“Oʻzbekiston-Afgʻoniston” chegara savdo zonasi ochildi

11:48 27 May 2019 Jamiyat
326 0

Termiz shahrida Oʻzbek-Afgʻon biznes-forumi hamda “Oʻzbekiston-Afgʻoniston” chegara savdo zonasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bundan koʻzlangan maqsad Afgʻoniston hamkorlari bilan barqaror va uzoq muddatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish, shu bilan birga, afgʻon bozoriga mahalliy mahsulotlar eksportini yanada kengaytirishdir.

Taqdimot marosimida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari B. Abidov hamda Afgʻoniston sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari M. Yurish mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aloqalarini faollashtirish boʻyicha ijobiy tendensiyalarni alohida taʼkidlab oʻtishdi.

Chet ellik mehmonlar toʻqimachilik, teri va poyabzal, farmatsevtika, neft-kimyo, metallurgiya va elektrotexnika, qurilish materiallari hamda eksportga moʻljallangan boshqa mahsulotlar koʻrgazmasida ham boʻlib, Oʻzbekistonning sanoat salohiyati bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Biznes-forum doirasida Afgʻoniston delegatsiyasi bilan ikki tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi. Unda savdo zonasi tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan toʻliq foydalanish hisobiga oʻzaro savdo hajmini tez surʼatlarda rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilindi.

Afgʻonistonning oltmishdan ziyod kompaniyalari vakillari ishtirok etgan tadbir yakunida Oʻzbekistondan neft-kimyo, toʻqimachilik, oziq-ovqat mahsulotlari hamda qurilish materiallarini yetkazib berish boʻyicha bir qator eksport kelishuvlariga erishildi va shartnomalar imzolandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?