Oʻzbekiston-Amerika xalqaro ilmiy-amaliy seminari ishtirokchilari Samarqandda

17:55 06 Noyabr 2019 Jamiyat
192 0

Ayni kunlarda Toshkent shahrida “Din va qonun ustuvorligi” mavzuida boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston-Amerika xalqaro ilmiy-amaliy seminari ishtirokchilari 6-noyabr kuni Samarqandga tashrif buyurdi.

Martabali mehmonlarni Samarqand temir yoʻl vokzalida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi jamoatchilik vakillari kutib oldi.

Seminar ishtirokchilari dastlab Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida boʻlib, bu yerda ibodat va ziyoratga kelganlar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan tanishdi. Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy haqqiga tilovat qilindi.

Shundan soʻng xalqaro seminar qatnashchilari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Markazda mehmonlarga hadisshunoslik, qurʼonshunoslik, kalom ilmi kabi yoʻnalishlardagi ilmiy tadqiqotlar, tarjimonlik va xalqaro hamkorlik borasidagi ishlar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi.

Markaz muzeyi fondidan oʻrin olgan nodir eksponatlar, qoʻlyozma manbalar nusxalari, devoriy suratlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston va Amerika ilmiy doiralari vakillari ishtirokida Samarqand shahridagi Yoshlar markazida “Dinlararo muloqot – jamiyatda tinchlik va totuvlikni taʼminlashning muhim omili” mavzuida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Kunning ikkinchi yarmida esa AQSH delegatsiyasi aʼzolari Samarqand shahridagi tarixiy obidalar jumladan, Amir Temur maqbarasi, Registon maydonini tomosha qildilar.

Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?