydi va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, jumladan, jinsi, choyshablar ishlab chiqarilib, tashqi bozorga sotiladi.
Aytish joizki, biz mazkur kelishuvdan oldin O‘zbekiston vakillari bilan to‘rt oydan ortiq vaqt mobaynida muzokaralar olib bordik. Avvalo, mamlakatingizda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhitni, loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan hududlarning yer sharoiti, suv ta’minotini o‘rgandik. Imkoniyatlar bilan tanishdik. Har tomonlama ma’qul kelgandan keyin ishlashga kelishdik. O‘ylaymizki, bu hamkorlik yuksak natijalar beradi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?