Deputat: “Oʻzbekiston 24” o'zgarishi shart

22:03 30 May 2020 Siyosat
406 0

Mamlakatimizda axborot uzatish, jurnalistika sohasida katta islohotlarga qadam qoʻyildi. Muntazam ravishda rasmiy, ishonchli, aniq maʼlumotlarni kechayu kunduz berib borish, aholini mamlakatdagi jarayonlardan xabardor qilish maqsadida Prezident qarori bilan “Oʻzbekiston 24” telekanali tashkil etildi. Telekanal mamlakatdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy va sport sohalarida yuz berayotgan hodisalarni tezkorlik bilan yoritib borishi, shuningdek, telekanalning xorijda ham muxbirlik punktlariga ega boʻlishi maqsad qilindi. “Oʻzbekiston 24” SD va HD formatlarida raqamli efir ijtimoiy paketiga kiritilishi, uning HD formatidagi translyatsiyasi mamlakatda ushbu formatga toʻliq oʻtilgunga qadar parallel ravishda UzHD kanalida ham amalga oshirilishi maʼlum qilindi.

Oʻsha kundan eʼtiboran barcha viloyatlardagi telekanal boʻlimlari ham jiddiy ishga kirishdilar. Kuzatib boryapmizki, kanal doimiy ravishda dolzarb mavzularda oʻtkir materiallarni, koʻrsatuvlarni tayyorlab efirga bermoqda. Rasmiy maʼlumotlar, suhbatlar, brifinglar, kinofilmlarni qiziqish bilan koʻradiganlar koʻp. Tomoshabinni mushohadaga chorlovchi koʻrsatuvlar ham berib borilmoqda. Ayniqsa, yaqindagina tomoshabinlar eʼtiboriga havola qilingan “Ilhaq” filmi koʻplarda chuqur taassurotlar qoldirdi. Shaxsan oʻzim doimiy ravishda televizorimni “Oʻzbekiston 24” ga sozlab qoʻyaman.

Telekanalning barcha xodimlariga, jurnalistlarining mehnatlarini eʼtirof etgan holda, katta minnatdorchilik bildirib, doimiy tomoshabin sifatida ayrim mulohazalarimni bildirib oʻtmoqchiman.

Bir necha kun muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda bir mavzu keng muhokama qilindi, “Oʻzbekiston 24” telekanalining saviyasi borasida koʻp fikrlar bildirildi. Bu fikrlarning hammasiga qoʻshilib boʻlmasa-da, umumiy ohangda bildirilgan eʼtiroz oʻrinli edi.

Asosiy bildirilgan eʼtirozlar kanalning axborot uzatish sohasida tutgan yoʻliga nisbatan bildirilgan edi. Darhaqiqat, “Oʻzbekiston 24” axborot berish tizimini oʻzgartirishi zarur. Kanalning boshqa aksariyat koʻrsatuvlari haqida umumiy eʼtiroz bildirayotganimiz yoʻq, axborot sohasida ham eng ishonchli, rasmiy manba sifatida hurmat qilamiz. Lekin tezkorlik masalasida oqsayotgani namoyon boʻlib turibdi. Baʼzan ayrim voqea, xabarlar haqida muddati oʻtgandan keyin ham axborot beriladi. Bu vaqtda qanchadan-qancha boshqa xabarlar oqimi tarmoqlarda oqib kelayotgan, jarayonlar kechayotgan boʻladi...

Tanqidiy munosabatlarda tilga olinganidek, goʻyoki jahonda, Oʻzbekistonda boshqa hayot oqimi kechayotgandek, “Oʻzbekiston 24” da esa tinch, osuda boshqa hayot kechayotgandek tasavvur uygʻotishi ham mumkin. Toʻgʻri, mamlakatda kechayotgan ijobiy jarayonlarni albatta berish kerak, yutuqlarimizni koʻrishimiz kerak, odamlarda amalga oshirilayotgan islohotlardan boxabarlik, kelajakka ishonch ruhi paydo boʻlishi kerak. Shu bilan birgalikda, hayotiy materiallar, kamchiliklarimizni ham koʻrishimiz kerak. Birov qiyshiq oyna olib bizga tutganidan koʻra, toʻgʻri oynani oʻzimiz olib yuzimizni koʻraylik.

Bugun axborot asrida yashayapmiz, gazeta-jurnallarda axborot tezkorligida internetga yeta olish imkoniyati yoʻqdir, biroq televideniyeda unga bas kelishga imkon bor. Teng kelganda ham ishonchli, rasmiy maʼlumot berish imkoni bor.

Voqea joyiga borib xabarlar tayyorlash, tezkorlik bilan uzatish ham mumkindir. Lekin bu telekanal tahliliy materialga koʻproq oʻrin bersa, yaxshiroq natijaga erishiladi. Agar xabar tezkorligi, muhimligi jihatidan ahamiyatini yoʻqotgandan keyin ham efirga uzatiladigan boʻlsa, kimningdir manfaatiga xizmat qilayotganday tasavvur uygʻotishi ham mumkin.

Bu kanal ochilganda juda yaxshi maqsadlar qoʻyilgan, 24 soat davomida vatanimizda kechayotgan jarayonlar, yoniq nuqtalardan xabarlar tinimsiz uzatib turilishi nazarda tutilgan. Sohani isloh qilish kerak.

Bugungi kunda televideniye, bizningcha, eng ilgʻor axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega. Raqamli televideniye joriy etilishi teletomoshabin ekran qarshisida qaysi kanalni qancha minut koʻrib, keyin chiqib ketganini ham aniqlash imkoniyati yaratildi. Bir kunda kanalni nechta odam koʻrayotganini bilsa boʻladi. Birov koʻrmayotgan kanallarni yopish fikri, taklifi ham beriladi baʼzan. “Oʻzbekiston 24” kanali ana shu imkoniyatdan foydalanib, oʻz reytingini baholashi, agar tomoshabinlari boshqalarnikidan kam boʻlsa, oʻz ustida ishlashi kerak.

“Oʻzbekiston 24” davlat siyosatini toʻgʻri aks ettiruvchi, vatandoshlar hayotidan hikoya qiluvchi rostgoʻy kanal, biz uning kelajagiga, yagona eng kuchli kanal boʻlishiga ishonamiz. Balki kadrlar siyosatini oʻzgartirish kerakdir, balki maqsadlarni boshqacharoq qoʻyish kerakdir. Uni takomillashtirish esa davr talabidir.

Gulbahor SAIDGʻANIYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?