Oʻzbekiston – Amerika: Din va qonun ustuvorligi sohasida tajriba almashuv

09:15 05 Noyabr 2019 Jamiyat
74 0

Toshkentda 4-noyabr kuni “Din va qonun ustuvorligi” mavzusida Oʻzbekiston – Amerika ilmiy-amaliy seminari boshlandi.

Seminarda ikki mamlakatdan dinshunos olimlar, mutaxassislar, soha vakillari konfessiyalararo munosabatlarni rivojlantirish, millatlararo nizolarga qarshi kurashish, jamiyatda bagʻrikenglik muhitini rivojlantirish kabi masalalar boʻyicha oʻzaro tajriba almashmoqda.

Tadbirning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi oʻrinbosari A.Neʼmatov, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, AQSHning Global jalb qilish instituti bosh direktori Jon Boyd va boshqalar soʻzga chiqdi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda diniy erkinliklar sohasida jiddiy islohotlar amalga oshirilayotgani, diniy eʼtiqod erkinligi taʼminlanayotgani, dinlararo barqarorlik va diniy bagʻrikenglikni kuchaytirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanmoqda. Xususan, Oʻzbekiston soʻnggi 20 yilda AQSH “alohida tashvish tugʻdiradigan davlatlar roʻyxati”dan chiqargan ikkinchi mamlakat boʻldi.

Bundan tashqari, ilk bor Oʻzbekistonga BMTning din va eʼtiqod erkinligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shahid tashrif buyurdi. Ushbu tashrif natijalari diniy erkinlikni taʼminlash, diniy erkinlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazishni soddalashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni koʻzda tutuvchi Oʻzbekiston parlamenti tomonidan qabul qilingan alohida hujjatda aks ettirildi.

Seminarning birinchi kuni AQSHning Global jalb qilish instituti faxriy prezidenti Kris Saypl va boshqa din va huquq sohasi ekspertlari maʼruzalar bilan ishtirok etdi. Shuningdek, ishtirokchilar AQSHda cherkovlar va koʻp konfessiyalar uchun elektron platforma vazifasini oʻtovchi “GlocalNet” dasturi bilan tanishtirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi va AQSHning Global jalb qilish instituti hamkorligida tashkil etilgan mazkur seminar 8-noyabrga qadar davom etadi.

Malohat HUSANOVA,
OʻzA muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?