“O‘zbekiston amaliy va konstruktiv muloqotga tayyorligini namoyish etdi”

09:10 05 May 2018 Siyosat
1259 0
Foto: prezident.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on shu yilning 29 aprel — 1 may kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari muzokaralar xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik an’analariga mos holda, ochiq, sermazmun va samarali bo‘lganini qayd etdi. “Biz Turkiya Respublikasiga ulkan siyosiy, iqtisodiy va harbiy salohiyatga ega bo‘lgan, xalqaro maydonda obro‘-e’tibori tobora ortib borayotgan yirik davlat sifatida qaraymiz. Ota yurtingiz — O‘zbekistonning eshiklari sizlar kabi yaqin qardoshlarimiz uchun doimo ochiq”, dedi Prezidentimiz.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari o‘zaro hamkorlikni strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga qaratilgan Qo‘shma bayonotni imzoladi. Ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik sheriklik oliy kengashi tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mamlakatlarimiz mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari bir-biriga o‘xshash yoki yaqinligini qayd etib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldi.

Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport-logistika, sanoat, energetika, ilm-fan, ta’lim, turizm va boshqa sohalarga doir 24 ta hujjat imzolandi.
Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda qayd etilganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil oktyabr oyida Turkiyaga davlat tashrifidan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi sezilarli darajada o‘sdi. Jumladan, o‘tgan yili davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foiz ortib, 1,5 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq tadbirlar yuzasidan kelishib olindi.

O‘zbekiston Turkiya bozoriga yengil sanoat, kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, charm-poyabzal va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilishni kengaytirishga tayyor. Bu borada Istanbul shahrida ochilgan O‘zbek — Turk savdo uyining yordami katta bo‘ladi.

Muzokaralarda transport kommunikatsiyalari va tranzit sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, Boku — Tbilisi — Kars temir yo‘li o‘zaro savdo aloqalari uchun ulkan imkoniyatlar yaratishi qayd etildi. Shu jihatdan tranzit tariflarini yanada maqbullashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Ikki mamlakat rahbarlari ishtirok etgan “O‘zbekiston — Turkiya” ishbilarmonlari biznes forumi doirasida umumiy qiymati 3 milliard dollarga teng 50 dan ortiq yangi investitsiyaviy qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Rejep Tayyip Erdo‘g‘on O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida nutq so‘zlagani muhim voqea bo‘ldi. Turkiya rahbari yana bir karra davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etib, tashrif o‘zaro aloqalarni yangi mazmun bilan boyitishini bildirdi. Tomonlar mamlakatlarimiz belgilab olgan taraqqiyot yo‘lini qat’iy qo‘llab-quvvatlagan holda amaliy munosabatlarni chuqurlashtirishga, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga, ishlab chiqarish, energetika, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani rivojlantirish sohalarida sheriklikni yanada faollashtirishga harakat qilishadi. “Iqtisodiy hamkorligimizning o‘sishi oxirgi yillardagi muloqotlarimizning natijasi bo‘ldi. Bu biz to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimizdan dalolatdir. Natijalar ko‘zga yaqqol tashlanmoqda. Turk ishbilarmonlari O‘zbekistonga intilishmoqda. Bu yerda turk firma va kompaniyalari hamda sayyohlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda”, dedi Erdo‘g‘on. U O‘zbekistonda turizm istiqbolli sohalardan biri ekanligini qayd etdi.

O‘zaro hamkorlik aloqalari chuqurlashayotgan bir sharoitda Toshkent Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi faoliyatida ishtirok etishini bildirdi. Kengashning bosh qarorgohi Istanbulda joylashgan bo‘lib, yurtimiz kengashning Bishkek sammitida qatnashadi. 

Tashrif yakunlari, qolaversa, chet el ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon va ekspertlik-tahliliy doiralar, shuningdek, yetakchi xorijiy ommaviy axborot vositalari fikr-mulohazalari asosida quyidagi xulosalarni bildirish mumkin:

Avvalambor, O‘zbekiston amaliy va konstruktiv muloqotga tayyorligini, har qanday masalani muhokama qilishga ochiqligini namoyish etdi. Mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi faoliyatida ishtirok etishi buning yaqqol tasdig‘idir. O‘zbekistonning mazkur tashkilot faoliyatida qatnashishi ushbu tuzilmani xalqaro maydonda turk dunyosi manfaatlarini ilgari suradigan to‘laqonli tashkilotga aylantiradi. 
Ikkinchidan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq va vazmin tashqi siyosati nafaqat O‘zbekistonning, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi manfaatlariga xizmat qiladi. Anqara Markaziy Osiyoda siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda Toshkentning rolini teran anglaydi.

Uchinchidan, O‘zbekiston rahbarining ichki va tashqi siyosiy strategiyasi nafaqat mamlakatning siyosiy nufuzini oshirdi, ayni paytda respublikani iqtisodiy va investitsiya nuqtai nazaridan jozibador hududga ham aylantirdi. Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘onga Turkiya ishbilarmon doiralarining 300 dan ortiq vakillari hamrohlik qilgani buning yaqqol tasdig‘idir.

To‘rtinchidan, Anqara O‘zbekiston bilan turizm sohasidagi har tomonlama kooperatsiyani kengaytirishga qaror qildi. Turk ziyoratchilarini Haj va Umra ziyoratiga otlanishdan oldin O‘zbekistonga jo‘natish masalasi ko‘rib chiqilayapti. Binobarin, bundan 100 — 150 yil muqaddam turklar Makka va Madinaga borish uchun avval Buxorodagi qadamjolarni ziyorat qilishni ezgu amal, deb bilishgan. Yaqin vaqt ichida O‘zbekiston turk ziyoratchilari uchun muqaddas qadamjolardan biriga aylansa, ajab emas. Qayd etish kerakki, mamlakatimizga Turkiyadan tashrif buyuruvchilar soni jadal ko‘payib bormoqda. Rasmiy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida Turkiya uzoq chet davlatlardan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchilar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Yurtimizga ushbu davrda kelgan xorijliklarning 10 foizdan ortig‘i aynan ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi. Ishonchimiz komilki, Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning Buxoroga ziyoratidan so‘ng Turkiyadan sayyohlar oqimi yanada ko‘payadi.

Beshinchidan, Turkiya rahbariyati iqtisodiy va siyosiy manfaatlaridan tashqari, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan milliy-ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni tiklash, jamiyatda islom dinining rolini oshirishga alohida e’tibor berilayotganiga xayrixohlik bilan qaramoqda.

Umuman, Anqara bilan pragmatik va konstruktiv munosabatlarning yanada rivojlanishi O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro maydonda, ayniqsa, turli ezgu tashabbuslarni ilgari surishda mavqeini yanada mustahkamlaydi.

Bahrom SOTIBOLDIYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim rahbari.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?